Andijondagi gaz “zapravka”da yoqilgʻi tashuvchi avtomobil yonib ketdi (+video)

14:37 05 Sentyabr 2025 Jamiyat
273 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijondagi gaz “zapravka”da yongʻin sodir boʻlgani haqidagi videotasvirlar keng tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi munosabat bildirdi.

Unga koʻra, bugun, 5-sentyabr kuni soat 12:05 da viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga, Andijon tumanida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan va siqilgan gaz toʻldirish shoxobchasi hududida yongʻin sodir boʻlayotgani toʻgʻrisida murojaat kelib tushgan.

Maʼlum boʻlishicha, gaz toʻldirish shoxobchasi hududida taxminan 5 tonnali yoqilgʻi saqlash sigʻimiga ega “MAN” rusumli yoqilgʻi tashuvchi avtomobili sisternasidan propan suyultirilgan gazni toʻkish vaqtida texnologik jarayon buzilishi oqibatida yongʻin kelib chiqqan.

Yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari hodisa joyiga soat 12:13 da yetib borib, yongʻin soat 12:26 da oʻrab olingan hamda 13:03 da toʻliq bartaraf etilgan.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bergan maʼlumotlarga koʻra, mazkur hodisa oqibatida tan-jarohati olganlar aniqlanmagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?