Dunyo “raqamlashmoqda”
Elektron biznes, raqamli iqtisodiyot. Bugun zamonaviy til bilan aytganda trend boʻlayotgan mavzular. Mazkur sohalar rivojlanishining bir necha omillari bor. Ulardan biri bu – hozirgi globallashayotgan dunyoda eng qadrli narsa – vaqtning insonlarga yetmayotganidir. Har qanday inson vaqt, xarajat va masofani tejashga harakat qiladi. Buning hozirgi kundagi samarali yoʻli bu elektron biznesning yaratgan qulayligidir. 2017— 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilganligi ham bejiz emas. Bu elektron sohaning shiddat bilan ildamlayotgani bilan bevosita bogʻliq.
Har qanday ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishda asosiy muammo uni realizatsiya qilishdir. Demakki, elektron biznes bu muammolarni yechishning ijobiy yoʻli hisoblanadi. Shu bilan birga keng xaridorlar va sotuvchilar yigʻiladigan 1,92 milliardlik elektron xaridori bor ulkan bozor. Dunyoda chakana savdoning 14,1 foiz elektron tijorat hissasiga toʻgʻri keladi. Bu koʻrsatkich 2023-yilga borib 22 foiz boʻlishi tahmin qilinmoqda.
Elektron biznesni yuritish har qanday davlat uchun qulay va foydali, chunki davlatlar tashqi iqtisodiy faoliyatdan doim manfaatdor boʻlgan. Jahon bozoriga chiqish yoki kerakli tovar va xizmatni elektron savdo maydonidan xarid qilish va topish juda osonligi ushbu sohaga berilayotgan eʼtiborni tabiiy ravishda oshirmoqda. Darvoqe, elektron biznesni rivojlantirish rivojlanish va taraqqiyotning kushandasi boʻlmish yashirin iqtisodiyot va korupsiyaga qarshi kurashishning ham eng samarali usilidir.
Mamlakatda elektron tijorat sohasini rivojlantirish borasida koʻpgina amaliy ishlar qilinganni eʼtirof etish joiz. Jumladan, axborot va raqamli texnologiyalar boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan chet el taʼlim dargohlari, IT parklarning ochilishi, keng polasali optik tolali tarmoqlarning tortilishi, elektron bank plastik kartalarining rivojlanayotganligi ushbu sohada qilingan ishlarga misol boʻla oladi. Shu bilan birga, ushbu soha rivojiga toʻsiq boʻlayotgan jihatlar ham yoʻq emas. Masalan internet tarmogʻining ayrim hududlarimizga hali toʻliq yetib bormgani, internet xizmat tariflari narxining nisbatan yuqoriligi yoki internet sifatining oʻta yomonligi, salohiyatli kadrlarning yetishmasligi va davlat tilidagi dasturiy taʼminotlarning yetishmasligi sohadagi islohotlarni jadallashtirishni taqazo qilmoqda.
Umuman Oʻzbekistonda soha taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan qadamlar tashlandi, kerakli choralar koʻrilmoqda. Mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazkur yoʻnalishdagi islohotlarni harakatga keltiruvchi hujjat boʻldi. Qarorda 2023-yilga kelib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 baravarga koʻpaytirish maqsad qilingan. Hujjat faqat maqsadni belgilash bilan kifoyalanmay uni amalga oshirish mexanizmlarini ham belgilab berdi. Masalan, 2020-2021-yillarda ijtimoiy soha obyektlari, shuningdek, qishloqlar va mahallalarni yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulash hamda aloqa xizmatlari sifatini oshirish, 2022-yilga qadar elektron davlat xizmatlari ulushini 60 foizgacha oshirish, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va texnologik maydonchalar yaratish orqali “raqamli tadbirkorlik”ni rivojlantirish, 2023-yilga kelib ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravarga oshirish va ularning eksportini 100 million dollarga yetkazish shular jumlasidandir.
Elektron biznesni rivojlantirishning dolzarbligi hamda nechogʻliq muhimligini birgina koronavirus pandemiyasi koʻrsatib koʻydi. Shu oʻrinda bir tahlil. Hozirda dunyoda elektron tijorat bilan shugʻillanuvchi 12 dan 24 milliongacha boʻlgan saytlar yaratilgan. Elektron tijoratning 67.2 foizi mobil ilovalar orqali amalga oshirilgan.
Onlayn savdolarning 70 foizi mashhur brendlar savdosiga toʻgʻri kelishi ularning ushbu sohada va ijtimoiy tarmoqda faol ishlayotganidan darak beradi. Elektron biznes bozoridan munosib joy egallash, mazkur yoʻnalishda muvaffaqiyat qozongan kompaniyalarga raqobat qilish uchun koʻp tarmoqli savdo yoʻlidan emas balki, maxsus ixtisoslashgan yoʻlni rivojlantirish kerakdek. Boisi, 2040-yilga borib jahon savdo hajmining 95 foizi elektron shaklda amalga oshirilishi prognoz qilinmoqda. Bu bizda bozordan munosib joy egallash uchun imkoniyat bor degani.
Resurslar chegaralangan. Buni inkor etib boʻlmaydi. Tabiiy zahiralar tugasa nimani sotamiz yoki eksport qilamiz degan savol koʻpchilikni oʻylantirishi mumkin. Javob oddiy “0” va “1” raqamlarini, yaʼni dasturiy taʼminot sotamiz. Aql uni ishlatish bilan tugamaydi, aksincha boyib va rivojlanib boraveradi. Ahir dunyo raqamlashmoqda. Albatta, bu jarayonda zamonaviy tendensiyalarni inobatga olgan mutsahkam huquqiy asos lozim boʻladi. Sohadagi islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlamay turib, muvaffaqiyat haqida gapirishning oʻzi notoʻgʻri. Shu bois, biz deputatlardan qonun ijodkorligi jarayonida ushbu jihatlarni hisobga olish, sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi, kerak boʻlsa uning taraqqiyotini taʼminlovchi toʻgʻridan-toʻgʻri qonunlarni ishlab chiqishimiz zarur boʻladi.
Bekmirza ESHMIRZAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- “Real Madrid” magʻlubiyatga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring