Brakonerlikka qarshi kurashish oyligi davom etmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi davlat ekologiya qoʻmitasi tashabbusi bilan shu yilning mayi “Brakonerlikka qarshi kurashish oyi” deya eʼlon qilingan boʻlib, ayni paytda soha xodimlari joylarda reydlar va tezkor chora-tadbirlar oʻtkazmoqda. Zero, koʻplab muammolarning, jumladan koronavirusning yuzaga kelishida brakonerlik, boshqacha aytganda yovvoyi hayvonlarning tartibsiz ovlanishi omil boʻlishi mumkin. Shu sababdan, noqonuniy baliq ovlash, daraxt va butalarni ruxsatsiz kesish holatlariga barham berilmoqda.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ekologiya qoʻmitasining Taxtakoʻpir tumani inspeksiyasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbir chogʻida tuman hududida Beruniy tumanilik P.A. va B.A. noqonuniy tarzda baliq ovlayotgani aniqlandi. Mavjud qonunlarga asosan ulardan 4 million 258 ming soʻm jarima undiriladigan boʻldi.
Ellikkqala tumanida yashovchi U.A., S.A., X.A. va O.A. tomonidan esa 310 dona toʻrongʻil daraxti chopib tashlangani maʼlum boʻldi. Endi ularning har biri Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga koʻra, 1 million 115 ming soʻmdan jarima, tabiatga keltirgan zarari uchun esa 21 million 341 ming 100 soʻm toʻlaydi.
Umuman, 1-20-may kunlari davomida oʻtkazilgan tadbirlar paytida noqonuniy ov qilish va baliq ovlash boʻyicha 15 fakt aniqlanib, ular boʻyicha 102 million 436 ming 500 soʻmlik jarima undirildi. Ushbu davrda oʻsimlik dunyosiga zarar keltirish borasida 33 holat fosh etilib, 31 million 666 ming soʻmlik jarima, tabiatga keltirilgan ziyon uchun esa 77 million 472 ming 900 soʻm undirildi.
Oylik doirasidagi chora-tadbirlar davom etmoqda.
Hidoyat AHMEDOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring