“Bullyozli epidermoliz” qarindoshlar nikohidagi oilalarda koʻp uchraydigan kasallik

Illyustrativ surat
“Xalq soʻzi ONLINE”. Ahad Muhammadiyev/Qashqadaryo. Qashqadaryo viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanserida Rossiya Federatsiyasi Pediatriya markazining mamlakati mutaxassislari tomonidan “Bullyozli epidermoliz” bilan kasallangan bemorlarni parvarishlash boʻyicha mahorat darslari va bemorlar koʻrigi tashkil etildi.
Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha mazkur tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-sentyabrdagi “Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatishni yana-da yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi hamda respublika Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyruqlari ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilmoqda.
— “Bullyozli epidermioliz” — genetik va klinik jihatdan geterogen boʻlgan kasalliklar guruhi boʻlib, teri va shilliq qavatlarda pufakchalar va eroziyalar hosil boʻlishi, teri tez shikastlanishi va ahamiyatsiz mexanik jarohatlarga ham taʼsirchan boʻlishi unga xosdir, – deydi rossiyalik mutaxassis Aleksey Turkin. – Baʼzan teri va shilliq qavatlarda pufakchalar va eroziyalar jismoniy, kimyoviy va harorat taʼsirida ham hosil boʻladi. Hosil boʻlgan shikastlarni (ochiq jarohat jarayonida) doim maxsus bogʻlama matolar bilan yopish zarur. Shu bilan uni qayta shikastlanishdan himoya qilinadi.
— Ushbu kasallik bilan ogʻrigan bolalarning terisi kapalak qanoti kabi nozik va yuqa boʻlgani bois ularni majoziy maʼnoda “kapalak” deb atashadi, — deydi Rossiya Federatsiyasidagi “Deti-babochki” xayriya fondi tibbiy dasturi rahbari Anastasiya Sabitova. — Bunday bemorlar parvarishi — oʻta nozik ish, u shifokorlar, hamshiralar hamda ota-onalardan juda katta eʼtibor talab qiladi. Bugungi tadbirlar davomida tibbiy koʻriklar bilan bir qatorda mutaxassislarimiz tomonidan bunday parvarishning nozik jihatlari amaliy tarzda koʻrsatib berildi.
Viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri bosh shifokori Ashirali Xoliyorovning taʼkidlashicha, bu irsiy-genetik kasallik ayniqsa, er-xotin yaqin qarindosh boʻlgan oilalarda koʻp uchrashi kuzatilgan. Shu bois ham bu kasallik haqida nafaqat bemorlarning yaqinlari, balki nikohlanuvchi yoshlar oʻrtasida ham keng targʻibot ishlarini olib borish zarur. Tadbirda mutaxassislar tomonidan bu borada zarur qoʻllanmalar ham tarqatildi.
Rossiyalik mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilgan koʻriklar davomida bullyozli epidermolizga chalingan 30 nafar bola tekshirishdan oʻtkazib, tegishli tavsiyalar berildi. Bundan tashqari boshqa teri-tanosil kasalliklariga chalingan 50 dan ortiq bemorlar ham koʻrikdan oʻtkazildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring