“Bu qushcha sayraydi mening ruhimda...”

14:41 27 Sentyabr 2023 Madaniyat
906 0

Foto: Arxiv surat

Oʻzbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tavalludining 80 yilligi

Oʻzbekiston xalq shoiri Rauf Parfi umri davomida soʻz va adabiyot bilan, millat dardi bilan yashab oʻtgan ijodkorlardan, desak, mubolagʻa emas. Uning sheʼriyati, har bir soʻzi, fikriyu gʻoyasi ozod Vatan sogʻinchiga yoʻgʻrilgan, millat baxtini orziqib kutgan odamning tilidandir.

Ijodkor hayoti turli qiyinchiliklarga, sinovlarga boy, bu oʻtkinchi ogʻriqlarni esa asl yozarmangina mahv etishi bor gap. Rauf Parfi bu ogʻriqlar jarayonida sheʼr yaralishini bilar edi, balki shuning uchun toʻsiqlar, tashvishu azoblar qarshisida hech qachon choʻchimagan, qaytanga ularni koʻngliga mehmonday kutib olgan, siylagan va soʻz ayttirgan.

Rauf Parfi — oʻzbek adabiyotida oʻziga xos maktab yarata olgan shoir. U xalqimizning yuksak milliy ruhiyatini oʻz sheʼriyati orqali tanish va tanitish uchun olis yoʻlga chiqqan, hormay-tolmay borayotgan yoʻlovchidir. Bu yoʻlovchining bosib oʻtgan yoʻlini oʻquvchilar yaxshi bilishadi, shoir kitoblarini qoʻldan qoʻymay mutolaa qilishadi, uning nomini, soʻzini, har bir misrasini hamisha yuragida asrashadi.

Rauf Parfi Usmon Nosir va Oybek sheʼriyati zaminida oʻz uslubini yaratdi. Uning besh, olti qatorli sheʼrlarida birinchi va oxirgi misralarning takrorlanishi oʻziga xos jaranglaydi. Zotan, sheʼriyatda oʻz uslubini yarata olmay, soya yangligʻ birovlarga ergashib sheʼrbozlik qilib yurgan shoirlar qancha?! Adabiyotga oʻz uslubini adabiy taqdim etgan sara shoirlar qatorida esa Rauf Parfi ham tilga olinishi, shubhasiz.

Adabiy usul shoir sheʼrlarining ruhi bilan birga davom etadigan birlikka oʻxshaydi. Bu ijodkor satrlari zamiridan qalqib chiqaveradi. Uslub baʼzan eskirishi, oʻquvchining ehtimol, meʼdasiga tegishi mumkin. Rauf Parfi esa ifoda tarzida, soʻz aytish usulida, tashbeh va obrazlar koʻlamida shunday bir uslubga ega boʻldiki, mana, ikkinchi bir asrda ham uning asarlari oʻquvchining badiiy chanqogʻini bosishga toʻlaqonli xizmat qilmoqda.

Rauf Parfi uslubini jonlantirib koʻrsatadigan jihatlar — bu shoir sheʼriyatining ramzlarga, tashbehlarga va obrazlarga boyligidir.

Adabiyotda oqimlar, syujetlar, motivlar va kayfiyatlar oʻzgarishi mumkin. Biroq obraz muqim qoladi, oʻzgarmaydi. Ulugʻlar taʼbiri bilan aytsak, obraz — sheʼriyatning qonidir.

Rauf Parfi sheʼriyatida obraz koʻpgina holatlarda ramziy mazmun kasb etadi. Shoirning har bir sheʼrida obrazlar oʻziga xos tarzda ifodalanishi bilan birga maʼlum bir xarakterni ochib beradi. U tosh haqida yozadimi (“Suv ostida yaltiraydi tosh”), bulut haqidami (“Kulrang bulut kezinadi jim”), yomgʻir (“Yomgʻir yogʻar, shigʻalab yogʻar”) yoki qush haqida yozadimi (“Bir qushcha derazam yonida”), ichki nigohi orqali mukammal bir obraz yaratadiki, bu oʻquvchining ichki dunyosiga, hissiy olamiga chizib qoldirilgan suvratga mengzaydi.

Mana shoirning mashhur sheʼri:

Bir qushcha derazam yonida

Oʻtirar parishon va gʻarib.

Yigʻlaydi koʻzlari yonadi,

Koʻzlari ikkita marvarid.

Bir ajib navoga oʻxshaydi,

Shoirga oʻxshaydi bir hassos.

Miskin soz chalmoqqa u shaydir,

Dardiga bordirku bir asos.

Men unga qarayman ohista,

Men qushcha holiga yigʻlayman.

Va lekin bilmayman, ne istar,

Bilmayman, hech qachon, bilmayman...

“Bir qushcha” — ehtimol, lirik qahramonning yigʻlayotgan baxtidir, balki baxtsizligidir. Ehtimol, bu dunyodagi mangu izlab yurgan savollariga bera olmayotgan, lekin ichini toʻldirib turgan javoblaridir. “Bir qushcha” shoirning nihoyatda goʻzal poetik topilmasi. Bu sheʼr Rauf Parfi xazinasida yarqirab turgan olmosga oʻxshaydi. Bu xazinaga kirgan borki, ushbu sheʼrga koʻz olaytiradi. Chunki u hammaning ichidagi iztirob va shodlik oʻrtasidagi kurashning yarim mistik koʻrinishidir.

“Shoirga oʻxshaydi bir hassos”, deydi ijodkor. Demak, bu sheʼr — shoir ichki olamining, oʻsib borayotgan iztirobining, hayrat yuqtirayotgan qaygʻuning ramzi.

Rauf Parfi — ana shunday qalamining uchida oʻtli tuygʻularni koʻtarib yuradigan shoir. Shunday xulosaga kelish mumkinki, shoir yaratgan obrazlar xarakterining kuchliligi va mukammalligi bilan baland pardalarga yetadi va quyuq tasvirlari bois adabiyotning oltin javonidan joy egallaydi.

Yigʻlayotgan ikkita marvaridning yonib turishi benihoya baland darajadagi metaforadir. Shoir bu yerda metaforik choʻqqiga chiqa olgan. Qaygʻuning, mavhum iztirobning, tushuniksiz dardning shu qadar klassik darajadagi ifodasi boʻlishi mumkinligini, dard ham bu qadar goʻzal boʻlishini ushbu sheʼr ifodalab turganga oʻxshaydi. Toʻgʻri, shoirning “Daryo mavjlariga yozilmish gʻazal” deb boshlanuvchi sheʼrida ruhiy va kayfiyat jihatdan oʻxshashlik bordek.

Daryo mavjlariga yozilmish gʻazal,

Maysalar egilib oʻqiydir kitob.

Shodlanib xandalar otar bir lahza,

Bir lahza oh tortib qoʻyadi oftob.

Bir tirik nafosat borliq, jahonda,

Qaltirab porlaydi shuʼlaga oʻxshab.

Bir qushcha sayraydi mening ruhimda,

Men sening ismingni bilmayman, qushcham...

Yuqorida biz tahlilga tortgan sheʼr bilan ushbu sheʼr oʻrtasida shakliy, fikriy, ruhiy vobastalik bordek. Biroq garchi kayfiyat va ruhiyatda yaqinlik boʻlsada, birinchi va ikkinchi sheʼr bir-biridan tubdan farqlanadi. Birinchi sheʼr mutlaqo lirik hikoya, inson ichki olamining voqeaband portreti. Unda holat, kayfiyat, ruhiyat, manzara — hammasi-hammasi biri ikkinchisining ichiga kirib, singishib ketganga oʻxshaydi. Sheʼriy qatorlar, tashbehlar oʻrtasida irsiy belgilar mavjuddek taassurot qoldiradi. Birinchi sheʼrda ichkarida turib ruhiy manzaraga koʻchib oʻtilgan boʻlsa, ikkinchi sheʼr tabiiy manzara bilan boshlanib, oxiriga kelganda individuallashadi. Bu ikki sheʼr ana shu poetik xususiyatlari bilan bir nuqtada ham birlashib, ham ajrashib ketadi. Nima boʻlganda ham ushbu asarlar bir paytning oʻzida ijtimoiy va botiniy hayot oʻrtasidagi zumrad bir koʻprikdan oʻtgan hissiy tafakkur namunasi oʻlaroq yodimizga oʻrnashadi.

Maʼlumki, Rauf Parfi sheʼrlarida turfa xil ayollar ismlari bilan bogʻliq sheʼrlarni kuzatish mumkin. Dilorom, Muhabbat, Barnobonu va Laylo ismlarini tilga olish, kifoya. Shular orasida “Laylo” sheʼri alohida eʼtiborni tortadi. Rauf Parfi butun kitobxonlar orasida mashhur “Laylo”si yaralgunga qadar ushbu sheʼr motivida bir qancha asarlar yaratdi.

Mashhur “Laylo”si esa 1963-yilda yozilgan. Mana, shoirning “Sabr daraxti” kitobidan oʻrin olgan oʻsha sheʼri:

Balki oʻchgan edim yodingdan,

Shirin xayolingni buzdimmi!

Laylo, Laylo sening yoningda,

Yaproq kabi koʻrdim oʻzimni,

Shirin xayolingni buzdimmi?

Seni oʻylab kelmaydir uyqu —

Qora tunning oʻzga sehri bor.

Tushlarimda topay deb gulroʻ

Men uxlarman mangu, ehtimol.

Goʻzal tushlar tilayman, Laylo...

Yana paydo boʻlding yoʻlimda,

Yana yoʻllaringda boʻzladim.

Bechora qalb sening qoʻlingda,

Koʻzlaringda mening koʻzlarim.

Nechun paydo boʻlding yoʻlimda?..

Bu sheʼrning kitobga kiritilgan mumtoz koʻrinishi. Albatta, u taniqli hofiz Dadaxon Hasan ijrosida bundan oʻzgacha koʻrinish kasb etgan. “Yaproq kabi koʻrdim oʻzimni” satri oʻrniga “Bir dam koʻrmoqchiydim oʻzimni”, “Yana paydo boʻlding yoʻlimda” satri oʻrniga esa “Yana paydo boʻldim yoʻlingda” satrlari bilan ijro etilgan. Shoirning tahrirda kiritgan soʻzlari sheʼrning badiiy emotsionalligini yanada oshirgan. Fikr va tuygʻu uygʻunligini maʼlum bir shaklga keltirgan.

Laylo — Rauf Parfi sheʼriyati uchun faqat yor vositasi boʻla olmaydi. Ehtimol, diyor, oʻzlikni izlash, hamsuhbat, hamdard, hammaslak, hamfikr bir hamrohdir. “Laylo” — muhabbat haqidagi, sassiz ogʻriq, javobsiz faryod haqidagi mumtoz bitik. Bu sheʼr muhabbatga yoʻliqqan odamning dard chekishi uchun maxsus bir yoʻriqnomaga oʻxshaydi.

Umuman olganda, Rauf Parfi har bir sheʼrida qalb rozlarini, oʻkinchlar, iztiroblarni quyuq ranglar vositasida tasvirlay olgan. Shu bois bu asarlarda sokin pafos, mahzun intonatsiyaga duch kelasiz. Ruhning bezovtaligi, abadiy yolgʻizlik koʻrinishidagi iztirobparastlik, Yaratgan va lirik qahramon muloqotidagi gʻamnishinlik, oʻzni izlash yoʻlidagi abadiy tushkunlik shoir sheʼriyatida mahzunlikning maʼlum bir koʻrinishi sifatida keladi.

Rauf Parfi qoldirgan adabiy obidalar hali uzoq yillar oʻzining maʼrifiy goʻzalligi, ruhiy tarovati, maʼnaviy muhofazasi bilan oʻzbek va umumsheʼriyat oʻquvchilariga xizmat qilishda davom etadi. U adabiyot uchun sheʼrning ruhiy formulasi oʻlaroq odim otishda davom etadi.

Goʻzal MATYOQUBOVA,

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy

nomidagi davlat adabiyot muzeyi tayanch doktoranti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?