Buxoroda I Xalqaro ziyorat turizmi forumi oʻtkaziladi
Illyustrativ foto
Oʻzining buyuk mutafakkirlari, betakror obidalari, muqaddas qadamjolari bilan jahonga mashhur Buxoroi sharif yana bir yirik anjumanga mezbonlik qilmoqda. Bu yerda 21 — 23-fevral kunlari I Xalqaro ziyorat turizmi forumi oʻtkaziladi. Bu haqda “Xalq soʻzi ONLINE” muxbiri Istam Ibrohimov xabar bermoqda.
Ilk bor tashkil etilayotgan mazkur anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimizning ziyorat turizmi borasidagi salohiyatini xalqaro miqyosda keng targʻib qilishdan iborat. Zero, keyingi yillarda sayyohlarning qadimiy shaharlarimizga boʻlgan qiziqishi kuchaymoqda. Ular orasida ziyoratchilar koʻpchilikni tashkil etyapti. Xususan, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va hatto, Yevropa davlatlaridan islom diniga eʼtiqod qiluvchilar atayin kelib, muqaddas qadamjolarni ziyorat etishmoqda, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy maʼnaviy-maʼrifiy merosni oʻrganishyapti.
Viloyat hokimligidan olingan maʼlumotlarga qaraganda, mazkur forum xorijda ham katta qiziqishga sabab boʻlyapti. Anjumanda oʻnlab davlatlardan olimlar, ulamolar, turizm sohasi sarmoyadorlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning vakillari qatnashishi kutilmoqda.
Tadbir doirasida ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari muhokama markazida boʻladi. Mamlakatimizda turizm sohasini isloh qilish samarasi sifatida yuzaga kelgan imkoniyatlarga oid taqdimotlar uyushtiriladi. Hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida muzokaralar oʻtkaziladi. Mehmonlarning “Yetti pir” qadamjolari boʻylab ziyoratlarini tashkil etish, ularni Buxoroning diqqatga molik qadimiy obidalari bilan tanishtirish ham tadbir dasturidan oʻrin olgan.
Ayni damda anjuman oʻtkazilishi belgilangan “Yoshlar markazi”da tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetmoqda. Bu yerda matbuot markazi ham faoliyat koʻrsatadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring