Bojxona yengilliklari tadbirkorlar faoliyatini kengaytirmoqda

19:11 09 Oktyabr 2023 Jamiyat
551 0

Foto: Xalq so'zi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qoʻllanilishini soddalashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoni ijrosini taʼminlash hamda bojxona organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini doimiy qoʻllab-quvvatlash, ular duch kelayotgan mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Фото: “Халқ сўзи”

Davlat bojxona qoʻmitasining Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda qayta ishlash korxonalari rahbarlari, tashqi iqtisodiy faoliyati ishtirokchilari, Savdo-sanoat palatasi va Soliq boshqarmasi masʼul xodimlari ishtirokida “Yangiyoʻl” TIF bojxona posti, hamda “Global komsco Daewoo”, “International paper”, “Imperial Granit” MCHJ xorijiy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning hududida oʻtkazilgan tadbirda bojxona rejimining qulayliklari, shuningdek mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilayotgan yengilliklar borasidagi dolzarb masalalar muhokama etildi.

Фото: “Халқ сўзи”

Mutasaddilarning taʼkidlashicha Yangiyoʻl tumanida joylashgan “Global komsco Daewoo” MCHJ xorijiy korxonasi qogʻoz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boʻlib, hozirda 200 dan ortiq aholi bandligini taʼminlashga erishdi. Jamoa oʻtgan davr mobaynida 16 mln. 200 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qildi. Xorijdan esa 300 ming AQSH dollari miqdoridagi xomashyo olib kirildi. Qogʻoz mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “International paper” korxonasida esa 300 nafar kishi ish bilan taʼminlangan boʻlib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarining eksport hajmi 4 mln. 600 ming AQSH dollarini, xorijdan xomashyo olib kirish koʻrsatgichi 8 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. 150 nafar kishini yangi ish oʻrinlariga jalb etgan marmar mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Imperial Granit” korxonasida ham eksport va import koʻrsatkichlari oʻsib borayotgani qayd etilmoqda.

Фото: “Халқ сўзи”

— Eksport-import jarayonlari kengayib borayotgan bunday korxonalar viloyatda talaygina. Qolaversa, tadbirkorlar kichik va oʻrta biznes vakillariga ham bojxona xizmati koʻrsatishda meʼyoriy hujjatlarni rasmiylashtirish holatlari soddalashtirilib, xizmat sifati takomillashtirilmoqda, — deydi Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi boshligʻi, bojxona xizmati polkovnigi Olimjon Xojimatov. — Hozirgi kunda xodimlarimiz tomonidan “Bojxona toʻlovlardan ozod hudud” tamoyiliga asosiy eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Farmoni ijrosini taʼminlash uchun xorijdan import qilinadigan xomashyo va materiallarni qayta ishlash istagida boʻlgan tadbirkorlik subyektlari ushbu bojxona rejimidan foydalanganda, bojxona toʻlovlari undirilmasligi va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmasligi kabi afzalliklarga ega boʻlmoqda. Aslida, ushbu tarixiy hujjat ham mamlakatimiz qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan muntazam taʼminlash, ishlangan mahsulotlari eksport geografiyasini kengaytirish ular hajmi va turlarini koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan. Farmonda belgilanganidek, tovarlarni qayta ishlash operatsiyalari roʻyxati qadoqlash, oʻrash, saralash, tozalash, boshqa tovarlarga moslashtirish va uskunalarni modernizatsiya qilish xizmatlari bilan toʻldirildi. Eng katta yengilliklardan biri shuki, mazkur jarayonlarni amalga oshirishda tadbirkorlar hech qanday bojxona toʻlovlari toʻlamaydi.

Фото: “Халқ сўзи”

“Bojxona hududida qayta ishlash” rejim qulayligi bois, undan foydalanuvchi tashkilotlar va mahsulotlar eksport-import hajmi ortib bormoqda. Masalan, joriy yilning oʻtgan 8 oyi mobaynida Toshkent viloyati hududidagi 38 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan xorijdan olib kelingan 268,7 ming tonna, qiymati qariyb 82 mln. AQSH dollarga teng boʻlgan xomashyolar “bojxona toʻlovlardan ozod hudud” bojxona rejimiga joylashtirilgan. Qayta ishlangandan soʻng xorijga yuborilgan tayyor mahsulotlar qiymati esa salkam 84 mln. AQSH dollarini tashkil etgan. Shuni alohida taʼkidlash joizki, mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan qulayliklar iqtisodiyotimizning rivojlanishiga yoʻl ochmoqda.

Фото: “Халқ сўзи”

— Tovarlar eksportida qoʻllaniladigan bojxona yigʻimlari stavkalari, imtiyoz (shu jumladan, temir yoʻl tariflari boʻyicha), preferensiyalar, subsidiya va kompensatsiyalarni qayta ishlashdan hosil boʻlgan tayyor mahsulotlar reeksportiga ham tatbiq etilmoqda, — deya soʻzida davom etadi Olimjon Xojimatov. — Avvallari tovarlarni qayta ishlash natijasida hosil boʻlgan mahsulotlarni reeksport qilganda tadbirkorlarga yengilliklar boʻlmagan. Birgina misol, tovarni qayta ishlash natijasida hosil boʻlgan mahsulotni reeksport qilishda tashish xarajatining 50 foizi kompensatsiya qilib beriladi. Bundan boshqa yengillik va imtiyozlar ham mavjud. Masalan, tovarlarni qayta ishlashda muvofiqlik sertifikati, sanitariya-epidemiologik xulosa hamda maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari va vakolatli iqtisodiy operatorlar tomonidan bojxona toʻlovlari taʼminoti (sugʻurta polisi, bank kafolati, garov shartnomasi, kafillik xati) talab etilmaydi. Avvallari esa, tovarlarni ushbu rejimga rasmiylashtirishda tovar importida qanday hujjat talab qilingan boʻlsa, shu hujjatlarni bojxona organiga taqdim etishi lozim edi. Albatta, bu tadbirkorlarga noqulayliklar tugʻdirgan.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер