Axsikentda 2500-yillik tarix bilan yuzlashdik — Syuzan Uelch

15:17 30 Oktyabr 2023 Jamiyat
111 0

Foto: Халқ сўзи

Azaldan gullar shahri deya eʼtirof etilgan va ayni paytda oʻzining jozibador tabiati va noyob tarixiy meʼmoriy yodgorliklari bilan mehmonlarni oʻziga rom etayotgan Namangan mamlakatimizning qulay turizm maskanlaridan biriga aylanib bormoqda.

Buni, jumladan, qadimiy va navqiron maskanga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar salmogʻi ortib borayotgani misolida ham kuzatish mumkin. Amerikalik yozuvchi, oʻzining zamonaviy, tarixiy mavzudagi romanlari bilan nom qozongan, bir necha adabiy mukofotlar sohibasi Syuzan Uelch kuni kecha Namanganda boʻldi. U hamrohi Bryus Jensen bilan diltortar shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishgandan soʻng Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi qadimiy Axsikent yodgorligi va Yangi Axsi majmuasiga sayohat qildi.

— Axsikent buyuk tamaddun oʻchogʻi, ipak yoʻlining eng buyuk shaharlaridan biri ekan. Biz Namanganga aynan Axsikentni koʻrish uchun keldik va bu yerda 2500-yillik tarixdan soʻzlovchi qazishma ishlariga guvoh boʻldik, —deya taassurotlarini soʻzlaydi mashhur adiba. — Yangi Axsidagi ulkan majmua va osori-atiqalar muzeyi bizga juda yoqdi. Har ikki manzilda tarixni abadiylashtirish uchun olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida batafsil maʼlumot oldik. Bu zaminning buyuk oʻtmishi, ayniqsa, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur bilan aloqador har bir voqeaga oid hikoyalar hayratlantirdi. Koʻrganlarimiz yaratilajak tarixiy asarlarimga yaxshigina mavzu boʻladi, albatta. Mehmonlar tashrif davomida Sirdaryo havzasi tabiati, goʻzal Namangan shahri, uning betakror gastronomiyasidan bahramand boʻldilar.

                                                  Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?