CITES CoP20 doirasida yangi loyihalar ishga tushirilmoqda
Samarqand — qachonlardir Buyuk Ipak yoʻli qitʼalar oʻrtasidagi muhim almashinuv yoʻli boʻlgan boʻlsa, bugun u dunyoning yovvoyi tabiat kelajagi boʻyicha global muloqot maydoniga aylandi. Yovvoyi fauna va flora turlarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashishga qaratilgan CITES Konvensiyasi tarixida ilk bor Tomonlar konferensiyasining 20-yigʻilishi (CITES CoP20) Samarqand shahrida boʻlib oʻtmoqda.

CoP20 majlislarida asosiy mavzular muhokama qilinmoqda. Xususan, “Saygʻoq: yangi chaqiriqlar” mavzusida Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hamda Qozogʻiston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi hamkorligida oʻtkazilgan parallel tadbir Markaziy Osiyodagi dala ekotizimlarining asosiy turlaridan biri sanalgan saygʻoq populyatsiyasini saqlash va barqaror boshqarish masalalariga bagʻishlandi.
Saygʻoq — qadimiy va betakror tur boʻlib, brakonyerlik va noqonuniy savdo sabab inqiroz yoqasiga kelib qolganligini taʼkidlandi. Muhokamalar yakunlariga koʻra, qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, monitoring mexanizmlarini takomillashtirish va saygʻoq populyatsiyasini saqlash boʻyicha zamonaviy yondashuvlarni joriy etish zarurligi alohida qayd etildi.
CITES CoP20 doirasida “Oʻzbekistonda qimmatli landshaftlarni kompleks boshqarish va tiklash (EcoLand)” loyihasi ishga tushirildi. Global ekologik fond (“GEF-8”) tomonidan moliyalashtiriladigan mazkur loyihaning umumiy qiymati 6,1 million AQSH dollarini tashkil etib, u Oʻzbekistondagi uchta asosiy klaster landshaftlarda ekotizimlarni tiklash va saqlash boʻyicha innovatsion kompleks yondashuvlarni kengaytirishga qaratilgan.

- Tabiatni tiklash jarayonida ilm-fan va mahalliy hamjamiyatlar ishtiroki muhim, — deydi IUCN Bosh direktori Gretel Agilar. — IUCN Oʻzbekistonning tabiatni qayta tiklash boʻyicha saʼy-harakatlarini kengaytirish, ilmiy bilimlarni integratsiya qilish va tabiatni muhofaza qilish jarayonidan ham atrof-muhit, ham mahalliy hamjamiyatlar manfaatdor boʻlishini taʼminlashni qoʻllab-quvvatlayotganidan mamnun.
Mazkur loyiha mamlakatimizning eng qimmatli va xilma-xil tabiiy landshaftlarini ifodalovchi olti viloyatning oʻnta pilot tumanida amalga oshiriladi: Toshkent viloyati (Parkent va Ohangaron tumanlari), Surxondaryo viloyati (Boysun va Sherobod tumanlari), Qashqadaryo viloyati (Dehqonobod tumani), Navoiy viloyati (Xatirchi va Nurota tumanlari), Samarqand viloyati (Qoʻshrabot va Payariq tumanlari), Jizzax viloyati (Forish tumani).
“CITES CoP20” doirasida Samarqand xalqaro turizm markazida mamlakatimizning yovvoyi hayvonot va oʻsimlik dunyosiga bagʻishlangan tasviriy sanʼat asarlari koʻrgazmalari ham tashkil etilgan.
Shuningdek, “Samarqand — 2025” IV xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi ham oʻtkazilmoqda. Toʻrt yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan mazkur tadbir aholining ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish, xorijlik ijodkorlar bilan ekologiya va atrof-muhit sohasida samarali ijodiy hamkorlik, tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, tabiatga bagʻishlangan badiiy asarlar orqali shaharlarning madaniy muhiti va landshaft qiyofasini rivojlantirishga qaratilgan.

Bu yil “Bizning sayyoramiz — bizning uyimiz!” shiori ostida tashkil etilgan simpoziumda turli mamlakatlardan kelgan 20 nafarga yaqin mashhur haykaltarosh granit toshdan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga bagʻishlangan sanʼat asarlarini yaratmoqda.
Simpozium qatnashchilari orasida oʻzbekistonlik haykaltaroshlar ham bor. Mamlakatimiz va xorijlik haykaltaroshning samarali faoliyat koʻrsatishi, oʻzaro tajriba almashishi uchun kerakli sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.
“CITES CoP20” doirasida yana oʻn kun davomida Tomonlar CITES roʻyxatlariga oʻzgartirish kiritish takliflarini, turli hayvon va oʻsimlik turlarini saqlash holati, qonunlarga rioya etishni kuchaytirish choralari, idoralararo hamkorlikni rivojlantirish hamda CITES ning 2030-yilgacha boʻlgan Strategik maqsadlarini amalga oshirishni muhokama qilishadi.

Muhokamalar, shuningdek, asosiy quruqlik va suv turlarining barqaror savdosi, hisobot berish tizimlarini yaxshilash, milliy qonunchilikni takomillashtirish, tabiatni muhofaza qilish samaradorligiga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish kabi yoʻnalishlarni ham oʻz ichiga oladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring