Buxoroda ikki holatda qiymati 1 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan tabiiy gaz talon-toroj qilindi

17:27 16 Iyul 2025 Jamiyat
206 0

Buxoroda ikki holatda 1 mlrd 290 million soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani maʼlum boʻldi.

Oʻzenergoinspeksiya Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va gaz taʼminoti korxonasi hamkorligida oʻtkazilgan nazorat tadbirida Jondor tumanida joylashgan «A.« nodavlat taʼlim muassasasiga qarashli gaz qurilmalar boypas yoʻli bilan tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga koʻra gaz taʼminoti korxonasiga 768 million soʻmlik zarar yetkazilganligi maʼlum boʻldi.

Shu kabi boshqa bir holatda esa Buxoro tumanining “Mustaqillik” MFYda joylashgan “S. R.” YTTga qarashli novvoyxonada tabiiy gazdan foydalanish holati oʻrganilganda, isteʼmolchi hisoblagichni chetlab oʻtib, yashirin yoʻllar bilan tabiiy gaz tarmogʻiga ulangan holda resursdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Holat boʻyicha 530 million soʻmlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.

Yana bir holatda Gʻijduvon tumani “Dodarak” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro J. J. hisoblagichni chetlab oʻtib, tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulangan holda oʻz xonadoni va tadbirkorlik maqsadida tashkil etilgan umumiy ovqatlanish maskanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanayotgani aniqlandi. Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, qayta hisob-kitob amalga oshirildi va umumiy zarar 146 million soʻmni tashkil etdi.

Yuqoridagi holatlar boʻyicha barcha hujjatlar huquq-tartibot organlariga yuborildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?