“Chelsi” magʻlubiyatga uchradi, “Liverpul”dan esa durang
Kecha, 3-dekabr kuni Angliya Premyer-ligasining 14-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Kun doirasida oʻrin olgan muhim bahslarga alohida toʻxtalib oʻtamiz.
“Chelsi” magʻlubiyatga uchradi
Bundan 1 tur oldin “Chelsi” jamoasi London derbisi doirasida “Arsenal” jamoasini qabul qildi. Uchrashuvning birinchi boʻlimidayoq 1 kishi kam boʻlib qolgan Mareska shogirdlari oʻyin oxirigacha jangovarlikni yoʻqotishmadi. Oʻyinda birinchi boʻlib hisobni ochishni ham “aristokratlar” uddaladi. Bir soʻz bilan aytganda, oʻtgan tur yetakchi bilan tengma-teng oʻyin koʻrsata olgan “Chelsi” Angliya matbuotida katta shov-shuvlarga sabab boʻldi.
Ammo, “koʻklar”ga bir necha yillardan beri barqarorlik yetishmayotgani haqida koʻp yozdik. Bu turda ham Mareska shogirdlari aynan shu muammoga duch keldi. Klub 14-turda liga autsayderlaridan biri — “Lids Yunayted” jamoasiga magʻlub boʻldi.
Oʻyin oldidan jarohati sabab “Arsenal” va “Barselona”ga qarshi oʻyinlarni oʻtkazib yuborgan Kaul Palmer safga qaytdi va 61-daqiqada zaxiradan oʻyinga qoʻshildi. Lekin ushbu oʻyin oldidan “londonliklar”da boshqa muammo paydo boʻldi. “Arsenal”ga qarshi oʻyinda qizil kartochka olgan Moises Kaysedo diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmadi.
Uchrashuvda hisob 6-daqiqadayoq mezbonlar tomonidan ochildi. “Lids” jamoasining dastlabki goliga Jaka Biyol mualliflik qildi. Birinchi boʻlim soʻnggida Ao Tanaka hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 50-daqiqasida Pedro Netu hisobni qisqartirdi. 72-daqiqada Dominik Levin toʻplar farqini yana 2 taga oshirdi. Bahs aynan 3:1 hisobi bilan yakunlandi va “Chelsi” oddiy oʻyinda muhim 3 ochkoni qoʻldan chiqardi.
“Lids” — “Chelsi” 3:1
Gollar: Biyol 6, Tanaka 43, Kalvert-Lyuin 72 — Netu 50.
“Lids”: Perri, Rodon, Biyol, Struyk, Bogl, Tanaka, Ampadu, Stax, Gudmundsson, Kalvert-Levin, Nmecha.
“Chelsi”: Sanches, Kukurelya, Badiashil, Adarabayo, Chaloba, Fernandes, Santos, Netu, Gittens, Estevau, Delap.
“Arsenal”dan navbatdagi gʻalaba
Oʻtgan turda “Stemford Bridj”dan durang bilan qaytgan Mikel Arteta boshchiligidagi “Arsenal” bu turda APL jadvalida 13-oʻrinni egallab turgan “Brentford” klubini qabul qildi.
Artetaning “Chelsi” bilan oʻyindan koʻngli toʻlmagani bor gap. Jamoa qarib 50 daqiqa raqibdan 1 kishi koʻp boʻlib oʻynab, gʻalaba qozona olmadi. Shu sababdan bosh murabbiy bu galgi oʻyinda asosiy tarkibda “Chelsi” bilan oʻyinga nisbatan 3 ta oʻzgarish amalga oshirdi.
Oʻng qanot vakillari Jurriyen Timber, Eberechi Eze va Bukayo Saka bu gal zaxirada qoldirildi. Keyinchalik uchala futbolchi ham oʻyinga qoʻshildi. Ularning oʻrniga asosiy tarkibdan Noni Madueke, Martin Edegor va Ben Uayt oʻrin oldi.
Uchrashuvda hisob 11-daqiqada ochildi. “Arsenal” forvardi Mikel Merino APLda navbatdagi golini kiritdi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimga hakam tomonidan qoʻshib berilgan daqiqalarda zaxiradan tushgan Bukayo Saka hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Birinchi taymda Kristian Moskera, ikkinchi boʻlimda esa Deklan Rays jarohat olib maydonni tark etdi.
Shu tariqa, oʻyin APL yetakchisining ishonchli gʻalabasi bilan yakunlandi.
“Arsenal” — “Brentford” 2:0
Gollar: Merino 11, Saka 90+1.
“Arsenal”: Rayya — Kalafiori, Inkapye, Moskera (Timber, 44), Uayt — Rays (Gokeresh, 84), Zubimendi, Edegor — Martinelli (Eze, 61), Merino, Madueke (Saka, 61).
“Brentford”: Kelleher — Pinnok (Kollinz, 74), Van den Berg, Ayer — Genri (Lyuis-Potter, 74), Yensen (Damsgor, 61), Yanelt (Henderson, 61), Yarmolyuk, Kayode — Shade (Tiago, 61), Uattara.
“Liverpul” durang oʻynadi
“Liverpul” jamoasining hozirgi holati havas qilarli darajada emas. Arne Slot boshchiligidagi jamoa 14-turdan keyin 22 ochko bilan sakkizinchi oʻrinda bormoqda.
Yil boshida barcha klublardan koʻra transferlarga eng koʻp mablagʻ sarflagan “mersisaydliklar” APL chempionligiga asosiy nomzod sifatida baholanayotgan edilar.
Ammo, hozircha jamoa peshqadamdan naqd 11 ochkoga ortda qolmoqda. Jamoada tezroq oʻzgarishlar qilinmasa, bu tafovut yanada kattalashib ketishi ehtimoli yuqori.
Slot shogirdlari bu turda oʻz maydonida “Sanderlend” klubini qabul qildi. Uchrashuv 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. Taʼkidlash joizki, bu “Liverpul”ning joriy mavsum APLda qayd etgan dastlabki durang natijasi boʻldi. Jamoa shu kungacha oʻtkazgan 13 ta oʻyinning 7 tasida gʻalaba qozongan va 6 tasida magʻlub boʻlgandi.
Uchrashuvning birinchi boʻlimida hisob ochilmadi. Ikkinchi boʻlimning 67-daqiqasida mehmonlar hisobni ochdi. Chemsdin Talbi jamoasining oʻyindagi yagona golini kiritdi.
81-daqiqa maydon egalari hisobni tenglashtirishdi. Aniqrogʻi, “Sanderlend” futbolchisi Nordi Mukiele oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻydi. Yakunda jamoalar 1 ochkodan boʻlishib oldi.
“Liverpul” — “Sanderlend” 1:1
Gollar: Mukiele 81 (avt) — Talbi 67.
“Liverpul”: Alisson, Konaate, Van Dayk, Robertson, Gomes, Mak Allister, Gravenberx, Virts, Gakpo, Soboslay, Isak.
“Sanderlend”: Ryofs, Ballard, Alderere, Mukiele, Mandava, Sadiki, Yaka, Hum, Talbi, Le Fe, Brobbey.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring