Dam olish kunlari havo harorati nisbatan iliq boʻlishi kutilmoqda

12:46 23 Yanvar 2026 Jamiyat
271 0

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

“Oʻzgidromet” 24-25-yanvar, dam olish kunlari kuzatiladigan ob-havo prognozini eʼlon qildi.

Unga koʻra, ertaga 24-yanvar kuni kunduzi sovuq antitsiklon Oʻzbekiston hududidan chekinadi va sovuq havo massalarining taʼsiri asta-sekin kuchsizlanadi. Harorat kunduzi 0-3 daraja iliq atrofida boʻladi. 25-yanvar, yakshanba kuni havo harorati nisbatan koʻtariladi: kechalari 3 daraja sovuq — 2 daraja iliq, kunduz kunlari 5-8 daraja iliqqacha isiydi.

23-24-yanvar kunlari Oʻzbekiston hududining katta qismida asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida bugun kunning birinchi yarmida baʼzi joylarda kuchsiz qor yogʻadi. Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida ertaga kunning yarmida baʼzi joylarda biroz yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi.

25-yanvar kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Fargʻona vodiysi viloyatlaridan boshqa hududlarda biroz yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻlishi mumkin. Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushishi kutilmoqda.

Dam olish kunlari respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayadi, ayrim hududlarda baʼzida 22-25 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Toshkent shahrida bugun va ertaga yogʻingarchilik kutilmaydi, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Yakshanba kuni asosan yomgʻir koʻrinishida biroz yogʻingarchilik boʻlishi, yoʻllarda baʼzi joylarda yaxmalak kuzatilishi kutilmoqda.

Havo harorati bugun kunduzi 1-3 daraja sovuq boʻladi. Shanba kuni kechasi 6-8 daraja sovuq, kunduzi 0-2 daraja iliq boʻladi. Yakshanba kuni kechasi 1 daraja sovuq — 1 daraja iliq, kunduzi 5-7 daraja iliq boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?