Ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda

14:24 19 Dekabr 2025 Siyosat
143 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirishga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga, aholini sifatli va xavfsizligi kafolatlangan dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan taʼminlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks, Yer kodeksi hamda “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi va “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Yer kodeksiga yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlarni toʻliq yoki qisman boshqa shaxsga oʻtkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat berishni nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga fermer xoʻjaligi rahbari tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga yoʻl qoʻyilmaydigan ishga qabul qilinganda, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini oʻz oila aʼzolaridan biriga berishi mumkinligi belgilanmoqda.

Jinoyat kodeksi hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda tovarlar va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishiga yoki realizatsiya qilinishiga qonunga xilof ravishda aralashganlik yoxud toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar hamda jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga “Vatandosh” kartasi egalarining oila aʼzolari uchun amaldagi viza muddatini koʻp martalik viza etib uzaytirganlik hamda “Vatandosh” kartasi egasi va uning oila aʼzolari turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganlik, shuningdek, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganlik muddati uzaytirilganligi uchun davlat boji toʻlashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga zamin yaratadi. Bundan tashqari, aholi salomatligini ishonchli himoya qilish, dori vositalarini realizatsiya qilish talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash maqsadlariga ham erishiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?