Amir Temur davrida oʻrnatilgan aloqalar bugun yanada mustahkamlanmoqda
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston – Fransiya hamkorligini mustahkamlash maqsadida 1998-yilda Samarqand va Lion shaharlari oʻrtasida birodarlik aloqalari oʻrnatilgan. Bugungi kunda Samarqand viloyatida Fransiya kompaniyalarining kapitali ishtirokida 2 ta qoʻshma korxona va 1 ta xorijiy korxona mehmonxona, savdo xizmati va qayta tiklanuvchi energiya yoʻnalishida faoliyat yuritib kelmoqda.
Viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi bergan maʼlumotlarga koʻra, 2024-yil yakuni bilan Samarqand hamda Fransiya oʻrtasida tovar aylanmasi 15,4 million AQSH dollarini tashkil etgan (eksport 487,5 ming AQSH dollari va import 14,9 million dollar).

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning 2023-yil 1-2-noyabr kunlari yurtimizga rasmiy tashrifi chogʻida Samarqand shahrida Fransuz alyansining filiali ochilgan edi. Hozirgi kunda Samarqand va Fransiyaning Nitsa shaharlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimizning Fransiyaga davlat tashrifi oldidan Parij shahrida oʻtkazilgan “Ilm-fan va taʼlim: Oʻzbekiston – Fransiya koʻprigi” mavzusidagi qoʻshma konferensiyada ikki mamlakatning 30 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, ilm-fan va taʼlim sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi.

Anjuman doirasida Samarqand davlat chet tillar instituti va Fransiyaning fransuz tilini oʻqitish innovatsion metodik markazi oʻrtasida hamkorlikda faoliyat olib borish hamda oʻzaro tajriba almashish, taʼlim sifatini yanada rivojlantirishda innovatsion loyihalarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B.Xoliqovning qayd etishicha, mazkur shartnoma institutda ayni paytda mavjud fransuz tili boʻyicha mutaxassislar tayyorlash borasidagi ishlarni bugungi kun talablari darajasida takomillashtirish hamda xalqaro darajadagi kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Fransiyaning Pol Valeri nomidagi Monpele universiteti rektori, professor Anne Fraisse xonim hamda Samarqand davlat chet tillar rektori Bahodir Xoliqov oʻrtasida ilm-fan va taʼlim sohasini yanada rivojlantirish yuzasidan muzokara olib borildi. Anne Fraisse xonim SamDCHTI ushbu universitetning Oʻzbekistondagi birinchi hamkori ekanligini bildirib, ikki taʼlim muassasasining sohani rivojlantirishga boʻlgan qiziqishlari oʻzaro mutanosib ekanligini taʼkidladi.
Muzokaralar yakunida imzolangan hamkorlik shartnomasiga muvofiq Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi Key Action 1 granti yordamida 2027-yilgacha boʻlgan muddatda ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida jami 7 nafar talaba hamda 6 nafar professor-oʻqituvchining akademik mobilligi amalga oshirilishi belgilandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring