Dunyo sivilizatsiyasi poytaxti

Jahonda shunday maskanlar borki, ularning nomini eshitsangiz, yuragingiz bir hapriqib tushadi, goʻyo umringiz mazmuni shu bilan bogʻliqdek, hayotingiz shu nom bilan payvastadek his qilasiz.
Samarqand — ana shunday tabarruk maskan.
Shu kunlarda dunyo boʻylab tarqalgan xushxabar turkiy olamni toʻlqinlantirdi, yuraklarni gʻururga toʻldirdi, koʻngillarga nur berdi. Bundan uch ming yil oldin bu muqaddas zaminda yirik shahar shakllangani Yer yuziga ovoza boʻldi!
Bu olamning jannati
Ilgari Samarqand viloyatining Urgut tumanidan Miloddan avvalgi XIII asrga, yaʼni bronza davriga oid qabrdan hayvon suyagidan yasalgan 3 ming yillik nay topilgan boʻlsa, endilikda Oʻzbekiston — Fransiya qoʻshma ekspeditsiyasi aʼzolari — tarix fanlari doktorlari, professorlar Muhammadjon Isomiddinov, Mutallibjon Hasanov hamda Lozanna universiteti professori Klod Rapen tomonidan Koʻktepa va Afrosiyobdan qoʻlga kiritilgan materiallar asosida Samarqand shahrining shakllanish davri 3 ming yilga teng degan xulosaga kelindi.
Qadimgi Soʻgʻd, Xorazm, Baqtriya, Kushon, Parfiya, Eftalitlar davlatlari mehvari — Samarqand timsolida koʻplab tarix va haqiqat, afsona va rivoyatlar mujassam. Uning Rim, Afina, Bobil kabi qadim shaharlardan ham tarixi poydorroq.
Dunyo kahkashonida yulduzlar aro quyoshday charaqlab turgan betakror maskan Samarqand jahonga buyuk mutafakkirlar, olimlar, shoirlar va meʼmorlarni yetishtirib bergan Movarounnahrning oltin beshigidir. Bu maʼvo olim-u fuzalo, ulugʻ allomalar, sayyohlar tomonidan “Sharq bogʻi erami”, “Zamin gavhari”, “Jahon gulshani”, “Sharq marvaridi” deb taʼriflangan.
“Podshohlar Samarqand tuprogʻini koʻzlariga surma kabi surar edilar”, deb yozadi Abu Tohirxoja oʻzining “Samariya” kitobida.
“U dunyoda jannat bor, lekin bu dunyoning jannati Samarqanddir. Samarqand Yer yuzining marvarididir”, deya taʼrif beradi Abu Rayhon Beruniyning zamondoshi Abu Mansur as-Saolibiy.
Bu diyorni “Al-madina al-mahfuza”, yaʼni farishtalar qoʻriqlovchi shahar, deya taʼrifladi tarixchi Abdul Hakim Samarqandiy.
Samarqand... Bu muqaddas zaminda buyuk davlatga asos solgan, olamni tebratgan, nomi yetti iqlimga ketgan sohibqiron Amir Temur ruhi uygʻoq.
Oʻzining mahobatli oʻtmishi, saodatli buguni va nurli kelajagi bilan Yer yuziga sayqal berib turgan Samarqand hamisha asrlar ardogʻida, dunyo siyosatdonlari nigohida boʻlib kelgan.
Bu tabarruk zaminga oʻsha davr sultonlari, qirol va hukmdorlar poyqadami yetgan. Azim kentda tinchlik bitimlari tuzilgan, vayronkor urush va bosqinchiliklarga barham berilgan.
Bugun tarix yana takrorlanmoqda. Dunyoning manaman degan davlatlari rahbarlari Prezidentimiz tashabbusi bilan qadimiy Afrosiyob shahristoni yaqinida bunyod etilgan “Boqiy shahar”ga tashrif buyurib, davr ziddiyatlariga birgalikda yechim izlamoqda. Bu yerda oliy darajadagi uchrashuvlar bardavom boʻlmoqda. Xususan, joriy yilning noyabr oyida Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi boʻlib oʻtadi. 40-yildan ziyodroq davr mobaynida faoliyat koʻrsatayotgan bu nufuzli tashkilotning oliy darajadagi anjumani birinchi marta Parijda emas, Samarqandda oʻtkazilishi tarixiy voqelikdir.
Bugungi latofatga monand ulugʻvor oʻtmish
Samarqand arxeologiya instituti direktori Moʻminxon Saidovning qayd etishicha, qadim Samarqand Gʻarbda Vizantiya, Janubda Vavilon, Shumer, Hind, Sharqda Xuanxe, Yanszi, Shimolda Sahroi Nomad madaniyatini birlashtirishda oltin koʻprik vazifasini oʻtagan. Ulugʻ ulamolar mangu qoʻnim topgan Chokardiza qabristoni Madinadagi Boqiya va Makkadagi Muallo qabristonlari qatoridadir.
Qadimiy “Avesto” kitobida miloddan avvalgi X — VII asrlarda Samarqand Soʻgʻd davlatining poytaxti sifatida keltiriladi. Xitoy yilnomalarida aytilishicha, VI — VIII asrlarda Samarqandda “Adolat uyi” nomli ibodatxona faoliyat koʻrsatgan. Unda turkiy tilda yozilgan qonunlar saqlangan boʻlib, barcha muammo shu qonunlar asosida hal qilingan.
Chili yozuvchisi Pablo Neruda shunday deb yozdi: “Men jahondagi deyarli hamma mamlakatlarda boʻlganman. Lekin Oʻzbekistonda mening doʻstlarim koʻp. Oʻzining ajoyib madaniy va qadimiy yodgorliklari bilan dunyoga mashhur boʻlgan shahar, ayniqsa, Registon hayratda qoldirdi. Bu arxitektura ansambli musulmon Sharqida koʻrgan jamiki narsalarimdan oshib tushdi. U Oʻrta Osiyo xalqlarining yuksak madaniyatidan dalolat beradi. Men bolalik chogʻlarimdanoq bu qadimiy shaharda boʻlishni orzu qilardim. Orzuim ushalganidan behad xursandman. Odamlaringiz juda mehmondoʻst!”
YUNESKOning 1987 — 1999-yillardagi Bosh direktori Federiko Mayor Samarqand haqida shunday yozgan edi: “Xayolot sari yetaklaydigan nomlar orasida tasavvurimizni rom etadigan bir nom bor, u ham boʻlsa Samarqanddir. Bu nom yorqin, serjilo, mushk-anbar, xayolot saroylari, karvonlar gʻulgʻulasi, bokira sas va anglanmagan hissiyotlar girdobidan hosil boʻlgandek goʻyo... 1995-yilda men orzuni voqelik bilan qiyoslash imkoniga ega boʻldim. Samarqand naqadar goʻzal. Qay biri bilan — uning ulugʻvor oʻtmishi bilanmi yoki bugungi latofati bilanmi koʻproq hayratlanishingni bilmaysan...”
Buyuk Turon hududida necha minglab yillar davomida yuksak madaniyat gullab-yashnadi, qudratli davlatlar barpo etildi. Qadim zamondan ushbu zamindan oʻtgan turli karvon yoʻllari, millatlararo aloqalar, savdo-sotiq, hunarmandchilik, ilm-fan, adabiyot va sanʼat Buyuk Ipak yoʻlining jon tomiri boʻldi.
X asr oʻrtalarida Samarqandda boʻlgan arab sayyohi Ibn Havqal: “Koʻm-koʻk daraxtlar, ajoyib saroylar, suv oqib turgan ariqlar... Samarqand — katta bozorlarga ega boʻlgan eng yirik shaharlardagidek, qator mahallalar, hammomlar, saroylar, karvonsaroylar joylashgan shahar. Unga qisman qoʻrgʻoshindan qilingan kanal suvi oqib kiradi. Bosh machit Shahristonda, undan pastroqda esa qalʼa joylashgan”, deb yozadi.
Har safar Samarqand zaminiga yoʻlimiz tushar ekan, bu muqaddas goʻshaga, afsonalar maskaniga ilk marotaba kelayotganday hayajonlanamiz. Muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlaridan hayratlanamiz.
1991-yilning bahori edi. Hali Oʻzbekiston mustaqil deb eʼlon qilinadigan tarixiy sanaga besh oy vaqt bor, lekin davr charxpalagi shunga qarab shitob bilan olgʻa bormoqda. Oʻsha paytda bir necha xorij davlatlari olimlari tomonidan tashkil etilgan “Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro ekspeditsiyasi qatnashchilari Samarqandga kelib, mahobatli madrasalar-u muazzam minoralarni, tarixiy obidalarni, qoʻshni Tojikistonga qarashli Panjakentdagi bir necha ming yillik sivilizatsiya qoldiqlarini koʻzdan kechirishgach, Urgutda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun konferensiya oʻtkazildi. Unda ekspeditsiya hamraisi, pokistonlik olim Ahmad Hasan Doni shunday lutf qildi:
— Albatta, dunyoda muqaddas maskanlar, buyuk tarixga ega boʻlgan shaharlar koʻp. Lekin bu yerga kelib, haqiqatan ham, Samarqand dunyo sivilizatsiyasining markazi ekanini oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik...
Pokistonlik olimning yuksak eʼtirofi, Samarqand shaʼniga berilgan bunday baho yuragimizni toʻlqinlantirib yubordi, qarogʻimizda yosh halqalandi...
Albatta, qaysi zamon va makonda boʻlmasin, Samarqand afsonaviy shahar sifatida tilga olingan. Bu ertakmonand kentga bir bor kelish, uni bir bor tavof qilish dunyo ahlining eng ezgu orzusi boʻlgan.
Sohibqiron Amir Temur oliy martabali mehmonlarni qabul qilish uchun Konigilda ulkan sayilgoh barpo qildirdi. Vaqtiki keldi, Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyuradigan oliy martabali mehmonlar uchun 200 gektardan ziyod maydonda “Boqiy shahar” majmuasini bunyod qildirdi. Bu yerda milliy hunarmandchilik ustaxonalari, milliy uslubdagi choyxonalar, Chorsu sharq bozori, xalqaro sayyohlik markazi faoliyat koʻrsatmoqda. Markaz hududida muhtasham, biri-biridan koʻrkam oʻndan ziyod inshootlar, karvonsaroy majmuasi, besh va toʻrt yulduzli mehmonxonalar aziz sayyohlar xizmatida.
Samandardek Samar shahri
Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-maʼrifiy memorial majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinovning taʼkidlashicha, Mugʻ togʻidan topilgan soʻgʻdiy hujjatlarda shahar Samarkant, qadimgi Yunon va Rim mualliflari asarlarida Marakanda, Marganda va Margandi shakllarida qayd etiladi. Arablar esa uni Samaroy deb ataganlar. Italiyalik sayyoh va adib Marko Poloning kitobida shahar Samarqan, Sarmakan va Sanmarkan shakllarida tilga olinadi. Forschada Samarqand deyilgan. Xitoyning qadimgi va Oʻrta asr yilnomalarida Samarqand shahar, viloyat va ularning hukmdorlari ham Kan yoki Samogan, Limogan, Sivingin va Saymaerkan shakllardagi atamalar bilan taʼriflanadi.
Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshgʻariy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida Samarqand “Semirqand”, yaʼni “semiz shahar” maʼnosini bildiradi, degan fikr bayon etilgan.
Bulardan tashqari, turli davrlarda bitilgan tarixiy manba va kitoblarda shahar nomi Samariana, Saramanka, Sakanna, Sanmangan, Samakiyon, Sumron, Shamarkan, Samaroy, Simroyat kabi shakllarda ham qayd etiladi.
Fanda Samarqand toponimining yuzaga kelishi va semantikasi borasida turli fikr va mulohazalar keltirilgan. Ayrim xorijiy toponomistlar shahar nomi sanskritda samariya — “yigʻin” yoki “anjuman” soʻzidan olingan degan fikrni aytgan. “Tarixi Tabariy”, “Samariya” va “Gʻiyos ul-lugʻot” asarlarining mualliflari yozishlaricha, “Samar” — podshoning nomi boʻlib, “kand” esa turkiy tilda “shahar” degan maʼnoni anglatgan. Bundan koʻrinadiki, Samarqand — Samar shahri demak.
Samarqand balandda joylashgan shahar maʼnosini anglatadi va “Samar” soʻzi unda balandlikka ishora deb tushuniladi. Samarqand “Baland shahar” deb tarjima qilinsa, toʻgʻriroq boʻladi, deydi mutaxassislar. Samarqandning Chingizxon bosqinidan oldingi geografik oʻrni — Afrosiyob boʻlib, Amir Temur tomonidan uning quyi qismida barpo etilgan Samarqand nomi ana shu koʻhna kent — Afrosiyob bilan bogʻlanadi.
Chunki miloddan oldingi VII va eramizning II asrlarida hukm surgan sak-skif turk davlatining asoschisi Afrosiyob boʻlib, u Gʻarb adabiyotida Maday Qora, turon adabiyotida Alp Er Toʻnga, fors-tojik adabiyotida Afrosiyob deb atalgan. Afra far — nur, goʻzallik, majoziy maʼnoda shohlarga xos dabdaba, shon-u shavkat, haybat maʼnosida keladi. Afrosiyob — Alp Er Toʻnga Markaziy Osiyo, Ovroʻpadagi koʻpgina mamlakatlarni ishgʻol qilib, ularni Skif davlati ostida birlashtirgan mashhur podsho boʻlgan. XI asrda yashagan Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit-turk” asarini yozish uchun qabilalar yashaydigan oʻlkalarni kezib chiqarkan, Alp Er Toʻngaga bagʻishlangan marsiyalarni xalq ogʻzidan yozib oladi. Gerodot maʼlumotiga koʻra, skif xoqoni Prototey, soʻngra uning oʻgʻli Maday 28-yil (653 — 625) shohlik qilgan Ossuriya tarixiga oid kitoblarda Madayning qaysi avlodga mansubligi koʻrsatiladi. Abu Rayhon Beruniy oʻzining “Qonuni Masʼudiy” asarida Afrosiyobni tarixiy shaxs sifatida baholab, uni Turon podshohi deb koʻrsatadi. Mahmud Koshgʻariy va Yusuf Xos Hojib Afrosiyobni turklarning ulugʻ xoni, u yoʻlbars kabi kuchli, bahodir, deb yozadi.
— Oʻtgan ming yilliklar mobaynida Samarqand oʻnlab vayrongarchiliklarni koʻrdi, — deydi tarix fanlari doktori, professor Muhammadjon Isomiddinov. — Shulardan toʻrttasida Samarqand ahli ayovsiz qatli om qilindi, shahar fatarotga yuz tutdi. Goh olovlar ichra qolib, yonib kul boʻldi. Lekin u xuddi samandar qushidek yana qayta tugʻildi, takror va takror qad rostlayverdi. Samarqand Buyuk Ipak yoʻli oʻtishiga oʻngʻay boʻlgani uchun dastlab bu yerga Badaxshon laʼlisi togʻli Pomir oʻlkalaridan keltirilib, Yevropa va Chin mamlakatlariga olib ketilardi.
Yevropadan moʻyna va matolar, Chin oʻlkasidan ipak va chinni buyumlari, qogʻoz va turli mushk-anbarlar olib kelinib, Sharq va Afrika mamlakatlariga olib borilardi. Samarqand karvonsaroylari hamisha karvonlar va turli millatga mansub savdogarlarga toʻlib-toshardi, mahalliy mayda savdogarlar shu yerning oʻzida sarmoyasiga yetarli mollarni xarid qilib savdo-sotiqni boshlab yuborardi.
Samarqand hududiga kirib chiqadigan karvonlar yaxshi qurollangan, jangchi askarlar tomonidan qoʻriqlanardi. Karvonlar esa buning evaziga ularga yaxshigina haq toʻlashardi. Shahar atrofidagi aholi Zarafshon va uning shoxobchalari hududlaridagi unumdor yerlarda dehqonchilik orqali tirikchilik qilar edi.
Zarafshonning ikki tarmogʻi oqib oʻtadigan, dushmanga zarba berishga oʻngʻay, strategik ahamiyatga ega boʻlgan hududda Afrosiyob degan dunyoga mashhur shahar bor edi. Uning atrofi qalʼa devorlari bilan oʻralgan, tashqari tomondan dushman oʻtmasligi uchun daryoning tabiiy oʻzanidan tashqari xandaqlar bilan aylantirilgan edi. Bu xandaqlardan qishin-yozin Zarafshonning oqar suvi aylanib turardi. Suv sopol quvurlar orqali yer ostidan shaharga kirib, narigi tomonidan chiqib ketardi. Bundan tashqari, dushman qamali paytida oziq-ovqat taʼminotini barqaror qilish maqsadida Afrosiyobning uch yoʻnalishida yer osti yoʻllari qurildi. Dushman qamali paytida shahar aholisi bir yil mobaynida hech narsaga zoriqmay, qiyinchilik koʻrmasdan himoyada turishi mumkin edi.
Shahar hududida juda koʻp butxonalar va otashgohlar mavjud boʻlib, yakka din yoʻq edi. Ibodat paytida birov butxonaga, boshqasi otashgohga borib, oʻz mehrobiga sigʻinardi.
Aleksandr Makedonskiy istilosidan keyingi ming yillar davomida Afrosiyob qayta tiklanmadi. Biroq Samarqand shahri uning atrofida qad rostladi, shu nom bilan yana Buyuk Ipak yoʻli manzillaridan biriga aylandi.
Ikkinchi Renessans oʻchogʻi
Zakariyo bin Muhammad al-Qazviniy tomonidan 1275-yilda yozilgan “Osor ul-bilod” va “Axbor ul-ibod” nomli asarlarda Samarqand qoʻrgʻonini Kaykubod oʻgʻli Kaykovus soldirgan, degan mazmundagi maʼlumot uchraydi.
Yana qator tarixiy manbalarda, jumladan, Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiyning “Al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand”, “Kitob al-qand tarixi Samarqand” nomli asarlarida bu maskan dunyoga mashhur olim-u ulamolar shahri, arablar bosqiniga qadar ham qariyb 2,5 ming yillik tarixga ega ekani haqida yoziladi.
...XIII asr oʻrtalari. Samarqand yogʻiy bosqinlaridan zada boʻldi, xarobalikka yuz tutdi. Qalʼalar, masjidlar, madrasalar vayron qilindi, shahar huvullab qoldi.
Shukrki, dunyo sahnida yangi qudratli kuch Amir Temur saltanati bunyod boʻldi. Sohibqiron bobomiz dunyo mamlakatlaridan mohir meʼmorlarni, qoʻligul hunarmandlarni Samarqandga olib keldi. Ular olamda tengsiz meʼmoriy moʻjizalarni barpo qildi. Niliy gumbazlar, osmonoʻpar minoralar, ularda aks etgan, har biri oʻz mazmuniga ega boʻlgan yorqin ranglar, naqsh-u nigorlar xalqimizning bagʻrikengligi, mehri daryoligi, xayr-saxovatliligi timsolidir.
Amir Temur davrida Samarqandda jome masjidi, Koʻksaroy, Boʻstonsaroy, Amir Temur maqbarasi, Ruhobod, Shohi Zinda kabi meʼmoriy majmualar bunyod etildi. Jahon ilm-fan va madaniyatining yuksalishi jarayonida Samarqand ikkinchi Renessans oʻchogʻi sifatida eʼtirof etildi.
Shahar atrofi Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, Soʻzangaron va Feruza kabi nomlar bilan yuritiluvchi oltita darvozali mustahkam qalʼa devori bilan oʻrab chiqildi. Oʻsha davrda yangidan qad koʻtargan Samarqand shahrining gʻarbiy qismida davlat mahkamasi uchun Arki Oliy qurildi. Bu yangi arkda Amir Temurning qarorgohi Koʻksaroy va Boʻstonsaroy bunyod qilindi. Bu inshoot toʻrt qavatli boʻlib, gumbazlari hamda devorlari zangori koshinlar, naqshinkor va guldor parchinlar bilan qoplangani uchun Koʻksaroy deb nomlangan.
Mashhur muarrix Sharafuddin Ali Yazdiy Samarqand markazida qurilgan muhtasham jome masjidi haqida “Zafarnoma” tarixiy-badiiy solnomasida shunday yozadi: “Amir Temur Koʻragon Hindistonni olgandan keyin (u yerda oʻlja olingan) oltin, inju va qiymatlik toshlarni toʻqson bir filga yuklab olib keltirdi va istadikim, poytaxti boʻlgan firdavsmonand Samarqandda bir jome bino qilgay... 801 hijriy, 1399 milodiyda kuchli va tez ishli ustalarni dunyo tevaragidan yigʻib ishni boshladi. Ozarbayjon, Eron, Hindistondan 500 toshtarosh masjidning oʻzida ishlar, boshqalari esa togʻda tosh yoʻnib, shaharga joʻnatish bilan band edi.
Va shunday bir masjidi jome bino qildiki, sahnining sof ishlanishi hushyor dillardan ham munavvarroq va baland kunguralarini oy muqarnasidan bezakli, firuzasimon koshinlari lojuvard, osmonrang, oftobga jiloli zarnigor naqshlari bilan goʻzal charx gumbazlariga barobar, baland ovozalik darvozasi, kimki bu yer (Xonai Kaʼba)ga kirdi, omonlik topdi, oyatining kaliti bilan ochildi. Har bir yuksak toqlari falak peshtoqida qad koʻtardi”.
Sohibqiron oʻzi qadami yetgan mamlakatlardan koʻplab nodir kitoblarni Samarqandga joʻnatgan. Bu kitoblar uygʻur, fors, eron, pusht, arab tillarida boʻlgan. Temur kutubxonasi avval Keshda, soʻng Samarqandda boʻlgan. 1580-yildan soʻng bu kutubxona Buxoroga koʻchirilgan. Ularning aksariyati oqposhsho bosqinchilari tomonidan tashib ketilgan.
1979-yili Yaponiyada oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada Yaponiya Fanlar akademiyasining prezidenti Sapporo Miyaki: “Samarqand — nafaqat jahon sivilizatsiyasining markazi, balki Mirzo Ulugʻbek asos solgan falakiyot ilmining ham markazidir”, deya eʼtirof etgan edi.
Maʼlumki, miloddan avvalgi V asrda yunon faylasufi Aflotun tomonidan asos solingan falsafa maktabi akademiya deb atalgan. Xuddi shunday ilmiy muassasa XV asrda Samarqandda Mirzo Ulugʻbek tomonidan tashkil qilindi. Bu haqda faylasuf va tarixchi olim Volter shunday yozadi: “Movarounnahrda Amir Temurning oʻrniga taxtga chiqqan mashhur Ulugʻbek Samarqandda birinchi akademiyaga asos soldi. Yer kurrasini oʻlchashni buyurdi va astronomik jadvallarni tuzishda ishtirok etdi”.
Mirzo Ulugʻbek boshchiligida Samarqandda qurilgan madrasa “Dorul hikma” (“Donishmandlar uyi”) nomi bilan mashhur boʻldi va oʻz atrofiga turli fanlar boʻyicha 100 nafardan ortiq olimlarni yigʻdi. “Dorul hikma” olimlari riyoziyot, ilmi hayat, handasa, jugʻrofiya, tarix, ilmi nujum, tibbiyot, musiqa, mantiq, aruz, ilmi hisob, Qurʼoni karim, hadis, fiqh, adab, ilmi hikmat, ilmi kalom, arab tili kabi fan sohalarida asarlar yaratdi.
Oʻz davrida yagona qudratli saltanat barpo qilgan Amir Temur shaxsi bugun Vatan va millat timsoli, maʼnaviy qudrat ramziga aylandi. Sohibqiron yurtida bugun olib borilayotgan ulkan islohotlar, bunyodkorlik ishlarida Amir Temur bobomizning ruhi-poki bizga doimo hamnafasdir.
Koʻhna tarixning yangroq sadosi
Yaqinda boʻlib oʻtgan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Samarqand arxeologiya instituti va xalqaro hamkor tashkilotlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari taqdim etildi. Unda keltirilishicha, Afrosiyob va Koʻktepa hududlarida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topilgan osoriatiqalar, ilmiy maʼlumotlar Samarqand shahrining ilk urbanizatsiyasi miloddan avvalgi II minginchi yillik oxiri va I minginchi yillik boshlariga taalluqlidir. Olib borilgan qazishma ishlari Samarqandning yoshi 3000-yil ekanini tasdiqlamoqda. Sessiyada ushbu maʼlumotlarni tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etish boʻyicha qaror qabul qilindi.
— Joriy yil boshida Afrosiyob yodgorligining bir necha nuqtasida jumladan, ark va shahriston qismida, yaʼni mudofaa devori yaqinida keng koʻlamdagi qazuv ishlari olib borildi, — deydi Moʻminxon Saidov. — Samarqand shahrining yoshiga aniqlik kiritishga masʼul guruh Afrosiyob va Koʻktepa yodgorliklarida, hozirgi Koʻksaroy maydoni oʻrnida boʻlgan Amir Temur arkida fanlararo tadqiqot usullarini qoʻllash orqali kompleks qazuv ishlarini amalga oshirdi.
Aytish kerakki, shaharning xronologiyasi boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari uzoq yillardan buyon davom etib kelmoqda. Ayniqsa, Vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin shu paytgacha xaspoʻshlanib kelinayotgan tariximizni tiklash maqsadida fransiyalik arxeologlar bilan hamkorlikda Samarqand shahridan 25 kilometr uzoqlikdagi Koʻktepa yodgorligida Afrosiyob shahristonida qazishma ishlari olib borilib, shu paytgacha maʼlum boʻlmagan qimmatli maʼlumotlar topildi. Va shu asosda 2000-yillarda Oʻzbekiston — Fransiya qoʻshma ekspeditsiyasi yangi maʼlumotlarni aniqladi va Samarqandning yoshi 2750-yil, deb belgilandi.
Samarqandning umumbashariy madaniy taraqqiyot tarixida tutgan oʻrni hisobga olinib, 2001-yilda YUNESKO tomonidan “Samarqand — madaniyatlar chorrahasi” sifatida jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritildi. 2007-yil 25-avgustda Samarqand shahrining 2750-yillik yubileyi nishonlandi.
Qayd etish lozimki, qazishma ishlarini tahlil qilish jarayonida mamlakatimiz va xorij olimlari bilan maslahatlashuv yigʻilishlari oʻtkazildi. Jumladan, OʻzRFA Milliy arxeologiya markazi professori Abdulhamid Anorboyev, Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-maʼrifiy memorial majmua rahbari Temur Shirinov, Oʻzbekiston Milliy universiteti professori Rustam Sulaymonov hamda fransiyalik, rossiyalik mutaxassislar bilan ilmiy davra suhbatlari tashkil qilindi. Bundan tashqari, barcha xorijiy mutaxassislar qazishma jarayoni va qoʻlga kiritilgan ilmiy maʼlumotlar bilan tanishtirildi.
Miloddan avvalgi VIII-VII asrlarga kelib, Soʻgʻd markazi — Koʻktepadan hozirgi Afrosiyob platosi oʻrniga koʻchadi. Urbanistik markazlarning bunday koʻchishi tarixiy jarayonda koʻp hollarda tabiiy va ijtimoiy omillar bilan bogʻliq boʻlgan. Bunday oʻzgarishlarga turtki bergan asosiy sabablar urushlar yoki bosqin xavfi, migratsiya jarayonlari, suv resurslarining tanqisligi yoki irrigatsiya tizimining tanazzuli, keskin iqlimiy oʻzgarishlar hisoblanadi.
Soʻgʻd markazining koʻchirilishi davlatning ahamoniylar imperiyasi tarkibiga kirgan yoki undan sal oldinroq davrda sodir boʻlgan. Bu holat olimlarimiz tomonidan Koʻktepaning dashtga yaqin, relyefda deyarli ajralib turmaydigan hududda joylashgani, unga nisbatan doimiy bosqin xavfining mavjudligi hamda uzoq muddat yashash uchun xavfsizlik yetarli darajada boʻlmaganligi bilan izohlanadi. Shu bois yangi shahar oʻrni nafaqat strategik jihatdan, balki maʼmuriy va madaniy-ideologik boshqaruv markazi sifatida ham faoliyat yuritishi uchun mos boʻlishi talab qilingan. 23 gektar maydonga ega Koʻktepadan farqli ravishda undan deyarli 10 barobar katta, yaʼni 220 gektarni tashkil qiladigan Afrosiyob platosi mana shu talablarga toʻliq javob beradigan, tashqi dushman hujumlaridan tabiiy himoyalangan, strategik jihatdan qulay va uzoq muddatli yashash imkonini taʼminlay oladigan joy boʻlgan. Plato hududi dasht zonalari chegaralaridan bir necha oʻn kilometr masofa uzoqlikda joylashgan. Bunga qarama-qarshi ravishda, Koʻktepa yodgorligi voha va dasht hududlari chegarasiga yaqin, tabiiy himoya imkoniyati zaif hududda joylashgan boʻlib, uzoq muddatli hayotni taʼminlash uchun mos kelmagan.
Joriy yil boshida Samarqandning tarixi, madaniyati, meʼmoriy va arxeologik yodgorliklarini oʻrganish maqsadida hokimlik huzurida jamoatchilik kengashi tashkil qilinib, tarixchi va arxeolog olimlar bu masalani chuqurroq oʻrganishga jalb etildi. Afrosiyob yodgorligining bir necha nuqtasida, jumladan, ark va shahriston qismida, yaʼni mudofaa devori yaqinida keng koʻlamdagi qazuv ishlari olib borildi.
Qazishmalar davomida Ark hududidan miloddan avvalgi VII-VI asrlardan tortib XII asrgacha boʻlgan davrlarga oid buyumlar qoldiqlari hamda mudofaa devori tagidan chiqqan qatlamdan sopol parchalari, hayvon suyaklari kabi arxeologik materiallar topildi. Shundan keyin oʻsha hududdagi 7 metrdan ziyod chuqurlikda miloddan avvalgi VII — IV asrlarga mansub murakkab mudofaa tizimi arxeologlar tomonidan oʻrganildi. Mutaxassislarning qatʼiy xulosasi shuki, miloddan avvalgi I ming yillik boshlarida, yaʼni bundan 3000-yil oldin bu yerda shahar hokimi qarorgohi va ibodatxonani oʻz ichiga olgan yirik shahar shakllangan. Oʻz navbatida, ana shu xulosalarni tasdiqlaydigan arxeobotanik va arxeozoologik topilmalar Fransiya, Germaniya va Yaponiya laboratoriyalariga tahlil uchun joʻnatildi.
Shu nuqtayi nazardan, mutaxassislar tomonidan miloddan avvalgi XI-X asrlarda Zarafshon daryosining oʻrta qismida shakllangan shahar markazi avval Koʻktepa hududida joylashgani, keyinchalik esa Afrosiyob platosiga koʻchirilgani va istiqbolda aynan shu yerda Samarqand nomi bilan mashhur boʻlgan shahar shakllangani eʼtirof etilmoqda. Qadimgi shahar funksiyalarining uzluksizligi va hududiy transformatsiyasi tahlilidan kelib chiqqan holda Samarqandning rasmiy yoshi kamida 3000-yilga borib taqalishini taʼkidlash mumkin. Bu koʻhna tarixning yangroq sadosidir.
Hozirgi kunda ushbu ilmiy maʼlumotlar dastlab viloyat jamoatchilik kengashida maʼqullandi, shu bilan birga, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi olimlari, Madaniy meros agentligi qoshidagi ilmiy kengash aʼzolari tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, ularning ijobiy xulosalari olindi. Barcha ilmiy maʼlumotlar, mutaxassislar xulosalari jamlanib, hozirgi kunda koʻrib chiqish uchun YUNESKOga taqdim qilingan.
Maʼrifat yogʻdusi
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, qadimdan dunyoning turli burchaklarida yashayotgan ne-ne odamlar Samarqandni bir bor koʻrishni, uning muqaddas tuprogʻini oʻpib, koʻziga surtib, aziz-avliyolarning abadiy qoʻnimgohlarini ziyorat etishni orzu qilgan, buni ulugʻ sharaf deb bilgan. Ilm olishni, maʼrifatli boʻlishni istagan insonlar dunyoning eng bebaho kutubxonalari bor, eng mashhur madrasalar, allomalar yurti boʻlgan Samarqandga intilgan. Samarqanddan taralgan maʼrifat yogʻdusi qalblarni yoritgan, koʻngillarga nur va harorat bergan.
Bugun ham jahonda azim shaharning nufuzi tobora ortib borayotganidan cheksiz xursand boʻlamiz. Samarqand 2019-yilda Jahon sayyohlik shaharlari federatsiyasiga aʼzo boʻlgani ham koʻp narsani anglatadi. Ushbu qadim kent inson oʻz umri davomida albatta borib koʻrishi kerak boʻlgan 50 ta shahardan biri sifatida eʼtirof etildi. Samarqandning tarixiy-madaniy rivojlanish masalalari maxsus loyihalar sifatida jahonning qator yetakchi ilmiy markazlari — Oksford, Sarbonna, Bolonya, Vena, Ottava universitetlari va Rossiya Fanlar akademiyasi institutlarida tadqiqotlar olib borilmoqda. Samarqand davlat universitetida Samarqand tamadduni tarixi kafedrasi tashkil etildi.
Ulugʻ ajdodlar ruhi, buyuk oʻtmishdan faxrlanish hissi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga yanada mustahkam ishonch, kuch-qudrat va jasorat baxsh etdi. Matonatli Alp Er Toʻnga, sohibqiron Amir Temur saltanatining mehvari boʻlgan Samarqand bugun yana mamlakatlarning oliy darajadagi yetakchilari maslahatlashadigan, oʻzaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik, inklyuzivlik prinsiplariga asoslangan, mintaqadagi xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama etiladigan maskan sifatida xizmat qilmoqda.
Yaqinda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan oliy darajadagi mehmon — Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Jorja Meloni oʻtmish va bugunni oʻzida uygʻunlashtirgan, afsonalar shahri boʻlgan Samarqandning goʻzal va mahobatli tarixiy obidalarini, “Boqiy shahar” majmuasini, shaharda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini hayrat bilan tomosha qildi, katta taassurotlar bilan yurtiga qaytdi. Va Prezident Shavkat Mirziyoyevga yoʻllagan maktubida Oʻzbekistonga tashrifi haqida toʻxtalarkan, Samarqanddek tarixi boy va moʻtabar shaharni koʻrish baxtiga muyassar boʻlganidan minnatdorligini taʼkidladi:
“Hurmatli Prezident janoblari!
Menga va men boshchiligimdagi delegatsiyaga Oʻzbekistonga soʻnggi tashrifim chogʻida koʻrsatilgan samimiy qabul uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ayniqsa, Samarqand kabi tarixi boy va ming yillik madaniyat timsoli boʻlgan shaharning goʻzalligini oʻz koʻzim bilan koʻrish baxtiga musharraf boʻlganimdan juda mamnunman. Bu imkoniyat Siz va oʻzbek xalqi tomonidan koʻrsatilgan buyuk mehmondoʻstlik tufayli amalga oshdi...”
Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining yigʻilishida Samarqand shahri “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb eʼlon qilingani ham bejiz emas. Ushbu azim shaharda roʻy berayotgan olamshumul oʻzgarishlar, dunyo mamlakatlari rahbarlari ishtirokida oʻtkazilayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar, xalqaro simpozium va sammitlar ona sayyoramiz taqdirini hal qilishda uning nufuzini bugun yana osmon qadar yuksaltirmoqda, dunyo madaniyati markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklamoqda. Albatta, davlatimiz rahbari tomonidan bu mashaqqatli va xayrli ishlarni amalga oshirishning oʻzi boʻlmayapti.
Vatan mustaqilligini mustahkamlash, uni koʻz qorachigʻiday asrash, shaʼn-shavkatini yuksaltirish, munosib turmush tarzi, farovon hayot qurishdek ulugʻvor ishlar silsilasida tarixiy adolatni qayta tiklash, shonli oʻtmishni chuqur oʻrganish va targʻib qilish orqali xalqning milliy gʻururini yuksaltirish, ruhini yanada oʻstirishga urgʻu qaratilmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, yangi Oʻzbekistonni bunyod etishga xizmat qilayotgan bunday oʻzgarishlar xalqimizga ishonch va umid bagʻishlamoqda. Olimlarimiz tomonidan Samarqand shahrining tarixi bundan uch ming yil oldingi davrlarga tutashishi ilmiy jihatdan isbotlangani bu boradagi ishlarning mantiqiy davomidir. Bu har birimizga katta quvonch, yuksak faxr-iftixor baxsh etadi.
Nurulloh OSTONOV,
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring