Chirchiqlik kitobxon oilaga prezident sovgʻasi topshirildi

12:10 12 Mart 2026 Jamiyat
263 0

Zamonaviy rusumdagi yangi mashina olish uchun ishlash kerak, oylik daromadni oshirish kerak, agar bu ulov avtokredit asosida olinsa, kreditni har oyda toʻlab borish kerak. Biroq chirchiqlik Eshonqulovlar oilasi yangi mashina xarid qilish uchun ishlamadi ham, qoʻshimcha daromad deya oʻzlarini oʻtga-choʻqqa urgani ham yoʻq, shuning barobarida kredit ham olmadi. Faqatgina kitob oʻqishdi, xolos. Aslida mashina uchun kitob oʻqishmadi ham, oʻqigan kitoblari orqali zamonaviy rusumdagi yangi mashina egasiga aylandilar.

– Kechirasiz, “Najot yoʻli” kitobini qachon qaytarasiz? Bu kitob menga ham juda zarur edi...

Javohir Chirchiq shahridagi pedagogika universiteti kutubxonasidan chiqib ketayotgan qizni toʻxtatib shunday savolga tutgan edi. Oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olayotgan yigit “Najot yoʻli” keyinchalik umr yoʻlini belgilab berishini oʻylab ham koʻrmagan edi.

– Yaxshimisiz?.. Bugun qaytarishim kerak edi, ammo kurs ishi uchun zarurligi uchun yana foydalanmoqchiman, – deya javob bergan edi oʻshanda Nuriya.

Shu tariqa ikki tolibi ilm uchrashdi, muloqot qildi va turmush qurdi. Darhaqiqat, ulugʻ maʼrifatparvar va jamoat arbobi Abdurauf Fitratning “Najot yoʻli” kitobi Javohir va Nuriya Eshonqulovlar oilasiga asos solgan boʻlsa, ne ajab.

Bu yosh oila “Yosh kitobxon oila – 2025” tanlovining respublika bosqichida gʻolib boʻldi. Gʻolib oilaga Prezident sovgʻasi sifatida “BYD” elektromobili topshirildi.

– Abdurauf Fitratning “Najot yoʻli” asari oilamiz uchun juda qadrli, – deydi Javohir Eshonqulov. – Tanlov ishtirokchilari oʻqishi shart boʻlgan kitoblar roʻyxatida bu asarning ham borligini koʻrganimizda, bu tasodifdan juda mamnun boʻlgandik. Shu bilan birga “Najot yoʻli”ni qayta mutolaa qilar ekanman, undagi fikr va gʻoyalar bugun ham oʻzining dolzarbligini yoʻqotmaganini his qilaman. Chunonchi, bu kitobda jamiyat taraqqiyoti, maʼrifatning ahamiyati, xalqning kelajagi uchun ilm va tarbiyaning naqadar muhim ekani bayon etiladi. Goʻyo Fitrat domla shu kunlarda oramizda yashab, bu kitobini yozgandek tuyuladi.

Eshonqulovlar oilasining hozircha yagona farzandi – Samiyaxon uch yoshda. Uning nechta kitobi bor, deb oʻylaysiz? Samiyaxon kitobxon ota-onasi olti oyligidayoq “Oltin olma” nomli “oʻzi gapiradigan” ilk ertak kitobini sovgʻa qilgan ekan. Bugungi kunga kelib Samiyaxonning bu kabi kitoblardan iborat “gapiradigan” kutubxonasida ellikka yaqin kitob bor.

– Aslida ham biz uchun eng yaxshi sovgʻa, bu – kitob. Bayramlarda, tugʻilgan kunlarda bir-birimizga kitob hadya qilishni odatga aylantirganmiz, – deydi Nuriya Eshonqulova.

Buyuk davlat arbobi Amir Temur kitobning barcha bunyodkorliklarning asosi ekanligini eʼtirof etgan edi. Darhaqiqat, kitob – barcha bunyodkorliklarning asosi. Eng muhimi, kitob toza koʻngilni bunyod etadi. Kitob barpo etgan yorugʻ niyatli odamlar esa dunyoni tozartirsa, unga tinchlik va farovonlik, ezgulik va maʼrifat olib kelsa, ne tong. Bu borada oʻtgan oxirgi oʻn yilda Oʻzbekiston tajribasi shakllandi, deyish mumkin. Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon oila” kabi kitobxonlik tanlovlari bu fikrning tasdiqlovchi omillarning biridir.

Darvoqe, kitobxon Javohir Eshonqulov bilan muloqot nihoyasiga yetgach, bir savol esga tushdi – uning haydovchilik guvohnomasi bormi? Maʼlum qilinishicha, yoʻq. Kitobxon oila sohibi shu kunlarda mutolaa qilinayotgan kitobni yakunlaganidan soʻng kun tartibidagi keyingi masala avtomaktab qidirish ekanligini aytdi.

Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?