Agentlik nega taassufda?

17:34 20 May 2019 Jamiyat
1376 0

Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov Facebookʼdagi sahifasida navbatdagi bayonot bilan chiqdi.

U taʼkidlab oʻtganidek, Oʻzbekistonda soʻz erkinligi va matbuot mustaqilligini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar doirasida xorijiy OAV faoliyati uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

“Soʻnggi paytda bir qator xorijiy axborot agentliklari, jumladan, “Voice of America”ning oʻzbek xizmati, “Fergana”, “Eurasianet”, “China News Service” va boshqa tashkilotlarning muxbirlari akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xorijiy axborot agentliklari va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari veb-resurslaridan toʻlaqonli foydalanishni taʼminlash boʻyicha ish olib bormoqda. Xususan, yaqinda “Ozod Yevropa radiosi / Ozodlik radiosi”ning ingliz tilidagi asosiy saytiga kirish imkoniyati tiklandi. Ushbu harakatlar yurtimizdagi keng jamoatchilik va xalqaro tuzilmalar, jumladan, YEXHT ning OAV erkinligi masalalari boʻyicha vakili Arlem Dezir tomonidan eʼtirof etildi.

Ayni paytda, Agentlik “Ozod Yevropa radiosi / Ozodlik radiosi”ning oʻzbek xizmati jurnalistik etikaning umum qabul qilingan meʼyorlariga zid ravishda faoliyat yuritayotganidan taassufda ekanini bildiradi.

“Ozodlik” tahririyatining noxolis va asosan ishonchsiz materiallarni nashr etishga qaratilgan bir yoqlama va yanglish siyosati jamoatchilik, umuman global auditoriyaning chalgʻishiga sabab boʻlib, bu vaziyat koʻplab savollarni keltirib chiqarmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy va maishiy masalalarga qasddan siyosiy tus berish, aldov yoʻli bilan maʼlumot toʻplash hamda audioyozuvlarni soxtalashtirish holatlari hayratlanarlidir.

Taʼkidlash joizki, 2018 yil sentyabr oyida Toshkentda “Ozod Yevropa radiosi / Ozodlik radiosi” rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan muloqot davomida Oʻzbekiston ikki taraflama oʻzaro manfaatli munosabatlarga tayyor ekani bildirilgan edi. “Ozodlik“ jurnalistlariga oʻzlarini qiziqtirgan maʼlumotlarni olishlarida va hukumat idoralari bilan aloqa oʻrnatishlarida koʻmaklashishni koʻzda tutuvchi hamkorlik taklif etilgan edi. Afsuski, bugunga qadar ular tomonidan hech qanday javob boʻlmadi.

Fursatdan foydalanib, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi respublika hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarini jurnalistikaning “vijdon kodeksi“ga rioya etishga va asoslanmagan fikrlar, mish-mishlar tarqatilishiga yoʻl qoʻymaslikka takroran chaqiradi.

Agentlik axborot sohasida, jumladan, OAV xodimlarining huquqlarini himoya qilish, ularning professional saviyasini koʻtarish, fuqarolik jurnalistikasini rivojlantirish, hukumat idoralari faoliyati shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatda raqobatbardosh mediabozorni yaratish borasida olib borilayotgan islohotlar doirasida hamkorlikka tayyorligi va ochiqligini yana bir bor maʼlum qiladi”, - deyiladi bayonotda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?