Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda davlat nazorati takomillashtiriladi

Oʻzbekiston Respublikasida alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimi takomillashtirilmoqda. 2025-yil 20-fevralda qabul qilingan “Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun (OʻRQ-1034-son) ushbu sohada davlat nazoratini yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Qonunga muvofiq, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi. Ularga asosan, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning ulgurji savdosi sohasida litsenziyalash hamda xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshiradi. Shu bilan birga, mazkur inspeksiya ushbu faoliyat turlarida belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qiluvchi vakolatli davlat organi sifatida belgilab qoʻyildi.
Qonunga asosan, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunda isteʼmol va texnik etil spirti hamda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning ulgurji savdosi boʻyicha berilgan litsenziya uchun yillik davlat bojini toʻlash tartibi belgilandi. Unga koʻra, navbatdagi yillik toʻlov litsenziyadan foydalanishning keyingi yili boshlanishidan kamida 30 kun oldin amalga oshirilishi shart. Agar belgilangan muddatda toʻlov toʻlanmasa, litsenziyaning amal qilishi vaqtincha toʻxtatib turiladi. Bu talab faoliyat yurituvchi korxonalarning moliyaviy intizomini mustahkamlashga qaratilgan.
Shuningdek, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonunga ham qoʻshimchalar kiritildi. Endi pivo va pivo ichimliklarining ulgurji savdosi, shuningdek tamaki mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi boʻyicha faoliyat boshlash istagida boʻlgan tadbirkorlar vakolatli davlat organiga xabarnoma yuborishi lozim boʻladi. Bu talab bozorda shaffoflikni taʼminlash va nazoratni kuchaytirish maqsadida joriy etildi.
Ushbu qonun alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish hamda ularning savdosi sohasidagi huquqiy tartibni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bozor ishtirokchilari uchun aniq va oshkora qoidalarni belgilash orqali faoliyat yuritish jarayonini tartibga solish maqsad qilingan. Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirib, mazkur sohada davlat nazoratini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring