Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi muhokama qilindi

Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”
Senatning elliginchi yalpi majlisida Andijon viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan “yoʻl xaritalari”ning 2023-yildagi ijrosi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, “yoʻl xaritalari” ijrosi doirasida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishilgan.
Xususan, 2023-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,1 foizga, sanoatda 7,3 foizga, qishloq xoʻjaligida 4 foizga, xizmatlar koʻrsatish sohasida 11,3 foizga va qurilish ishlari hajmi 3,2 foizga oʻsgan. Aholi jon boshiga YAHM hajmi esa 20,3 mln soʻmni hamda oʻsish surʼati 2,8 foizni tashkil etgan.
Investitsiya dasturlari doirasidagi loyihalar hisobiga 30 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratilgan. Viloyatda 802 mln dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 128 ta obyekt foydalanishga topshirilgan.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 91 mingga yaqin xotin-qizlarga hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 31 mingdan ziyod yoshlarga amaliy yordam koʻrsatilgan.
Shuningdek, majlisda senatorlar tomonidan aholini daromadli mehnat bilan band qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Hududiy bandlik dasturi doirasida doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish oʻrinlari hisobiga 532 ming kishining bandligi taʼminlanganligi hamda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 47,6 mingdan ziyod loyihalar uchun kredit mablagʻlari ajratilganligi qayd etildi.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan “yoʻl xaritalari” ijrosini taʼminlashda ayrim kamchiliklar va oʻz yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligi aytib oʻtildi.
Xususan, yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil qilish maqsadida boʻsh turgan binolar va yer maydonlariga tadbirkorlarni jalb qilish boʻyicha belgilangan ayrim vazifalar ijrosining samaradorligi past.
Shahar va tumanlarda 28 ta boʻsh turgan davlat obyekti 3 oydan ortiq vaqt mobaynida auksion savdolariga qoʻyilganiga qaramasdan savdolar boʻlib oʻtmagan deb topilgan. Asaka va Jalaquduq tumanlarida esa auksionga chiqarilgan yer maydonlarining 20 foizi ham sotilmagan.
Shahrixon tumanida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida muammoli kreditlar qoldigʻi yil boshiga nisbatan oʻsgan.
Soliq toʻlovchilarning byudjet oldidagi muddati oʻtgan qarzdorligi Baliqchi, Jalaquduq, Marhamat va Xoʻjaobod tumanlarida oshgan.
Paxtaobod, Boʻston va Oltinkoʻl tumanlarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun kvotalangan ish oʻrinlaridan samarali foydalanilmagan.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan viloyatda xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish, past quvvatda ishlayotgan sanoat korxonalari bilan ishlash, investitsiyalar jalb qilish, eksport hajmini oshirish, aholini uy-joy bilan taʼminlash, suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar masʼul vazirlik va idoralarga koʻrsatib oʻtildi hamda ularni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar bildirildi.
Bunda turizm salohiyati yuqori boʻlgan mahallalarda yoʻl va infratuzilmani yaxshilash, mahalliy byudjet daromadlari barqarorligini taʼminlashda iqtisodiy kompleks rahbarlarining masʼuliyatini oshirish, xotin-qizlarning bandligini taʼminlashda subsidiyalash mexanizmidan keng foydalanish masalalariga urgʻu berildi.
Muhokama yakunlari boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring