AQSHning yangi milliy xavfsizlik strategiyasi eʼlon qilindi
AQSh prezidenti Donald Tramp va AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset
AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati yangi milliy xavfsizlik strategiyasini eʼlon qildi – mazkur hujjat AQSHning tashqi va mudofaa siyosatining tamoyillari va ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi. Strategiyada Tramp amalda boshlagan bir qator keskin burilishlar mustahkamlangan: global dominantlikka intilishdan voz kechish, Lotin Amerikasi va Osiyoga kuchaytirilgan eʼtibor, Yevropa va Yaqin Sharqni ikkinchi oʻringa surish. Hujjatdan anglashilishicha, Rossiya–Ukraina urushi Tramp va uning tashqi siyosat jamoasi uchun ikkinchi darajali masala hisoblanadi.
AQSH strategiyasining asosiy jihatlari
– AQSH dunyoda sodir boʻlayotgan har bir jarayon ularning milliy manfaatlari doirasiga kirmaydi, degan gʻoyadan voz kechmoqda;
– “Kuch orqali tinchlik” tamoyili: AQSH oʻz iqtisodiy, texnologik va harbiy ustunligini taʼminlamoqchi, bu orqali manfaatlariga zarar yetmasligiga erishishni maqsad qilmoqda;
– AQSH boshqa davlatlarning ishlariga faqat eng keskin holatlarda aralashadi;
– “Moslashuvchan realizm”: AQSH har qanday rejimlar bilan ishlashga tayyor va hamkorlik uchun demokratizatsiya, liberallashuv yoki boshqa siyosiy shartlarni talab qilmaydi;
– AQSH milliy davlatlar manfaat va qadriyatlarini nodavlat tashkilotlardan ustun qoʻyadi;
– AQSH oʻz suverenitetini himoya qiladi va boshqa davlatlar suverenitetiga hurmat bilan yondashadi;
– “Kuchlar muvozanati”: AQSH global dominantlikka intilishdan voz kechadi va boshqa yirik, boy davlatlarning ham oʻz taʼsir hududlari borligini tan oladi;
– AQSH siyosati shunchaki iqtisodiy oʻsishga emas, balki ishchi amerikaliklarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻladi;
– AQSH barcha sheriklaridan halol hamkorlikni talab qiladi va oʻzini ekspluatatsiya qilishga yoʻl qoʻymaydi; xususan, ittifoqchi davlatlar oʻz mudofaasi uchun oʻzlari sarf qilishi kerak, AQSHning himoyasiga suyanmasligi lozim;
– AQSH meritokratiyaga tayanadi; shu bilan birga AQSH mehnat bozorini himoya qiladi va doimo amerikaliklar manfaatini birinchi oʻringa qoʻyadi.
Hujjatda toʻgʻridan-toʻgʻri “Monro doktrinasi”ga qaytish eʼlon qilingan. Unga koʻra, Gʻarbiy yarimshar Sharqiy yarimshar davlatlarining taʼsiridan mustaqil boʻlishi kerak. 1823 yilda Prezident Jeyms Monro eʼlon qilgan ushbu doktrina, avvalo, Amerika qitʼasidagi sobiq koloniyalarni Yevropa davlatlari taʼsiridan himoya qilishga qaratilgan edi.
“Monro doktrinasiga Tramp qoʻshimchasi” (hujjatda qoʻllanilgan atama) quyidagini anglatadi:
“Biz yarimsharimiz tashqarisidagi raqobatchilarning bu yerda qoʻshin tiqishi, tahdid manbalarini joylashtirishi yoki hayotiy ahamiyatga ega aktivlarni nazorat qilishiga yoʻl qoʻymaymiz”.
Osiyoda AQSH Xitoy bilan iqtisodiy munosabatlar balansini oʻzgartirishni koʻzlaydi. Xususan, Xitoyga adolatsiz ustunlik beruvchi sanoat subsidiyalari kabi amaliyotlarni bekor qildirishga intiladi.
Shuningdek, AQSH Hind-Tinch okeani mintaqasidagi mojaroni (ayniqsa, Xitoyning Tayvanni kuch bilan egallashi xavfini) oldini olish maqsadida siqib-qoʻyish siyosatini yuritadi. Bundan tashqari, AQSH Yaponiya va Janubiy Koreyadan mudofaa xarajatlarini oshirishni talab qiladi.
Yevropadan AQSH oʻz mudofaasini oʻzi taʼminlashni va Vashington himoyasiga suyanmaslikni qatʼiy talab qiladi. Shu bilan birga, strategiyada Yevropa hukumatlarining migratsiya siyosati va siyosiy raqobatni cheklash — ayniqsa, oʻng partiya va harakatlarni turlicha yoʻllar bilan siqish amaliyoti — keskin tanqid qilinadi.
AQSH NATOni kengaytirishni toʻxtatish va Rossiya bilan “strategik barqarorlikni tiklash” niyatini bildirgan.
Unda Rossiya–Ukraina urushi-chi?
Rossiya–Ukraina urushiga hujjatda birgina xatboshi bagʻishlangan: AQSHning maqsadi — harbiy harakatlarni imkoni boricha tez tugatish va iqtisodiy tiklanishni boshlash.
Strategiyada Rossiya agressiyasiga nisbatan hech qanday tanqid yoʻq. Shu bilan birga mualliflar Yevropa hukumatlarini “urush borishi haqida norealistik kutilmalarda” ayblaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring