Bir kelib keting qishlogʻimizga...

16:03 25 Aprel 2025 Jamiyat
110 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Shahrisabz tumanining Uloch mahallasi haqida gap ketganda, koʻpchilikning koʻz oldida hududning goʻzal manzarasi jonlanadi. Bir tomoni Hisor togʻ tizmalariga tutashib ketgan, bir yoni hamisha sersuv va sershovqin “Oqdaryo” daryosi sohillari boʻylab choʻzilgan, qalin daraxtzorlar bilan qoplangan bu mahallaning maftunkor tabiati, yozda ham salqin va toza havosi har qanday odamni oʻziga maftun etadi. Bir qarashda ana shunday goʻzal tabiat qoʻynida yashayotgan insonlarga havasi keladi kishining. Biroq bu yerning ham oʻziga yarasha muammolari, qiyinchiliklari yoʻq emas. Masalan, bandlik sohasida.

Ayni paytda mahalladagi 774 ta xonadonda 3600 dan oshiq aholi istiqomat qilmoqda. Mehnatga layoqatli aholining bir qismi hududdagi ijtimoiy soha muassasalarida ishlashadi. Tadbirkorlik subyektlaridan bitta gʻisht zavodi va bitta mehmonxona faoliyat koʻrsatmoqda.

Shuningdek, kichik savdo va xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanayotgan, fermer va dehqon xoʻjaliklarini yuritayotgan, tomorqachilikdan yaxshi daromad topayotgan xonadonlar bor. Jumladan, shu mahallalik Noʻmon Xudoyqulov oʻzining 12 sotix tomorqasida malina yetishtirishni yoʻlga qoʻygan.

Dehqonning aytishicha, hududning iqlim-sharoiti malinachilik uchun juda qulay. Shu bois ham nafaqat Uloch, balki qoʻshni Miraki, Polmon, Chorshanbe mahallarida ham malinachilik yangi tarmoq sifatida rivojlanib bormoqda.

— Malina shifobaxsh meva, — deydi u. — Daromadi yaxshi, bozorda doimo talab bor. Qolaversa, yerlarimizning unumdorligi, havoning sofligi ham malinachilikka mos. Bundan yaxshi daromad topyapmiz.

Ulochlik yana bir mirishkor Botir Yusupov tomorqasidagi ikki sotix maydonda issiqxona tashkil etib, qulupnay yetishtirmoqda. Dilnoza Hamrayeva tikuvchilik, Farogʻot Ziyodullayeva novvoylik bilan shugʻullanib, yaxshi daromad topyapti.

Tabiiyki, faqat shularning oʻzi bilan hududdagi bandlikka oid muammolarni bartaraf etib boʻlmaydi. Buning uchun mahallada yangi-yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining oʻzini oʻzi band qilish qamrovini oshirish zarur.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Miraki turistik zonasining barpo etilib, hududga sayyohlar oqimining oshishi “Shahrisabz — Miraki” yoʻnalishida joylashgan Ulochda ham agro va ekoturizmni hududning drayveriga aylantirish imkonini bermoqda.

Ayni paytda mahallaning tepa qismidagi adirlik bagʻridan 500 gektar lalmi yer maydoni oʻzlashtirilib, u yerda uzumzor va bogʻ tashkil etilmoqda. Ushbu loyihaga Iqtisodiyot va moliya vazirligi koʻmagida Germaniya hamkorlik tashkiloti (GIZ)ning 700 ming yevro granti hamda viloyat mahalliy byudjetidan 4,8 milliard soʻm hamda Respublika tovar xom-ashyo birjasi tomonidan 50 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.

— Hozirgi kunda bu yerga 13 kilometr masofadan quvur orqali suv tortib kelinib, namunaviy asosda eksportbop uzum hamda mevali bogʻ tashkil etish ishlari olib borilmoqda, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Laziz Rahmatov. — Ushbu bogʻda yiliga 7500 tonna mahsulot yetishtirilib, uning asosiy qismi eksportga yoʻnaltiriladi.

Yana bir jihati, bogʻda agroturizmni yoʻlga qoʻyish uchun ham barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Buning uchun majmua hududida zamonaviy mehmonxona, ovqatlanish, dam olish majmualari, chorva komplekslari barpo etilmoqda. Majmua toʻliq ishga tushirilgach, bu yerda ming nafar doimiy hamda uch ming nafar mavsumiy ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Bu hududdagi koʻplab fuqarolar endi mahallaning shu yerning oʻzida ish bilan taʼminlanadi, deganidir.

— Aholining oʻzida ham turizm xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishga qiziqish oshib bormoqda, — deydi Laziz Rahmatov. — Ayni paytda uch nafar mahalladoshimiz uy mehmonxonalari tashkil etish harakatida. Yana bu ishga qiziqish bildirayotganlar koʻp. Chunki bu yildan “Miraki” turistik zonasining ishga tushib, hududga sayyohlar oqimining oshishi mahallamizda ham bu yoʻnalish yaxshi daromad keltiradigan sohaga aylanishini odamlarimiz tushunib turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер