Bilimlar kuni: aql, tafakkur va barkamollik qoʻngʻirogʻi

14:36 02 Sentyabr 2025 Jamiyat
133 0

Bugun erta tongda Fargʻona viloyatidagi barcha maktablarda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Anvoyi gullar koʻtarib, yuzida shirin tabassum bilan qadrdon bilim maskani sari shoshilayotgan bolalar uchun bu kun nafaqat yangi oʻquv yilining boshlanishi, balki navqiron avlod hayotida yana bir yangi sahifa ochiladigan, ezgu niyat va ulkan orzularga hamohang boʻlgan quvonchli kunga aylanishi shubhasizdir.

Fargʻona shahridagi 25-umumtaʼlim maktabida ham ushbu sana munosabati bilan bayram tadbiri oʻtkazildi.Tantanali marosimda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ustozlar va oʻquvchilarni ushbu qutlugʻ sana bilan samimiy muborakbod etdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur maktab negizida 45 milliard soʻm mablagʻ evaziga 1 ming 600 oʻquvchiga moʻljallangan zamonaviy taʼlim muassasasi barpo qilindi. Bunyodkorlik jarayonida 330 oʻrinli yangi oʻquv binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, sinf xonalari, sport zali, kutubxona hamda oshxona tubdan taʼmirlanib, yangi jihozlar bilan taʼminlandi. Natijada maktabda oʻquv jarayonini 1 koeffitsiyentli tizim asosida samarali tashkil etish imkoniyati yaratildi.

— Kelajagimiz vorislari uchun muhayyo etilgan bunday sharoitlar yangi avlodni faqat aʼlo bahoga oʻqishga undaydi,—deydi faxriy oʻqituvchi Toʻtixon Xoʻjaqulova. — Buning uchun bu kabi qulayliklardan unumli foydalanish va qadriga yetish kerak. Sahnaga oʻrnatilgan katta ekranda maktabning kechagi va bugungi kunini aks ettiruvchi videorolikni koʻrib oʻquvchilarga juda ham havasim keldi. Oʻtgan qisqa davrda bilim dargohi qiyofasi butunlay oʻzgarib, muhtasham koʻrishiga ega boʻlgani hayratga sazovordir.

Aytish joiz, bugungi kunda Fargʻona viloyatida 1 ming 108 ta umumtaʼlim maktabi (shundan 122 tasi xususiy) faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda qariyb 756 ming nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya oladi.

Yangi oʻquv yilida taʼlim muassasalari 1-sinfiga 78 ming nafar oʻgʻil-qiz qabul qilinib, ularga 12 xil nomdagi “Prezident sovgʻalari” tantanali ravishda taqdim etildi. Bu bilim dargohining oʻzida esa 1-sinfga qariyb 200 nafar oʻquvchi qabul qilindi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер