AQSHda istiqomat qilayotgan hamyurtlar Fargʻonaga investitsiya kiritadi
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Amerika Qoʻshma Shtatlarida yashab, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan hamyurtimiz Nodirjon Mardonovni qabul qildi.
Buvayda tumanida tavallud topgan N. Mardonov 25-yildan ziyod vaqt mobaynida AQSHda yashab, koʻp yillar bank sohasida faoliyat olib bordi. Keyinchalik oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyib, bir qator yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda ishladi. Ayni paytda “TashVegas” hamda “NewYorkinvestgrup” MCHJ xorijiy korxonalari asoschisi va rahbari.
Muloqot chogʻida tadbirkor oʻz faoliyati bilan birga erishgan yutuqlari haqida ham gapirib berdi. Fargʻona viloyatiga amerikalik investorlarni jalb qilish, birgalikda qoʻshma investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, yangi ishlab chiqarish yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish hamda oʻzaro hamkorlikni kengaytirishda ham oʻz hissasini qoʻshish istagida ekanligini maʼlum qildi.
Uchrashuvda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, viloyatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va xorijiy biznes doiralari bilan aloqalarni mustahkamlash boʻyicha qator takliflar koʻrib chiqildi.
— Keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik koʻlami jadal rivojlanmoqda, — deydi Nodirjon Mardonov. — Shu kunlarda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan AQSHda boʻlib turibdi. Ishonamizki, bu kabi yuzma-yuz muloqotlar oʻzaro ishonchli, doʻstona aloqalarni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi. Ayni jihatlarni inobatga olib, Fargʻonada istiqbolli loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz.
Viloyat hokimi bildirilgan tashabbus va takliflarni yuqori baholadi, Yurtimizga investitsiya kiritishga oʻz hissasini qoʻshayotgan tadbirkorni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini qayd etib, oʻzaro aloqalarni rivojlantirish hamda hamkorlikda ishlashdan umidvor ekanligini taʼkidladi.
Botir MADIYOROV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring