Endi Sheyxon qishlogʻining oʻz maktabi bor

14:36 02 Mart 2023 Jamiyat
621 0

Foto: Xalq so‘zi

Yaqin-yaqinga qadar Buxoro tumanidagi Sheyxon qishlogʻida yashovchi maktab yoshidagi oʻgʻil-qizlar chamasi besh kilometr yoʻl bosib, Rabotiqalmoq va Xalachdagi 18 –, 29- maktablarga va hatto qoʻshni Jondor tumani hududidagi 43 – umumtaʼlim maktabiga qatnab oʻqishar edi.

Nihoyat, bu holga barham berildi. Aholining talab va istaklaridan kelib chiqqan holda Sheyxonning oʻzida 528 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan zamonaviy maktab binosi barpo etildi. 150 oʻrinli oshxona, sport zali, faollar zali, kutubxona, koʻrgazmali oʻquv qurollari bilan jihozlangan fan kabinetlari, laboratoriya xonalari, oʻquvchilarga kasb-hunar oʻrgatishga moʻljallangan texnologiya xonalaridan iborat butun boshli majmua qurilishi uchun 15 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi. Bu davlatimizning eng chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan aholiga koʻrsatayotgan eʼtibori, yoshlarning sifatli taʼlim olishlari uchun zarur shart – sharoitlar yaratib berayotgani namunasi, albatta.

Yana bir eʼtiborli tomoni shundaki, 46-umumtaʼlim maktabi sifatida hudud xaritasiga kirgan bu ilm dargohi nafaqat bugunni, balki ertangi kunni ham oʻylab barpo etildi. Oʻquvchi oʻrnining koʻpligi bu goʻshada uzoq yillar davomida saboqlarni bir smenada oʻtish, darsdan tashqari toʻgaraklar faoliyatini, yoshlar iqtidorini yuzaga chiqarishga qaratilgan turli yoʻnalishdagi mashgʻulotlarni oqilona yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

Yangi maktabning tantanali tarzda oʻtgan ochilish marosimida soʻz olganlar qishloq aholisini zamonaviy bilim maskani bilan muborakbod etgan holda, pedagoglar hukumatimiz yaratib bergan zamonaviy qulayliklardan samarali foydalanishadi, deya ishonch bildirdilar.

Istam IBROHIMOV,  «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?