Ajratilayotgan mablagʻlar kam daromadli oilalarning turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladi

Bugun, 6-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Kun tartibdan ikkita — Davlat dasturining 9 oylik hisoboti va 2024-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi masala oʻrin olgan.
Fraksiya aʼzolari dastlab 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid chora-tadbirlarning 9 oylik ijrosi bilan bogʻliq hisobotni tingladi.
Davlat dasturining jami 443 ta yaxlit va kichik bandlarida nazarda tutilgan topshiriqlardan 250 tasining ijro muddati 2023-yilning 9 oyi etib belgilangan. Shundan 187 ta band (kichik band) toʻliq bajarilgan, 42 tasining ijrosi yuzasidan tegishli hujjat loyihalari ishlab chiqilgan, 14 tasining ijro muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan. 2023-yilning 9 oyi yakunida yalpi ichki mahsulot oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizni, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat – 5,7 foizni, xizmatlar – 6,5 foizni tashkil qilgan.
Eʼtiborlisi, koʻrilgan qoʻshimcha choralar natijasida 914 mln. dollarlik 2009 ta loyiha muddatidan oldin ishga tushirilib, 24 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishilgan.
Deputatlar byudjet mablagʻlarining katta qismi ijtimoiy sohalarga ajratilganini hisobga olib, xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab quvvatlash, ishsiz va kam daromadli oilalarga yordam qilish, sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimi kabi qator yoʻnalishlardagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlarning maqsadli va manzilliligini taʼminlash zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Xususan, joriy yilning 9 oyi davomida 7,7 mln. nafar 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar xatlovdan oʻtkazilib, ularning 1 mln. 680 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ularning 929 813 nafariga yordam koʻrsatilgan. Xususan, 425 760 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlardan 414 849 nafari yangi ish oʻrinlari va jamoat ishlariga joylashtirilgan. Tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlarning 44 956 nafariga imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Bundan tashqari, yoshlar muammolari va murojaatlari bilan ishlashning yangicha mexanizmi joriy etilib, yoshlarga “yoshlardaftari.uz” elektron platformasi, “1093” qisqa raqamli koll-markazi yoki mahalla yetakchisi orqali onlayn ariza qoldirish va murojaat holati toʻgʻrisida maʼlumot olish imkoniyati yaratilgan. Hisobot davrida Yoshlar yetakchilari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida yoshlar murojaatlarini koʻrib chiqish muddati 30 kundan 5 kunga, yordam koʻrsatish 40 kundan 16 kunga qisqartirilishiga erishilgan, yetakchilar tavsiyasi asosida koʻrsatiladigan yordam turlari 11 tadan 25 taga yetkazilgan.
Hisobotni tinglar ekan, deputatlar partiya elektorati bilan bogʻliq masalalarda mutasaddilarga savollar bilan murojaat qildi. Ijtimoiy sohadagi masʼullarning javobgarligini kuchaytirish, budjet mablagʻlarining manzilliligini taʼminshga oid oʻz takliflari, fikr-mulohazalarini bildirdi.
Fraksiya yigʻilishida shuningdek, “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi hamda Byudjetnomani koʻrib chiqildi. Loyihada Davlat byudjetining asosiy parametrlari belgilangan.
2024–2026-yillar uchun soliq-budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari sifatida quyidagilar belgilab olindi:
konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi 2024-yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz etib belgilanib, 2025-2026-yillarda esa yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik;
byudjet taqchilligi qisqartirilishi iqtisodiyotda yalpi talabning oʻsishini tartibga solish, oʻz navbatida, tashqi savdo balansi manfiy taqchilligini va inflatsion bosimni kamaytirishga xizmat qiladi.
Deputatlar loyihada 2024-yilda ijtimoiy soha, xususan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, ehtiyojmand kishilarni uy-joy bilan taʼminlash kabi qator masalalar uchun Davlat byudjeti xarajatlarining 48 foizga yaqini yoʻnaltirilishi koʻzda tutilganiga eʼtibor qaratdi. Bu orqali partiya elektorati manfaatlari, ehtiyojmand aholi qatlami vakillarining ijtimoiy himoya masalalarini yanada kuchaytirish mumkinligiga urgʻu berildi.
Aholini ijtimoiy himoya qilish jami xarajatlari uchun 18,6 trln. soʻm, shundan kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar toʻlash xarajatlariga 10,3 trln. soʻm mablagʻ rejalashtirilmoqda. Fraksiya aʼzolari ushbu mablagʻlar kambagʻallikni qisqartirish, kam daromadli oilalarning turmush tarzini yaxshilashda dolzarb ahamiyatga ega ekanini qayd etishdi.
Shuningdek, kelgusi yilda kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar toʻlash, Ijtimoiy himoya milliy agentligining tizim tashkilotlarini (bolalar va mehribonlik uylari, voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari) saqlash xarajatlari, mahallalarni nodavlat notijorat tashkilot va byudjetdan mablagʻ oluvchi sifatida saqlash xarajatlari respublika budjetidan moliyalashtirilishi belgilanmoqda.
Fraksiya aʼzolari davlat byudjetining taqsimoti bilan bogʻliq masalalarda masʼullarga savollar bilan murojaat qildi.
Xususan, fraksiya aʼzosi Maqsuda Vorisova dori-darmonning realizatsiyasi bilan bogʻliq masalada savollar bilan murojaat qildi. Xususan, sohadagi sugʻurtalash tizimining bekor qilinishi, soliqlarni joriy etish narx-navoning oshib ketishiga taʼsir qilishi mumkinligini taʼkidladi. Bu borada Sirdaryodagi voqealar biror qaror chiqarishdan oldin jiddiy oʻylab koʻrishni taqazo qilishi qayd etildi. Shu bilan birga, 40 yoshdan oshgan fuqarolarni qandli diabet kasalligiga tekshirish uchun mablagʻlar yoʻnatirilimaganiga eʼtiroz bildirdi.
Moliya vazirligi aholi glyukoza topshirishi uchun 14 milliard qoʻshimcha mablagʻ loyihaga kiritilishini maʼlum qildi.
Fraksiya aʼzolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan keltirilgan raqamlar, taqdim etilgan maʼlumotlardan kelib chiqib, tegishli qarorlar qabul qildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring