Birdamlik va hamjihatlik
Foto: Hasan Paydoyev\ “Xalq soʻzi”
Islohotlarni davom ettirish yoʻlidan — umumiy ulkan maqsad sari
2023-yilning 9-iyul sanasi jonajon Vatanimiz tarixiga zarhal harflar bilan bitildi. Xalqimiz oʻz birdamligini, hamjihatligini, kelajakka qatʼiy ishonchi va yorugʻ umidlarini yana bir bor namoyon etgan kun sifatida milliy solnomamiz varaqlarini bezadi.
Shu kuni muddatidan ilgari oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida yurtdoshlarimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bardavomligi uchun ovoz berdi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu siyosiy jarayonda ishtirok etgan saylovchilarning 87,05 foiz ovozini olib, yangi muddatga saylandi. Buyuk oʻzbek yoʻli yangicha ziynat bilan keng koʻlam va surʼatda izchil davom etadigan boʻldi.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston xalqi mamlakatda islohotlarni davom ettirish va jadallashtirish maqsadlariga sodiqligini isbotlab, kelajak sari komil ishonch bilan intilmoqda. Saylangan yetakchi bilan birga qudratli va taraqqiy etgan, inson manfaatlari va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan davlatni qurish yoʻlidan ildam bormoqda.
Xalqimizning bugungi ruhiyati koʻtarinkilik, jipslik, bunyodkorlik tuygʻulariga limmo-limki, bu donishmand bobolar aytgan ulugʻ bir hikmatni eslatadi:
Goʻzal kunlar kelishini kutma,
Unga tomon bormogʻingni unutma!
Vatan yagona — ezgu maqsad ham
Hamma zamonlarda davlatlar oldida turgan hayotiy haqiqatlar va xavf-xatarlar tarix sahnasiga shunday shaxslarni olib chiqqanki, ular ulkan masʼuliyatni boʻyniga olib, millionlarning taqdirini oʻzgartirishga qodir boʻlishgan. Shunday insonlardan biri — hindistonlik siyosiy va jamoat arbobi, Buyuk Britaniyadan mustaqil boʻlish uchun tarixiy harakatga rahbarlik qilgan, zoʻravonlikka qarshi falsafaning muallifi Mahatma Gandi yangicha hayot uchun ilk qadamni qoʻyish juda muhimligini aytgan edi. “Dunyodagi oʻzgarishlarni koʻrish uchun biz oʻzimiz oʻzgarishimiz kerak”, degandi u.
Mamlakatimizda esa keyingi yillarda yuz bergan oʻzgarishlarning tashabbuskori va muallifi Prezident Shavkat Mirziyoyev boʻldi. Shu maʼnoda, yangi saylangan davlat rahbari sifatida lavozimga kirishish tantanali marosimidagi nutq mamlakatimiz xalqi uchun eng yaxshi kelajak yaratishga sodiqlikni namoyon etdi. Bu nutq Vatanimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, barcha fuqarolar uchun tinch-osoyishta hayotni taʼminlash hissi bilan yoʻgʻrilgan.
Shavkat Mirziyoyev yuksak ishonch bildirib, davlat rahbari etib saylagan xalqimizga samimiy minnatdorlik izhor etar ekan, Oʻzbekiston fuqarolarining maqsadi yagona ekanini taʼkidladi.
— Barchamiz Yangi Oʻzbekiston degan yagona va ulugʻ maqsad atrofida yanada jipslashib, xalqimizning orzu-armoni boʻlgan mana shu ezgu gʻoyani amalga oshirish yoʻlida hamkorlik qilamiz, — dedi Prezident.
Qayd etish joizki, mamlakatimizdagi jamiyatning jipslashuvi hamda islohotlarning butun xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi — aynan shu jihatlarga xorijda katta eʼtibor berishmoqda. Saylov jarayonlarini kuzatgan turli davlatlar va xalqaro tashkilotlarning vakillari ham shu fikrni tasdiqlashdi.
— 9-iyul kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashish imkoniga ega boʻldim, — deydi Gamburg universiteti (Germaniya) professori Zigfrid Shoppe. — Koʻplab saylov uchastkalarida boʻldim, turli idoralarda, mahalliy hokimiyatlarda, oliy oʻquv yurtlarida uchrashuvlar oʻtkazdim, oddiy oʻzbekistonliklar bilan suhbatlashdim. Hamma joyda ijobiy munosabat va kelajakka ishonchni koʻrdim. Shu bilan birga, barcha suhbatdoshlarim amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar yoʻliga umid bogʻlamoqda, uning saylovoldi dasturini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Buning ajablanarli joyi yoʻq, chunki Oʻzbekistonda keyingi yillarda kuzatilayotgan koʻplab ijobiy oʻzgarishlar aynan Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi bilan bogʻliq. U mamlakatning aholi farovonligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, tashqi dunyoga ochiqlik va konstruktiv xalqaro hamkorlikka qaratilgan yangilanishlar timsoliga aylandi. Shu bois amaldagi Prezidentning saylovdagi ishonchli gʻalabasi hech kimni ajablantirmadi, u haqiqatan ham, Oʻzbekiston aholisi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Xorijliklarni hayratlantirgan yana bir narsa shu boʻldiki, Vatanimiz fuqarolari Konstitutsiyada mustahkamlangan huquqlarini roʻyobga chiqarishdan manfaatdor.
“Tailandda ham kelgusida boʻlib oʻtadigan saylovlarda ovoz beruvchilarni jalb qilish va yanada koʻproq fuqarolarni qamrab olish maqsadida Oʻzbekistondagi saylovlardan yaxshi namuna olish zarur”, deb yoziladi Tailandning nufuzli “Matichon Daily” gazetasida.
Mamlakatimizning Moskvadagi elchixonasi yonida minglab odamlar Oʻzbekiston Prezidenti saylovida ovoz berish uchun yigʻilganini koʻrgan Markaziy Osiyo boʻyicha ekspert Arkadiy Dubnov sharhlashicha: “Mana, xalqning oʻz yetakchisi atrofida birlashishi qanday boʻladi!».
Tub burilish va ulkan oʻzgarishlar davri
Albatta, har qanday sezilarli natijaga erishish uchun muayyan saʼy-harakatlar talab etiladi. Prezident oʻz nutqida kelgusi davr haqida shunday dedi:
— Oldimizda turgan davr Oʻzbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan oʻzgarishlar davri boʻladi. Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi.
Bu soʻzlar xalqimizni ruhlantirishi bilan birga, har birimizga yuksak masʼuliyat ham yuklaydi. Ayniqsa, turli sohalar rivojiga masʼul boʻlgan rahbarlar endi yangi kuch bilan, yangicha shijoat va gʻayrat bilan ishlashi lozim. Shundagina inson qadri, uning huquq va manfaatlarini taʼminlash, orzularini roʻyobga chiqarish, farovon yashashi uchun sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar yangi surʼatda davom etadi.
Inson qadr-qimmatini ulugʻlash davriga biz qadamba-qadam yetib keldik. Uning boshlanishi deb bundan olti yil avval virtual va Xalq qabulxonalarini tashkil etish orqali odamlar bilan muloqotning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyilganini aytish mumkin.
Xuddi shunday: dunyoda oʻxshashi yoʻq yangi, samarali tizim — “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”, yaʼni kam taʼminlangan oilalar, xotin-qizlar va yoshlar bilan manzilli ish olib borish boʻyicha tashabbusda ham aholining barcha qatlami manfaatlarini koʻzlash mujassam. Bu tizim har bir muhtoj oilani moddiy koʻmak bilan qamrab oldi. Davlat byudjetidan har yili shu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar 18 trillion soʻmdan ortiqni tashkil etdi.
Ilgari aytilmagan kambagʻallik masalasi eng yuqori darajada ochiq muhokama qilina boshlandi. Natijada uni qisqartirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. 2022-yilning oʻzida bir million oʻzbekistonlik kambagʻallikdan chiqa oldi.
Odamlarni turarjoy bilan taʼminlash muammosi ham tezkor hal etilmoqda. Bu hozirgi sharoitda ayniqsa muhim, negaki, ayrim tahlillarga koʻra besh yildan soʻng Oʻzbekiston aholisi 40 million nafardan oshadi. Keyingi yetti yil ichida 300 mingga yaqin turarjoylar barpo etildi, bu esa oʻtgan yillardagidan oʻn marta koʻp, deganidir. Kelgusi yetti yilda hududlarda qoʻshimcha yana millionta uy-joy qurilishi kutilmoqda, buning uchun esa — 15 milliard dollar ajratiladi.
Prezidentimiz oʻz nutqida taʼkidlaganidek, aholining ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi boʻlgan shaxslar, yolgʻiz keksalarni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqamiz.
Fransiyadagi ommabop nashr — “Musulmans en France” jurnalisti Jan-Mishel Brun fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev yetti yilda oʻz mamlakati uchun tom maʼnoda “ilgari sakrash”ni taʼminladi. Oʻzining iqtisodiy koʻrsatkichlari bilan Oʻzbekiston mintaqada eng yuqori oʻrinda. Masalan, oʻtmishning eng ogʻir merosi — kambagʻallik darajasi boʻlib, u 2016-yilda 17 foizni tashkil etardi. Subsidiya ajratish, taʼlim tizimidagi va bandlik sohasidagi islohotlar tufayli bu koʻrsatkich pasaydi, deb yozadi u.
Fransiyalik jurnalistning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz vaʼdasida turadi va erishilgan taraqqiyot haqida uning saylovdagi munosib natijasi ham aytib turibdi — 87 foizdan yuqori ovoz toʻplash chinakamiga xalqning qoʻllab-quvvatlashidir. Bunga har bir kuzatuvchi amin boʻldi.
“Tabiiyki, ana shu raqamning oʻzi Prezident uning dasturini maʼqullovchi, qoʻllab-quvvatlovchi xalq tomonidan saylangani haqida tasavvur hosil qiladi. Ovoz berish jarayonida saylovchilarning 79 foizi qatnashgani ham bizda havas uygʻotishi uchun yetarli boʻldi. Negaki, bu borada bizdan ham yaxshilar borligini tan olish qiyinroq”, deb xulosa qiladi muallif.
Doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlar
Soʻnggi yillarda erishilgan yutuqlar haqida soʻz borar ekan, Oʻzbekistonning tashqi siyosatida roʻy bergan va dunyo mamlakatlari bilan mustahkam hamkorlik munosabatlarini oʻrnatishga olib kelgan oʻzgarishlarni eslamasak boʻlmaydi. Ayni zamonda sayyoramizda hukmron boʻlgan tahlikali vaziyatda ular juda muhimdir.
Prezidentimizning lavozimga kirishish tantanali marosimidagi nutqida keltirilgan soʻzlar bilan aytadigan boʻlsak, oʻzingiz koʻrib turibsiz, bugun dunyo qanday shiddat bilan, keskin oʻzgarib bormoqda. Jahon miqyosida bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda. Ayni vaqtda oldindan tahlil qilib boʻlmaydigan jarayonlardan iborat oʻta murakkab yangi bir davr boshlanmoqda.
Yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazmoqda. Bunday nizo va toʻqnashuvlar, shafqatsiz raqobat savdo va investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi boʻyicha yangi muammolar keltirib chiqarmoqda.
Xalqimizda “Qoʻshning tinch — sen tinch”, degan maqol bor. Shunga amal qilgan holda, Oʻzbekiston Shavkat Mirziyoyev boshchiligida oʻzining tashqi siyosatini qayta koʻrib chiqdi. Ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan mustahkam hamkorlik oʻrnatish, butun mintaqada shunday tinchlikparvarlik jarayonlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashabbuslar ilgari surildi. Bunday oʻzgarishlar qardosh xalqlar oʻrtasidagi munosabatlarga ijobiy tus berdi. Natijada avvalgi gina-xafagarchiliklardan asar ham qolmadi.
Nihoyat, bir necha oʻn yil doʻstona munosabatlarga toʻsiq boʻlib kelgan “muzlar eridi”. Oʻzgarishlarning iliq shabadalari qalblarni toʻldirib, quvontirib, yayratib yubordi. Qoʻshni mamlakatlarda yashaydigan xalqlar oʻrtasida bordi-keldi tiklandi. Chegaralar ochildi. Mamlakatlar orasida erkin harakatlanish yoʻlga qoʻyilgach, mintaqaviy savdo ham jonlandi. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdosi hajmi sezilarli darajada ortdi. Yaʼni ikki baravardan koʻproqqa koʻpayib, 2022-yil oxirida 7,5 milliard dollarga yetdi.
Shavkat Mirziyoyev saylovoldi uchrashuvlarida bundan keyin ham ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat, shuningdek, Oʻzbekistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalar boʻyicha tashabbuslarini ilgari surish davom ettirilishini aytib oʻtdi. Markaziy Osiyodagi amaliy hamkorlik umumiy masalalar boʻyicha ham, jumladan, suvdan oqilona foydalanish va transport yoʻlaklarini rivojlantirish singari masalalar boʻyicha ham, sifat jihatdan yaxshilanadi.
“Barqaror Markaziy Osiyo sarmoyaviy faollik va iqtisodiy oʻsishning muhim markazlaridan biriga aylanib bormoqda, — deb qayd etildi Yaponiyaning “The Japan Times” nashridagi maqolalardan birida. — Qator ekspertlarning fikriga koʻra, soʻnggi besh yil ichida mintaqa mamlakatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 20 foizga oʻsib, 370 milliard AQSH dollaridan oshdi”.
Kunchiqar mamlakat gazetasida taʼkidlanganidek, “Markaziy Osiyodagi hamkorlik jarayonlari kuchayishida 2016-yili Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangan vaqtdan boshlab rasman yoʻlga qoʻyilgan Toshkentning yangi tashqi siyosiy kursi trigger rolini oʻynadi. U Markaziy Osiyo mintaqasida sogʻlom siyosiy iqlim shakllanishiga sharoit yaratdi, shuningdek, ham davlatlararo munosabatlarda, ham koʻp tomonlama hamkorlik formatida izchil va bir vaqtning oʻzida tub oʻzgarishlar sababchisi boʻldi”, deb xulosa qilinadi “The Japan Times”da.
— Oʻzbekiston oʻz milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, ochiq va oʻzaro manfaatli xalqaro munosabatlarda oʻz rolini kuchaytirishga intilayotgani Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsadlaridan biridir, — deya eʼtirof etildi Saudiya Arabistonida ham.
Qirollikning yirik internet-nashri boʻlgan “Swift News” Oʻzbekistonda roʻy berayotgan oʻzgarishlar haqida turkum maqolalar eʼlon qildi. Ularda, jumladan, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli Oʻzbekiston hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan mintaqaviy hamda global masalalar boʻyicha doimiy muloqot olib bormoqda va uning muhim natijalarini dunyo tan olmoqda, deya qayd etildi. Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston keyingi yillarda tashqi siyosatda xorijiy davlatlar, ayniqsa, yaqin joylashgan mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish masalasi boʻyicha salmoqli natijalarga erishmoqda. Shuningdek, respublika tarixda birinchi marta BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylandi.
“Ochiq tashqi siyosat va jahon sahnidagi qatʼiy saʼy-harakatlari tufayli xorijda Oʻzbekistonga nisbatan qiziqish va ishonch ortib bormoqda, bu esa rasmiy Toshkentning tutgan oʻrnini, jumladan xalqaro reytinglardagi nufuzini mustahkamlayapti”, deb xulosa qilinadi nashrda.
Bebaho boyligimiz — koʻp millatli xalqimiz
Davlat rahbari belgilab bergan Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, Oʻzbekiston iqtisodiyotda keng koʻlamli yangilanishlarni amalga oshirmoqda va bu jarayonda uni “yashil” relslarga oʻtkazib, investitsiyalar hajmi koʻpaytirilmoqda. Istiqbolda katta marra olingan, yaʼni 2030-yilga borib, yalpi ichki mahsulot hajmi 160 milliard dollarga yetkazilishi va mamlakatimiz daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirishini taʼminlash koʻzda tutilgan.
Taʼkidlash joizki, ayni davrda mamlakat iqtisodiyoti mavjud zaxiralardan unumli foydalanish, innovatsion mahsulotlar yaratish, ilgʻor texnologiyalarni oʻzlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish asosida rivojlanib bormoqda. Biznes-muhitning yaxshilanishi natijasida tadbirkorlar safi ikki baravar kengaydi va ular jamiyatimiz rivojini taʼminlovchi, islohotlarni jadallashtiruvchi kuchga aylandi. Bu esa jahon iqtisodiyotining taraqqiyot tamoyillariga toʻla mos keladi. Negaki, xususiy sektor innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, yalpi ichki mahsulot hajmini va eksport salohiyatini oshirish, eng asosiysi, bandlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda har yili yaratilayotgan ish oʻrinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keladi.
Ayni vaqtda xususiy sektorning yalpi ichki mahsulot hajmidagi ulushini 80 foizga, uning eksportdagi ulushini esa 60 foizgacha yetkazish boʻyicha saʼy-harakatlar amalga oshirilyapti. Oʻzbekiston hukumatining mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini koʻtarishga, jumladan, xususiy sektor investitsiyalarini koʻpaytirishga qaratilgan muhim islohotlari Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining tadqiqotlarida ham qayd etildi.
Iqtisodiyot sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijasi oʻlaroq, Oʻzbekistonga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi keyingi yillarda uch baravar oʻsdi. Birgina 2022-yil yakunlariga koʻra, ushbu koʻrsatkich 10 milliard dollardan ziyod boʻldi. 2030-yilga borib, investitsiyalarni 250 milliard dollargacha yetkazish, shundan 110 milliard dollari — xorijiy sarmoyalar va 40 milliard dollari — davlat-xususiy sheriklik asosidagi sarmoyalar boʻlishi koʻzda tutilgan.
Xitoyda ingliz tilida chop etiladigan nufuzli “Global Times” gazetasida ekspert Sun Chuanchji taʼkidlaganidek, Shavkat Mirziyoyev yangi Oʻzbekiston davrini ochishga qodir boʻlgan islohotchi sifatida oʻzini namoyon qilgani holda millat yetakchisi maqomiga sazovor boʻlib, mamlakatni yanada taraqqiyot va modernizatsiya sari yetaklayotir.
“Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli Oʻzbekiston barqaror rivojlanish surʼatlarini, oʻz kuch-qudrati va salohiyatiga toʻla tayangan holda oʻz mustaqilligi va xalqining tinch-osoyishta hayotini himoya qilish qobiliyatini namoyish etayotgan va jadal rivojlanayotgan davlatga aylangan”, deb yozadi muallif.
Gazetada keltirilishicha, jahon iqtisodiyotidagi inqiroz va tashqi muhitning beqarorligiga qaramay, Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlarini saqlab qolishga muvaffaq boʻldi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yil oxiriga borib Oʻzbekistonda YAIM 6 foizga oʻsishi kutilmoqda, bu esa mamlakatning jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Shubhasiz, oʻzi ilgari surgan maqsadlarga yetish uchun mamlakatimiz nafaqat tabiiy zaxiralar, balki mehnat resurslariga ham, intellektual va maʼnaviy salohiyatga ham ega.
Prezident oʻz nutqida eʼtirof etganidek, Oʻzbekistonimizning yer osti va yer usti boyliklari koʻp. Lekin bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bu — yagona, ahil oila boʻlib yashayotgan koʻp millatli xalqimizdir... Biz mamlakatimizdagi 130 dan ortiq millat va elat vakillariga oʻz tili, madaniyati, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishni izchil davom ettiramiz.
Nobel mukofoti laureati Nelson Mandela aytgan ekan: “Taʼlim — eng kuchli qurol, uning yordamida dunyoni oʻzgartirish mumkin”. Mashhur siyosatchi va ozodlik uchun kurashchining bu soʻzlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda progressiv, gullab-yashnagan jamiyat qurishda hal qiluvchi rol oʻynovchi taʼlim va inson kapitalini jadal surʼatlar bilan rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarni yorqin ifodalab turibdi.
Bundan yetti yil ilgari taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalari kechiktirib boʻlmas islohotlarga muhtoj edi. Ushbu muammolarni chuqur anglagan davlatimiz rahbari mazkur tizimlarni tubdan isloh etishga kirishdi. Mutasaddilar ishtirokida oʻtkazilgan qator yigʻilishlar, soha vakillari bilan uchrashuvlarda belgilab berilgan vazifalar, qabul qilingan Farmon va qarorlar natijasida taʼlimda sifat oʻzgarishlari yuz berdi, milliy qadriyatlarga asoslangan hamda zamon andozalariga monand yangi tizim yaratildi.
Amalga oshirilgan ishlar koʻlamini tasavvur qilish uchun baʼzi koʻrsatkichlarni keltirishning oʻzi kifoya: maktabgacha taʼlim tashkilotlarining soni 5,5 baravar ortib, 29 mingtadan oshdi. Agar ilgari har toʻrtinchi bola maktabgacha taʼlim tashkilotiga qatnagan boʻlsa, endi — har toʻrt nafar boladan faqat bittasigina hozircha qatnay olmayapti. Oʻrta taʼlim haqida ham shunday deyish mumkin: ushbu boʻgʻinda qoʻshimcha ravishda 700 mingta oʻquvchi oʻrni yaratildi. Oliy taʼlim tashkilotlarining soni 2,5 baravarga ortib, 210 taga yetdi. Bu esa sogʻlom raqobat muhitini yaratish imkonini bermoqda.
Taʼlim sohasidagi keng koʻlamli islohotlar oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsatib kelyapti. Lekin hech kim erishgan yutuqlarimiz bilan cheklanib qolmoqchi emas. 2030-yilga qadar maktabgacha taʼlimga boʻlgan ehtiyojni toʻla qondirish va bolalarni yuz foiz qamrab olish, bogʻchalarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, maktablarda 2,5 millionta oʻquvchi oʻrni yaratish, oliy taʼlim tizimi va ilm-fan sohasiga ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish rejalashtirilgan.
Shunday ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan majlisdagi nutqidan alohida oʻrin egallagan mamlakat yoshlariga murojaati, ayniqsa, dolzarblik kasb etadi — unda yaratilgan noyob imkoniyatlar koʻrsatib berildi. Oʻshlarga qarata aytildiki, bugun tarixning oʻzi, zamonning oʻzi sizlarning oldingizda beqiyos imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, “Oʻzbekiston tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan buyuk ishlarni amalga oshirishga qodirsiz”, deya ularga katta ishonch bildirilgani ham bejiz emas.
Demak, mamlakatimizda boʻlib oʻtgan saylov va unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning gʻalaba qozonishi, davlatimiz rahbarining inauguratsiya marosimidagi nutqi xalqimizning Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlarning davom etishiga ishonchini yanada mustahkamladi. Toʻgʻri, bu faqat aytishgagina oson. Oldinda hali qilinadigan ishlar koʻp. Dunyoda yuz berayotgan keskinliklar, tahlikali mojarolar, ekologiya va iqlim oʻzgarishlari koʻzlangan marralar sari ildam odimlashda turli qiyinchiliklar, kutilmagan murakkabliklarni paydo qilishi ham bor gap. Biroq niyatlarimiz ulugʻ, qalbimizdagi yorugʻ orzularimiz roʻyobi uchun belimizni mahkam bogʻlaganmiz, shijoatimiz joʻsh urib turibdi. Tarixan qisqa davrda boshimizga tushgan qiyinchilik va mashaqqatlar, tabiiy va texnogen ofatlar, pandemiya va global inqiroz oqibatlaridan odamlarimizning qaddi bukilib, ruhi sinib qolgani yoʻq, aksincha, bunyodkor xalq, bunyodkor millat boʻlib maydonga chiqdi.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqimizning ongi, dunyoqarashi oʻzgargani, uning qalbida oʻziga, ertangi kunga ishonch paydo boʻlgani — bu bizning eng katta yutugʻimiz. Oʻzini oʻzgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham oʻzgartira oladi, oʻz murod-maqsadlariga albatta yetadi.
Oʻtkir RAHMAT.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring