“Bilimdon ustoz — 2025” olimpiadasi gʻoliblari aniqlandi

Surxondaryo viloyatida birinchi marta tashkil etilgan “Bilimdon ustoz — 2025” nomli olimpiada yakuniga yetdi. Mazkur bilimlar bellashuvi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi hamda “Surxon sanoat qurilish” kompaniyasi hamkorligida matematika va fizika fanlari oʻqituvchilari oʻrtasida oʻtkazildi.
Bellashuvning tuman, shahar va viloyat bosqichlarida jami 2 ming nafarga yaqin oʻqituvchilar oʻz bilim va mahoratini sinovdan oʻtkazdi. Olimpiadaning asosiy maqsadi — tajribali ustozlarni ragʻbatlantirish, taʼlim sifatiga boʻlgan eʼtiborni yanada kuchaytirishdan iborat boʻldi.
Matematika fani boʻyicha 1-oʻrinni Sariosiyo tumanidagi 74-maktab oʻqituvchisi Dilshod Sattorov egallab, “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi. Ikkinchi oʻringa sazovor boʻlgan Termiz shahridagi 12-maktab oʻqituvchisi Munisa Bobonazarova 30 million soʻmlik pul mukofotiga ega boʻldi. Uchinchi oʻrinni egallagan Jarqoʻrgʻon tumanidagi 67-maktab oʻqituvchisi Gavhar Joʻrayeva esa 20 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Fizika fani boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Termiz tumanidagi 14-maktab oʻqituvchisi Abbos Boltayev ham “Damas” avtomobiliga ega boʻldi. Ikkinchi oʻrinni egallagan Jarqoʻrgʻon tumanidagi 19-maktab oʻqituvchisi Ravshan Mamadaliyev 30 million soʻmlik pul mukofoti bilan, uchinchi oʻrin sohibasi — Denov tumanidagi 108-maktab oʻqituvchisi Elyor Meliboyev esa 20 million soʻm bilan taqdirlandi.
Tantanali taqdirlash marosimida viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rahbarlari, “Surxon sanoat qurilish” kompaniyasi vakillari, faollar hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Bu kabi olimpiadalar nafaqat oʻqituvchilarni ragʻbatlantiradi, balki taʼlim sifatini oshirish, bilimli va zamonaviy kadrlarni shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Farhod ESONOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring