Grippdan dunyoda yiliga 650 ming nafarga yaqin inson vafot etadi - Mutaxassis tavsiyalar berdi

Grippga qarshi vaksinalarning taʼsir kuchi bir yilgacha yetadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekov maʼlumot berdi.
"Kuzning birinchi oyi yarimlab qoldi. Hademay yogʻingarchilik mavsumi boshlanib, havo harorati sezilarli darajada pasayadi. Bu — gripp va oʻtkir respirator virusli infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay davr. Koʻtarilish mavsumi esa odatda noyabr oyidan boshlanib, mart oyigacha davom etadi.
Gripp virusining xavfli jihatlari va asoratlari koʻpchilikka maʼlum: bu kasallik qon tomirlari devorlarining himoya qobiliyatini susaytirib yuboradi. Shu sababli infeksiyalar qon oqimi orqali ichki organlarga yetib borib, yalligʻlanish oʻchoqlarini hosil qiladi.
Oqibatda u pnevmoniya, bronxit, yuqori nafas yoʻllarining ikkilamchi bakterial infeksiyalari, asab va yurak-qon tomir tizimi hamda qandli diabet kabi xastaliklarni keltirib chiqaradi. Eng yomoni, ushbu darddan oʻz vaqtida davolanmaslik oʻlim holatlariga ham sabab boʻlishi mumkin.
Bu borada Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tahliliy hisoboti bor. Unga koʻra, dunyo boʻyicha yiliga 650 ming nafarga yaqin inson mavsumiy grippdan vafot etadi.
Albatta, kasallikni davolashdan koʻra, uning oldini olgan afzal! Xoʻsh, bu borada qanday muhim tavsiyalar bor?
Avvalo, immun tizimini mustahkamlash lozim. Shunda organizmning turli kasalliklarga nisabatan himoya qobiliyati oshadi. Qolaversa, grippdan ishonchli himoyalanish uchun unga qarshi emlanish — eng toʻgʻri va oqilona usul.
Chunki vaksina xavfsiz va yuqori taʼsirga ega. Yillik kasallanish va oʻlim holatlarini yetarlicha kamaytiradi. Yaʼni zamonaviy grippga qarshi emlash vositalarining samaradorligi 90 foizga teng.
Binobarin, bunday vaksina organizmda 15 kun ichida grippga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Taʼsir kuchi 1-yilga yetadi.
Emlashdan oldin shifokor tomonidan, albatta, emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga koʻra vaksinatsiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Yaʼni, emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yoʻllari yalligʻlanishi kabi kasalliklardan tamoman sogʻlom boʻlishi kerak.
Shuningdek, vaksina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik taʼsirchanlik darajasi ham tekshiriladi.
JSST ushbu virusga qarshi, birinchi navbatda, homilador ayollar, 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar, keksa yoshli insonlar (65 yoshdan katta), surunkali kasalliklari bor bemorlar va tibbiyot xodimlarini emlashni tavsiya etadi", deydi mutaxassis.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring