“Eksport uch qadamda” loyihasi — amalda

16:36 13 Iyun 2024 Iqtisodiyot
456 0

“Ohangaron quvur metallurgiya zavodi” korxonasida Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda viloyat bojxona boshqarmasi rahbari Qahramon Umarov boshchiligida bir guruh bojxona xodimlari bilan tadbirkorlar, eksportyor va qayta ishlash korxona rahbarlari uchun ochiq muloqot tashkil etilib, Savdo-sanoat palatasi va Soliq boshqarmasi masʼul xodimlari ham ishtirok etishdi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi,mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari uchun bojxona sohasida yaratilayotgan yengilliklar, qulayliklar, xususan “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi, “Eksport uch qadam” tizimining afzalliklar toʻgʻrisida xabardor etish, muammolarni esa joyida hal etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Raqamlarga koʻra, joriy yilning 5 oyi davomida 35 ta tashkilot tomonidan 611 partiyadagi, ogʻirligi 155,53 ming tonna, qiymati 81,56 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan tovarlar “qayta ishlash rejimiga” rasmiylashtirilgan boʻlib, 2 ming 768 partiyadagi, ogʻirligi 112,72 ming tonna, 140,47 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan tovarlar qayta ishlashdan soʻng eksportga olib chiqilgan.

“Eksport uch qadamda” loyihasi ishga tushgandan soʻng bugungi kunga qadar Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufidagi chegara bojxona postlarida “Eksport uch qadamda” tizimi orqali 155 ta deklaratsiyalar rasmiylashtirilgan boʻlib, ushbu deklaratsiyalarni rasmiylashtirish uchun oʻrtacha 15-20 daqiqa vaqt sarflandi.

Korxona mutasaddilari bilan oʻtkazilgan suhbat davomida tadbirkorlarning sohaga oid taklif va fikrlari, ularning mavjud muammolari oʻrganildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?