Andijon viloyati mahallarida sport maydonchalari va bolalar oʻyingohlarining holati oʻrganildi

20:11 30 Sentyabr 2025 Siyosat
432 0

Joriy yilning 29-30-sentyabr kunlari Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan Andijon viloyati mahallalarida tashkil etilgan sport maydonchalari va bolalar oʻyingohlari holati oʻrganildi.

Oʻrganish ishlari masʼul vazirlik-idoralar vakillari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va Yoshlar parlamenti aʼzolaridan iborat ishchi guruh tomonidan tashkil etildi.

Andijon viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-iyuldagi PQ–245-sonli qaroriga asosan 2022-2025-yillarda 130 ta sport obyekti, jumladan 47 ta universal, 68 ta stritbol-vorkaut va 15 ta vorkaut sport maydonchalari qurilgan. Sport maydonchalari qurilishi uchun 28,8 mlrd soʻm yoʻnaltirilgan.

Viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 34 ta bolalar oʻyingohi qurilgan.

Sport maydonchalari va bolalar oʻyingohlarining qonuniy qurilganligi, texnik holati, qay darajada taʼmirlangani va jihozlangani oʻrganilib, ularning aholi, ayniqsa yoshlar va bolalar uchun qulayligi va xavfsizligi baholandi.

Shuningdek, mahallalardagi bolalar oʻyingohlarini noqonuniy oʻzlashtirish holatlariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Andijon shahrida sport va bolalar maydonchalari oʻrniga boshqa obyektlar qurish boʻyicha 8 ta holat aniqlangan. Ushbu qurilishlarning qonuniy asoslari ishchi guruh tomonidan tahlil etilmoqda.

Oʻrganish davomida ayrim sport maydonchalarining foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgani, sport obyektlarining atrofi oʻralmagani, sport anjomlarining yetishmovchiligi, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagani kabi kamchiliklar aniqlandi.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish hamda aholini sportga keng jalb qilish, mavjud infratuzilmani takomillashtirish va qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi.

Oʻrganish natijalari xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy boshqarmalari rahbarlari ishtirokida Senat qoʻmitasi majlisida muhokama etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер