Dunyoga yuz ochgan “Vatan”

Akmal MUHAMMADOV “Xalq soʻzi” olgan surat.
“Vatan” ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-maʼrifiy jurnali ingliz tilida ham chop etila boshlandi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida oʻtgan yildan boshlab “Vatan” ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-maʼrifiy jurnali nashr qilinayotganidan koʻpchilikning xabari bor. Endigina toʻrtta soni dunyo yuzini koʻrganiga qaramay, jurnal bir-biridan qiziqarli va dolzarb mavzulardagi materiallari, nafis dizayni bilan oʻquvchilar eʼtiborini qozonib, ommaviy axborot vositalari orasida oʻz oʻrnini topishga ulgurdi.

Joriy yilning 19-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Vatan” ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-maʼrifiy jurnalining ingliz tilidagi maxsus soni taqdimoti oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakillari, faxriy diplomatlar, videokonferensaloqa orqali Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik korpusi va vakolatxonalari rahbarlari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, shuningdek, ilmiy va akademik muassasalar, xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy va mahalliy OAV vakillari, universitet professor-oʻqituvchilari, talabalari qatnashdi.

Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev ochar ekan, ushbu nashrning ahamiyatini taʼkidlab, jurnal ichki va tashqi siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, sanʼat, tarix sohalaridagi muhim masalalarni muhokama va tahlil qilish minbariga aylanganini qayd etdi.

Jurnalning ingliz tilida chop etilishi esa yangi Oʻzbekiston qiyofasini ilmiy-akademik formatda xalqaro hamjamiyatga namoyish etishda muhim vositaga aylanmoqda.
— Xoʻsh, qanday ehtiyoj sabab jurnalni ingliz tilida ham chop etish yoʻlga qoʻyildi? Bu Prezidentimizning jahon media olamida oʻzbek milliy kontentini yanada rivojlantirish borasida bergan topshiriqlari ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda, — deydi Oliy Majlis Senati aʼzosi, jurnal bosh muharriri Husan Ermatov. — Jurnalimiz olimlar, siyosatchilar, ilmiy tadqiqotchilar, tahlilchilar uchun oʻz gʻoya va qarashlarini ifoda etishda yaqin koʻmakchi oʻlaroq maydonga chiqdi. Nashr barcha uchun ochiq.

Tadbir ishtirokchilari jurnalning ingliz tilidagi maxsus sonining video taqdimoti bilan tanishdi.
Jurnal sahifalaridan Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, mintaqaviy hamkorligi va xalqaro maydondagi oʻrni, tarixi, buguni va ertasi borasida keng va chuqur mushohada bilan yozilgan maqolalar oʻrin olgan. Ingliz tilidagi maxsus son sahifalari ozarbayjon shoiri Akif Bagʻirning “Oʻzbek kelayotir...” nomli tantanavor sheʼri bilan boshlanadi.

Sahifalarda Germaniyadagi nufuzli “Berliner Zeitung” nashrining siyosiy sharhlovchisi, Geosiyosat boʻlimi rahbari Tomas Fasbenderning siyosatshunos Qudratilla Rafiqov bilan suhbati chop etilgan. “Oʻzbekistondan «Yangi Oʻzbekiston”gacha: yoʻqotilgan qalbni izlab...» sarlavhali ushbu suhbatda mamlakatimizning yaqin oʻtmishi, buguni, kelajagi va mintaqadagi siyosiy evrilishlar haqida soʻz boradi. Bu jarayonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, xalqparvar va millatparvar siyosati, shuningdek, mintaqa miqyosidagi tashabbuslari va ularning natijalari tahlil etilgan.
“Eksklyuziv intervyu” rukni ostida berilgan Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozodaning jurnal muxbiriga bergan intervyusi ham eʼtiborli. “Oʻzbekiston — doimo yuragimda!” sarlavhali ushbu material Kavkaz musulmonlari idorasi raisining yurtimizga mehr-muhabbati, Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar, mamlakatimiz yetakchisining jahon minbarlarida ilgari surayotgan tashabbus va gʻoyalari haqidagi fikrlari, dil soʻzlari bayon qilingan.

“Tahlil va taqqos” ruknidan esa Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning “Mamlakatimiz IT-HUBga aylanmoqda” sarlavhali tahliliy maqolasi oʻrin olgan boʻlib, unda keyingi yillarda axborot-kommunikatsiya tizimi mamlakatimiz iqtisodiyotining “drayver”iga aylangani, sohani rivojlantirish yoʻlidagi qadamlar dadillashgani haqida soʻz boradi.
Qisqacha aytganda, jurnalda milliy oʻzlikni anglash, Oʻzbekistonning global miqyosdagi mavqeyini koʻtarish, yurtdoshlarimizda tarixiy merosga munosabatni yangilash kabi dolzarb mavzular qamrab olingan. Mazkur nashr Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosati landshaftini tushunishda qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi.
Taqdimotda har bir mehmonga “Vatan” jurnalining maxsus soni taqdim etildi.
Tadbir Navroʻz sayliga ulanib ketdi.
Dilshod KARIMOV (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring