Andijon elektr tarmogʻida yangilikka asos solindi

10:57 30 Yanvar 2020 Jamiyat
2158 0

“Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJda “Radiomer” qurilmasi ishga tushirildi. Bu qurilma orqali viloyatdagi isteʼmolchilarga elektr energiyasini yetkazib berish maromini kuzatish mumkin, deydi jamiyat rahbari Ahadjon Joʻrayev boʻlib oʻtgan Matbuot anjumanida.

Joʻrayevga koʻra, qurilmadagi axborot har ikki daqiqada almashib turadi. Eng yaxshi tomoni shundaki, hududlarda yuzaga kelgan nosozlikdan xabar beribgina qolmasdan, uning sababini ham maʼlum qiladi. Ushbu vosita orqali olingan xabarga koʻra tezkor guruh voqea joyiga borib, nosozlikni bartaraf etadi.

“Ushbu qurilma jamiyatimiz mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan va amalda ijobiy natija berdi. Shu bois respublikamizdagi ayrim viloyatlarda ham undan foydalanish yoʻlga qoʻyildi”, deydi Joʻrayev.

Matbuot anjumanida sohada qoʻllanilayotgan bu kabi innovatsion gʻoyalar bilan bir qatorda amalga oshirilgan ishlar ham tilga olindi. Jumladan, oʻtgan yil davomida past kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish borasida 699,8 km. elektr tarmoqlari va 292 ta transformator punktlarida qurilish ishlari olib borildi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?