Davlat ramzlarining mazmun-mohiyati yoshlarga qanday oʻrgatilmoqda?

12:43 02 Iyul 2020 Jamiyat
1726 0

Arxiv foto

Oʻtgan oʻquv yilining dastlabki darsida Guliston tumanidagi 7- umumtaʼlim maktabining 2-sinf oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan topqirlik musobaqasida ibrat olsa arziydigan shart qoʻyilgan edi. Talab shundan iborat ediki, oʻquvchilar yuzlab mamlakatlarning gerblari ichidan birinchi boʻlib Oʻzbekiston Respublikasining davlat ramzini topishlari lozim edi. Natijani qarangki, oʻshanda ishtirokchilarning deyarli hammasi gʻoliblikka daʼvogar boʻldi.

— Quvonarlisi, oʻquvchilarimning koʻplab gerblar orasidan jonajon Vatanimizning ramzini bir zumda ajratib olganidan juda xursand boʻldim, — deydi sinf rahbari Lobar Roʻzimuhammedova. — Hali kichik yoshda boʻlsa-da, ularning qalbiyu koʻzlarida jonajon Oʻzbekistonimizga boʻlgan farzandlik burchi, mehr-muhabbatni koʻrdim.

Darhaqiqat, davlatimiz tamgʻasi ham Oʻzbekistonimiz kabi betakror. Undagi har bir tasvir, hatto har bir chiziqda mamlakatimiz salohiyati, xalqimizning ezgu orzu-umidlari mujassam.

Taʼlim muassasasida yoshlarga milliy ramzlarimizning mazmun-mohiyatini oʻrgatishga, qalblarida ularga hurmat va muhabbat uygʻotishga alohida eʼtibor qaratiladi.

— Oʻtgan yili 2-iyul — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan yuqori sinf oʻquvchilari uchun dalada kichik maʼrifiy tadbir tashkil etdik, — deydi maktab direktori Maʼruf Abdullayev. — Rizqu roʻzga toʻla gʻallazorda yoshlar gerbimizda aks etgan boyliklarimizni oʻz koʻzlari bilan koʻrishdi, ularning ahamiyatini yurakdan oʻtkazishdi. Oltinday tovlanib turgan boshoqlarni qoʻllariga olib, koʻziga toʻtiyo qilishdi. Ha, gerbimizdan bugʻdoy boshoqlarining ham munosib joy olganligi bejiz emas. Milliy boyligimiz paxta va gʻalla timsolida ona zaminimizning saxovati, mirishkor xalqimizning yaratuvchilik salohiyati oʻz ifodasini topgan. Qolaversa, davlat ramzida aks etganidek, daryosida baraka, togʻu toshlarida behisob boylik va hatto sahrosida ham nasibasi bor serquyosh zamin farzandlarimiz.

Darvoqe, muallima L. Roʻzimuhammedovaning aytishicha, oʻsha mashgʻulotda oʻquvchilar gerbimizni davlatimiz ramzi markazida tasvirlangan Humo qushidan tanib olishganini taʼkidlashibdi. Bu himmat, oliyjanoblik va fidoyilik timsoli boʻlgan mazkur afsonaviy qush xalqimiz qalbidan chuqur joy olganidan dalolat.

Binobarin, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy «Lison ut-tayr» dostonida Humoni baxt va iqbol, ezgulik va ulugʻvorlik keltiruvchi qush sifatida tasvirlagan. Zero, gerbimizda aks etgan xalqimizning ezgu maqsadlari — mamlakatimizning bugungi yutuqlarida oʻz ifodasini topayotir.

Ahmadali SHERNAZAROV
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?