Biz bugun ishga tushirayotgan barcha loyihalar iqtisodiy oʻsishni taʼminlab, kelajak avlodlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi - Shavkat Mirziyoyev

13:24 05 Dekabr 2025 Siyosat
183 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etayotgan energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida aholining muqobil energiya manbalaridan foydalanishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlar jadal davom ettirilishi taʼkidlandi.

Yangi yilda Xitoy tajribasi asosida 300 ta mahalla hududida aholi bilan kooperatsiya orqali 107 megavattli quyosh stansiyalari oʻrnatiladi.

Mazkur ijtimoiy loyiha keng joriy etilib, 30 mingta kambagʻal oilaga “yashil” energiya kirib boradi. Ular oʻz ehtiyojidan ortiqcha elektr energiyasini tarmoqqa uzatib, daromad topadi.

Tadbirkorlar ham suv resurslaridan unumli foydalanib, joriy yil 40 megavattli kichik va mikro GESlar qurishdi. Natijada 120 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va ular qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻldi.

Keyingi yilda 65 megavattli kichik va mikro GESlar barpo etiladi. Ushbu loyihalar hisobiga 80 mingta xonadonda elektr taʼminoti tubdan yaxshilanadi.

“Yaqinda Braziliyada oʻtgan COP-30 iqlim konferensiyasida biz oʻz tashabbusimiz bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmamizga oldik. Yaʼni 2035-yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qoʻydik”, dedi Prezidentimiz.

Bu borada Jahon banki bilan dunyoda ilk innovatsion “ICRAFT” loyihasi boshlandi. Uning doirasida Oʻzbekiston tomonidan kamaytirilgan 23 million tonna issiqxona gazi hisobga olindi. Xalqaro darajada uglerod birliklari savdosini amalga oshirishga kirishildi.

Shu yilning oʻzida 17 ta yirik sanoat korxonasi “yashil” energiya boʻyicha xalqaro sertifikatlar tizimiga oʻtdi. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalarning soni 100 taga yetkaziladi.

Prezidentimiz qoʻshni davlatlar bilan yagona energetika bozorini yaratish boʻyicha sheriklik mustahkamlanganini qayd etdi.

“Mintaqamizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirgʻiziston va Qozogʻiston bilan “Qambar-ota GES-1” loyihasini moliyalashtirishga kirishamiz.

Shu oʻrinda Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish boʻyicha “yashil yoʻlak” loyihasi doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgan Ozarbayjon va Qozogʻiston rahbariyatining qatʼiy saʼy-harakatlarini alohida eʼtirof etmoqchiman.

Biz bugun ishga tushirayotgan barcha loyihalar iqtisodiy oʻsishni taʼminlab, kelajak avlodlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bunday jadal harakatlarimiz va tashabbuslarimiz bilan biz yangicha modeldagi zamonaviy energetika tizimini, albatta, toʻliq barpo etamiz.

Mazkur loyihalarda faol ishtirok etayotgan energetika sohasi vakillariga, barcha ishchilar, muhandislar va xorijlik hamkorlarimizga yana bir bor samimiy minnatdorchilik bildiraman”, dedi davlatimiz rahbari nutqining yakunida.

Marosimda hamkor mamlakatlar energetika vazirlari va kompaniyalar rahbarlari soʻzga chiqdi.

Oʻzbekiston Prezidenti ramziy dastakni bosib, 42 ta energetika obyektini ishga tushirdi va 21 ta yangi loyiha qurilishini boshlab berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?