AQSHda Nurota kashtalarining savdo ko‘rgazmasi tashkil etiladi
Foto: «Xalq so‘zi»
Ko‘p asrlik tarixga ega Nurota kashtachilik maktabi namunalari qadim-qadimdan “Buyuk ipak yo‘li” karvonlarining asosiy mahsulotlaridan bo‘lgan. Bugungi kunda ham ushbu san’at namunalari mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlar tomonidan qadrlanib, xarid qilinadi. Boshqacharoq aytsak, turizm industriyasining xaridorgir mahsuloti.
- Shu bilan birga Nurota kashtachilik maktabi namunalari o‘z davrining kayfiyatini ifodalaydi, - deydi san’atshunos Musallam Ibragimova. - Bunda har bir namuna alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ma’lum bir yo‘nalishlar, ya’ni turli naqshlar, novda, barg, gullar singari unsurlar bu yerda xalqning orzu-havas, turmush tutumini ifoda etadi.
Nurota kashtachilik qadim-qadimdan ayollarning bandligini ta’minlashdek ijtimoiy ahamiyat ham kasb etib, uning siru sinoati buvidan nabira, qaynonadan kelinga o‘tib kelgan. Bugun esa san’atsevar yoshlar hudud kashtachiligida o‘ziga xos maktab yaratgan Saodat Fayziyeva atrofiga birlashib, Nurota kashtachilik maktabining an’anaviy yo‘nalishlarini Buxoro, Qashqadaryo va, hatto Tojikiston kashtachilik maktablari kompozisiya va naqsh unsurlari bilan boyitishmoqda. Nurotalik chevarlar mahsulotlarining okeanorti san’atshunoslarining e’tibori tortgan jihati ham ehtimol shundadir. Tumanga AQSHdan tashrif buyurgan san’atshunos Kate Kenan "Nurota kashtachilik maktabi"ning namunalari bilan tanishib, o‘z mulohazalarini bayon etdi.
- Nurota amaliy san’ati, xususan kashtachiligi, hududning tabiatini, mahalliy aholining kayfiyatini ifoda etadi, – deydi K. Kenan xonim - San’at va marosimlar qadim bog‘liqligi mana shu zaminda saqlanib qolinganligi dunyoda kamdan kam uchraydigan voqelikdir. Albatta, bu juda katta tadqiqot manbai. Chuqurroq tadqiq etilsa, san’at tarixi bilan bog‘liq juda katta kashfiyotlarga manba bo‘ladi.
Tashrif davomida Kate Kenan tomonidan Nurota kashtachiligi san’ati namunalarini eksport qilish bo‘yicha hunarmand Gulmira Islomova bilan shartnoma imzolandi.Shuningdek, joriy yilning oxiriga qadar Nurota kashtalarining savdo ko‘rgazmasini AQSHda tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Temur ESHBOЕV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring