Birinchi oʻzbek balerinasi
Oʻzbek balet sanʼati tarixi qayerdan boshlanadi? Bunga javob bitta nom bilan bogʻliq — Bernora Qoriyeva. Oʻzbekiston balet sanʼati aynan undan boshlanadi. U sahnaga faqat raqqosa sifatida emas, balki yangi davr timsoli sifatida chiqdi.
Bernora Qoriyeva sanʼatga ulkan hissa qoʻshdi. Ochlik, mashaqqatli mashgʻulotlar, imkoniyatlar yetishmasligi — barchasini boshidan kechirdi. Ammo bir lahza ham ortga chekinmadi. U sahnaga shunchaki chiqmadi — u ayollarning sanʼatdagi oʻrni haqidagi jamiyat tasavvurini oʻzgartirdi.
Oʻzbek raqs va balet sanʼati tarixida Tamaraxonim, Mukarrama Turgʻunboyeva, Margarita Oqilova, Raviya Otajonova, Galiya Izmaylova, Gulnora Mavayeva, Valentina Proskurina, Viloyat Oqilova, Gavhar Matyoqubova, Qodir Moʻminov, Maʼmura Ergasheva, Malika Ahmedova kabi ulugʻ sanʼatkorlar qatorida Bernora Qoriyeva nomi ham alohida ehtirom bilan tilga olinadi.
U 1936-yil 28-yanvar kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Rahim Qoriyev oilasida tugʻilgan. Boʻlajak balerina 16 yoshida Toshkent Oliy xoreografiya bilim yurtini, 19 yoshida esa Moskva xoreografiya bilim yurtini muvaffaqiyat bilan tamomlaydi. Shundan soʻng Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek opera va balet katta akademik teatrida faoliyatini boshlaydi.
1957-yil Moskva shahrida oʻtkazilgan balet tanlovida Bernora Qoriyeva oltin medalga sazovor boʻladi. Ana shu muvaffaqiyatdan keyin u Fransiya, Italiya, Angliya, Yamayka, Suriya, Hindiston, Braziliya, Argentina kabi mamlakatlarda mashhur balet ustalari bilan bir sahnada chiqish qiladi. “Oqqush koʻli”, “Bogʻchasaroy favvorasi”, “Anna Karenina” kabi dunyoga mashhur baletlarda bosh qahramonlarni yuksak mahorat bilan ijro etadi.
Uning eng yodda qolarli rollaridan biri — Mehri qiyofasidir. Alisher Navoiyning “Sabʼai sayyor” dostoni asosida Lola Oqilova sahnalashtirgan “Suhayl va Mehri” baleti oʻzbek sanʼati tarixida oʻchmas iz qoldirgan asarlardan biri boʻlsa, bu yutuqda Bernora Qoriyevaning hissasi beqiyos. U Mehri obrazida haqiqiy oshiq qiyofasini yaratdi. Bu rol milliy ruhi, oʻzbek xoreografiyasi elementlarining nozik va tabiiy qoʻllanilishi bilan ajralib turadi. Mehri qiyofasi goʻzallik, latofat va harakatdagi nafosat bilan tomoshabin qalbiga yoʻl topgan.
Bernora Qoriyeva sahna bilan cheklanib qolmadi. U bir necha yillar rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat yuritdi. 1979-yilda “Oʻzbekiston yoshlar baleti” birlashmasini taʼsis etib, 1983-yilgacha unga rahbarlik qildi. 1985-yildan Oʻzbekiston teatr arboblari uyushmasi raisi, 1994–2002-yillarda esa Alisher Navoiy nomidagi teatr direktori va badiiy rahbari sifatida ishladi. 2004-yil Toshkentda birinchi xususiy raqs maktabini ochdi.
Oʻtgan asrning elliginchi yillarida balet sanʼatini rivojlantirish va ommalashtirish oson boʻlmagan. Ammo u harakat qildi va uddaladi. Shu sabab Bernora Qoriyeva nomi nafaqat oʻzbek baleti, balki milliy madaniyatimiz tarixida ham abadiy qoladi.
Otabek ISROILOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- Oʻzbekistonda ilmiy laboratoriyalarning sunʼiy intellektga asoslangan yagona ilmiy platformasi ishga tushiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring