Elektron sigaretalar taqiqlanadimi? Bobur Bekmurodov oʻzining jiddiy xavotirlarini bildirdi

12:35 07 Yanvar 2025 Siyosat
507 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida kelajak avlod sogʻligʻini saqlash va millat genofondini sogʻlomlashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. Mutaxassislar elektron sigaretalarda 80 xil zararli kimyoviy birikmalar mavjudligini taʼkidlashmoqda. Bu moddalar organizmda nikotinga qaramlikni oshirishi, yoshlarning miya shakllanishiga zarar yetkazishi va intellektual qobiliyatni pasaytirishi mumkin.

Qonun loyihasi Oʻzbekistonda elektron sigaretalar va nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining muomalasini (ishlab chiqarish, saqlash, tashish, savdo va import) toʻliq taqiqlashni nazarda tutadi. Shuningdek, noqonuniy muomalaga kiritish holatlari uchun javobgarlik belgilanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu qonun loyihasi sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan.

Muhokamada deputat Bobur Bekmurodov shunday fikrlarni bildirdi: “Elektron sigaretalarning zarari haqida koʻplab tadqiqotlar mavjud, ammo bunga talab ham bor. Elektron sigaretalar mamlakatga kirib kelyapti va rasman sotilyapti. Shuningdek, ushbu mahsulot savdosi bilan shugʻullanayotgan shaxslar soliq toʻlayapti. Bu esa qaysidir maʼnoda moddiy manfaat olib kelyapti. Taqiqlash orqali elektron sigaretalar savdosini noqonuniy aylanmaga aylantirib qoʻymaymizmi? Bu soha yana bir xufiyona iqtisodiyot sohasiga aylanishi haqida ham oʻylab koʻrish kerak.”

Qonun tashabbuskorlariga koʻra, Oʻzbekiston aholisining 6,6 foizi tamaki mahsulotlarini isteʼmol qiladi. Erkaklar orasida bu koʻrsatkich 13,2 foizni, ayollar orasida esa 0,4 foizni tashkil qiladi. Qonun qabul qilinsa, tamaki mahsulotlarini nazorat qilish boʻyicha ijro organlariga katta imkoniyatlar, Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayorovning taʼbiri bilan aytganda “qoʻlini yechgan” boʻladi.

Deputatlar ushbu qonunning qabul qilinishi orqali sogʻliqni saqlashga katta hissa qoʻshilishini taʼkidladilar. Shuningdek, deputatlar ushbu qonun loyihaning qabul qilinishi iqtisodiyot va turizmga koʻrsatishi mumkin boʻlgan taʼsiri haqida ham oʻz fikrlarini bildirdi.

Qonun loyihasi yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va zararli odatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu qaror kelajak avlodning salomatligini saqlash uchun muhim qadam boʻlishi kutilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi. Kelgusida qonunning ijrosi orqali aholining sogʻlom turmush tarziga oʻtishiga koʻmaklashuvchi chora-tadbirlar kengaytirilishi rejalashtirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?