Bektemir Meliqoʻziyevning navbatdagi jangi sanasi va raqibi aniq boʻldi

15:04 28 Yanvar 2026 Sport
294 0

WBA yoʻnalishi boʻyicha chempionlik kamari uchun majburiy daʼvogar hisoblangan oʻzbekistonlik bokschi Bektemir Meliqoʻziyevning navbatdagi jang sanasi va raqibi maʼlum boʻldi. Bu haqda sportchi oʻzining Instagram sahifasida maʼlum qildi.

Unga koʻra, “Bek Bully” taxallusini olgan professional bokschi 2026-yilning 22-fevral kuni AQSHning Las-Vegas shahrida tashkil etiladigan professional boks oqshomining asosiy kardida ringga chiqadi. Ushbu jangda unga Gana vakili Sena Agbeko raqib boʻladi.

Maʼlumot uchun, 29 yoshli Meliqoʻziyev professional faoliyati davomida 17 ta jang oʻtkazib, ularning faqat bittasida magʻlubiyatga uchragan. U gʻalabalarining 10 tasini raqiblarini muddatidan avval yengish orqali qoʻlga kiritgan. Bokschimiz soʻnggi bor 2025-yilning 25-may kuni WBA Eliminator kamari uchun amerikalik Daryus Fulghemga qarshi ringga koʻtarilib, hakamlar qarori bilan gʻolib deb topilgan edi.

Uning 33 yoshli ganalik raqibi Sena Agbekoning hisobida esa 33 ta jang, 29 ta gʻalaba va 4 ta magʻlubiyat mavjud. Eʼtiborli jihati shundaki, u gʻalabalarining 23 tasini raqiblarini nokaut qilish orqali qoʻlga kiritgan. Shuningdek, magʻlub boʻlgan janglaridan 3 tasida uning oʻzi muddatidan oldin taslim boʻlgan, 1 ta jangda hakamlar qarori bilan imkoniyatni boy bergan.

Oʻzbekistonlik bokschi kardga chiqadigan turnirning markaziy jangida yarim oʻrta vazn toifasida WBC chempioni Mario Barrios va sobiq jahon chempioni Rayan Garsiya oʻzaro toʻqnash keladi. Ikkinchi asosiy bahsda esa Richardson Xitchins oʻz kamarini Oskar Duartedan himoya qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?