Davlat dasturi loyihasi muhokamasi: konseptual taklif va tavsiyalar

16:24 15 Yanvar 2025 Siyosat
954 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Poytaxtimizda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori ofisi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmoni loyihasining xalqaro hamjamiyat bilan jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi.

Davlat dasturi loyihasini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur jamoatchilik muhokamasida 200 nafardan ortiq ekspertlar, xususan Oliy Majlis Senati a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xorijiy diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar, vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, ekspertlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, tadbirda BMT “oilasi”ga kiruvchi barcha agentliklarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari va ekspertlari (UNICEF, UNESCO, UNDP, FAO, UNFPA, UNAIDS, UNODC, ILO, WHO,), Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qabul qilinayotgan muhim hujjatlar, ayniqsa mamlakatimizning taraqqiyotiga bevosita daxldor hisoblangan strategik hujjatlar loyihalarini tayyorlashda keng jamoatchilik, shuningdek xorijiy ekspertlar va xalqaro jamoatchilikning fikr-mulohazalarini o‘rganishga muhim ahamiyat qaratilmoqda. Muhokamalar jarayonida Davlat dasturi loyihasida belgilanayotgan chora-tadbirlar va vazifalar bugungi globallashuv jarayonida yangi O‘zbekistonning xalq farovonligi, tinchligi, demokratiya va inson huquqlari kafolatini ta’minlaydigan erkin jamiyat va adolatli davlat qurishga qaratilgan konseptual hujjat ekanligi ta’kidlandi.

So‘z — anjuman ishtirokchilariga

Eldor Tulyakov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori:

— 2025 yil Davlat dasturi loyihasida 295 ta amaliy chora-tadbirlar, 87 ta normativ-huquqiy hujjatlar, 269 ta maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanishi nazarda tutilmoqda. Ma’lumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi 2025 yil 8 yanvardan boshlab “Taraqqiyot strategiyasi” markazining maxsus www.uzbekistan2030.uz portaliga keng jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Ushbu portal orqali aholiga strategiya va Davlat dasturlarining ijrosi, shuningdek har bir maqsad va ko‘rsatkichlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini qoldirish hamda takliflarini bildirish imkoniyati yaratilgan. Hozirgi kunga qadar loyiha yuzasidan xalqimiz tomonidan portalga 3 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan. Bundan ham ko‘rinib turibdiki, hamyurtlarimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar taqdiriga befarq emaslar. Ular davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etib, yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligini ta’minlash, yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida yana qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi xususida fikr-mulohazalarini, taklif-tavsiyalarini bildirishmoqda.

Tadbir davomida Farmon loyihasining bandlarida belgilanayotgan vazifalarni takomillashtirishda halqaro ekspertlarning fikr-mulohazalari almashildi. Shuningdek, 2025-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasini jamoatchilik, shu jumladan, xalqaro hamjamiyat vakillari bilan muhokama qilish orqali uni takomillashtirish, xalqchilligini ta’minlash va hujjatning xalqaro standartlarga to‘liq mos kelishini ta’minlashga qaratilganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Sabina Maxl, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori:

 — Men “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmoni loyihasi bilan tanishib chiqdim. Unda atrof-muhitni asrash, ekologik vaziyatni yaxshilash, yashil energiyani rivojlantirish masalalariga keng o‘rin berilgan. O‘ylaymanki, bu keng qamrovli dastur O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatni har tomonlama rivojlantirish borasidagi intilishlarining tasdig‘idir. Bu orqali O‘zbekiston BMTning 2030 yilgacha global kun tartibiga kiritilgan muhim masalalar, ya’ni butun insoniyat hayoti va farovonligi darajasini oshirish, dunyoda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni har tomonlama yaxshilash orqali adolatli va barqaror jamiyat qurish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirib, sezilarli natijalarga erishmoqda. Bugungi tadbirdan foydalanib men o‘z takliflarimni bildirdim. Eng avvalo, davlat dasturi ishga tushgandan keyin ijrosi ta’minlanishi, u qisqa mulddatli jarayonga aylanib qolmasligi kerak. Ikkinchidan, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hozirgidek, ochiqlik ta’minlansa, xalqning davlathokimiyati organlariga ishonchi yanada ortadi.

Biz O‘zbekiston hukumatiga davlat dastvurida belgilangan vazifalar ijrosida ko‘maklashmoqchimiz. Mamlakatingizda BMTning 25 ta turli xil agentliklari, idoralari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ana shu muassasalarning ixtisosliklaridan kelib chiqib, hamkorlikda turli loyihalarni amalga oshirish ustida ish olib boryapmiz. Masalan, suv resurslarini tejash, suvdan unumli foydalanish, ekotizimni yaxshilash, energiya samaradorligini oshirish, Orolbo‘yida yashayotgan odamlarga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish shular jumlasidandir.

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер