Bitiruvchini ishga olgan korxonalarga imtiyozli kredit beriladi

17:25 08 Avgust 2025 Siyosat
413 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekistonda yoshlar bandligini taʼminlash uchun banklarga 300 million dollar resurs ajratilgan. Bu haqda Prezident raisligida oʻtgan majlisda maʼlum qilindi.

Bitiruvchilarning koʻpchiligi katta kredit olib, qaytara olmasligidan xavotir olayotgani uchun imtiyozli kredit resursining bir qismini bitiruvchini ishga olgan korxonalarga ham berish taklifi maʼqullandi.

Endi ishga olingan bitiruvchilar soniga qarab, tadbirkorlarga 5 milliard soʻmgacha 18 foizli kredit beriladi.

Masalan, 1 milliard soʻmgacha kredit olganlar kamida 1 nafar, 5 milliard soʻm olganlar esa 5 nafar bitiruvchini ishli qiladi. Imtiyozli kredit olgan korxona bitiruvchini 2-yil ichida ishdan boʻshatsa, kredit foizi tijorat stavkasiga oʻzgaradi.

Ushbu yangi tizim nafaqat bu yilgi, balki oliygohni tugatganiga 3-yil boʻlmagan bitiruvchilar uchun ham amal qiladi.

Davlatimiz rahbari uyushmagan yoshlar bilan ishlash masalasiga toʻxtalib oʻtdi.

Shundan 115 ming nafarining bandligini taʼminlash masalasi vazirlik, viloyat va tuman rahbarlari tomonidan hal qilinmoqda. 52 ming tarbiyasi ogʻir yoshlar huquq-tartibot xodimlari tomonidan otaliqqa olingani ham natijasini koʻrsatdi.

Shu bilan birga, qolgan 5,5 ming ishsiz, 31 ming tarbiyasi ogʻir yoshlar va oʻqishdan chetlatilgan 3 ming talaba bilan tizimli ishlab, hayotda oʻz yoʻlini topishi uchun yordam berish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Mutasaddilarga hokimlar, mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birgalikda 9 ming uyushmagan va oʻqishdan chetlatilgan yoshni tadbirkorlik, xorijiy til va zamonaviy kasblarga oʻrgatib, ishli qilish topshirildi.

Masʼullar oldiga 31 ming tarbiyasi ogʻir yoshlarni kasb va til toʻgaraklari, sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?