“Air Arabia” aviakompaniyasi Abu-Dabidan Toshkentga parvozlarni yoʻlga qoʻydi

18:58 07 Dekabr 2022 Jamiyat
689 0

Bugun, 7-dekabr kuni “Air Arabia” aviakompaniyasining Abu-Dabidan uchgan samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi va bu ikki shahar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarning ochilishi boʻldi. 

Shu munosabat bilan Toshkent xalqaro aeroportida “Air Arabia” kompaniyalar guruhi ijrochi direktori janob Adel Al Ali ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

“Biz Abu-Dabidan Toshkentga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyilganini mamnuniyat bilan eʼlon qilamiz va bizni qoʻllab-quvvatlagan barcha hamkorlarimizga minnatdorchilik bildiramiz. Bizning maqsadimiz ikki yurt odamlarini oʻzaro bogʻlash va ularning sayohatlarini qulay va arzon qilishdir. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi reyslar va yoʻnalishlar sonining koʻpayishi turizm, savdo va ishbilarmonlik faoliyatini rivojlantirish uchun muhim qadam boʻladi. Hozirda kompaniyamiz tomindan Sharjaga haftasiga olti marta reyslar amalga oshirilmoqda, endilikda Abu-Dabiga haftasiga ikkita reys qoʻshilmoqda. Biz faoliyat yuritadigan har bir mamlakatda hech boʻlmaganda kunlik reyslarni taʼminlashga intilamiz. Bu mobillikni oshiradi va potensial yoʻlovchilarimiz uchun koʻproq imkoniyatlar yaratadi”, — dedi “Air Arabia” aviakompaniyasi ijrochi direktori Adel Al Ali.

““Air Arabia” 2020-yildan beri bizning hamkorimiz. Asta-sekin parvozlar chastotasini oshirmoqdamiz. Joriy yilning noyabr oyida biz Namangandan Sharjaga reyslarni ochdik. Bugun biz yangi Abu-Dabi — Toshkent — Abu Dabi yoʻnalishini ochmoqdamiz. Bu biz uchun ham, aviakompaniya uchun ham juda muhim voqea. Buni shunday yuksak darajadagi mehmon — janob Adel Al Alining tashrifi ham tasdiqlaydi. Biz yangi aviakompaniyalarni qutlaymiz va ular uchun eng qulay sharoitlar va Oʻzbekistonga parvozlar uchun qulay tariflarni yaratishga harakat qilamiz”, — dedi “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi oʻrinbosari Bahodir Mirusmonov.

Abu-Dabi — Toshkent — Abu Dabi yoʻnalishi boʻyicha yoʻlovchi reyslari muntazam ravishda chorshanba va shanba kunlari qulay Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi. Eslatib oʻtamiz, noyabr oyi oxirida Air Arabia Sharja va Namangan oʻrtasida muntazam qatnovlarni yoʻlga qoʻygan edi.

Air Arabia — shtab-kvartirasi Sharjada (BAA) joylashgan arab arzon aviakompaniyasi boʻlib, Sharja va Aleksandriya aeroportlaridan, shuningdek, Marokashdagi toʻrtta aeroportdan Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa, MDH va boshqa mamlakatlarga yoʻlovchi tashuvlarini amalga oshiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?