Andijonda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari boshlanmoqda

10:39 09 Yanvar 2026 Jamiyat
220 0

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Andijon hududiy filiali tomonidan tuman va shahar elektr taʼminoti korxonalari kesimida 2026-yilga moʻljallangan rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari boshlab yuborildi. Ushbu jarayonda ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari hamda mahallalardagi aholi xonadonlarini elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, elektr tarmoqlarining texnik holatini yaxshilashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

— Olib borilayotgan ishlar, avvalo, elektr taʼminotida barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan, — deydi Andijon hududiy filiali xodimi Muxlisaxon Sobirova. — Ayniqsa, aholi zich yashaydigan mahallalarda yangi transformator punktlari oʻrnatilishi va tarmoqlarni yangilash orqali kuchlanish bilan bogʻliq muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etiladi. Bu esa fuqarolarning kundalik hayotida elektr energiyasidan xavfsiz va qulay foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Jumladan, Andijon shahri Qayragʻochtagi mahallasida yangi transformator punkti oʻrnatilib, rekonstruksiya loyihasi doirasida 24 ta temir-beton ustun qadalmoqda hamda 1,1 kilometr uzunlikda yangi elektr tarmogʻi tortilyapti. Ushbu ishlar mahallada elektr energiyasi yetkazib berish barqarorligini mustahkamlash, kuchlanish bilan bogʻliq nosozliklarni kamaytirish va aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?