Dangʻara tumanida Xitoyga 70 ming tonnadan ortiq mosh eksport qilinadi

14:11 30 Sentyabr 2025 Jamiyat
215 0

Bu yil Dangʻara tumanida takroriy ekin sifatida 7,5 ming gektar yerda mosh parvarishlandi. U suvsizlikka chidamli boʻlib, kam mehnat talab qiladi. Qolaversa, 75-80 kunda pishib yetilishi bois sentyabr oyida hosilni yigʻib olgach, oʻz vaqtida kuzgi bugʻdoy ekish yoki yerni bahorga tayyorlab qoʻyish mumkin.

Qishloq xoʻjaligida suvdan tejab-tergab foydalanish dolzarb masalaga aylangan hozirgi sharoitda bu kabi istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash juda muhim. Chunki bugun ilmga, innovatsiya gʻoyalariga asoslangan dehqonchilik har jihatdan foydalidir.

Ayni kunlarda eksportyor tadbirkorlar bilan oʻzaro kelishuv asosida mosh yetishtirilgan tumandagi 181 ta fermer xoʻjaligida hosilni oʻrib-yanchib olish ishlari jadal davom etyapti.

— Zamonaviy agrotexnologiyalar yordamida besh yildan buyon mosh ekamiz, — deydi fermer Muhammadjon Rafiqjonov. — Hozirda besh gektar yerdagi mosh yigʻishtirib olinyapti. Bir gektar yerdan 2,2 tonnadan koʻproq hosil olsa boʻladi. Bugungi narx-navoga koʻra, bu har gektar yerdan oʻrtacha 22-23 million soʻm sof daromad olish imkonini beradi.

Eng muhimi, mosh ekini yerning unumdorligini oshiradi. Tuproqda tabiiy sharoitda foydali mineral oʻgʻitlar zaxirasini yaratadi.

Tadbirkor Ramzbek Egamnazarov xitoylik hamkorlar bilan birgalikda dalalardan yigʻib kelinayotgan hosilni peshma-pesh qadoqlangan holda eksportga joʻnatmoqda. Yigʻish, saralash va qadoqlash jarayonida 20 nafar mahalliy yoshlar ish bilan taʼminlangan.

Bu borada Xitoydan kelgan mutaxassislar xomashyodan tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonda yaqindan koʻmaklashib, jahon andozalari asosida ish tashkil etish boʻyicha yoʻl-yoʻriq koʻrsatmoqda.

— Oʻtgan yili Dangʻara tumanidan Xitoyga 36 ming tonna mosh eksport qilinishiga erishilgan edi, —deydi tadbirkor. — Bu yil ushbu koʻrsatkichni 70 ming tonnadan oshirish maqsad qilingan. Boisi chin yurtida ushbu mahsulotga boʻlgan talab va taklif yildan-yilga oshib bormoqda. Demak, yangicha yondashuvlar va doimiy izlanish yaqin kelajakda nafaqat mahsulot hajmi, balki eksport geografiyasini ham kengaytirishga xizmat qiladi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер