Adabiyotshunos Adhambek Alimbekov 70 yoshda

HANGOMALAR
Odatda, inson ustozlari sifatida bir necha kishini koʻrsatsa-da, aslida hayoti mobaynida juda koʻp kishilardan oʻrganadi, ibrat oladi. Donishmandlardan biri: “Oʻtgan har kunim — bir saboq, uchratgan har odamim — bir muallim”, — deb lutf etgan ekan.
Shayx Saʼdiy taʼbiri bilan aytganda: “Har goʻshadan bir manfaat topdim, har xirmondan bir boshoq oldim”:
Tamattoʻ ba har goʻshaye yoftam,
Zi har xirmane xoʻshaye yoftam.
Shunga oʻxshab, kaminaning ham Adhambek Alimbekovga havas qilgan, undan saboq olgan jihatlarim oz emas. Aytaylik, u kishining mendan koʻra gapga ustaroq va hozirjavobroq ekaniga tan berganman.
Bu odam avvalo oʻzining kirishimliligi, dilkashligi, hazilkashligi, hozirjavobligi bilan oʻzi kirgan har bir davraga fayz ulashadi, suhbatdoshi koʻngliga huzur bagʻishlaydi. Davra koʻrganligidan hamma yerda bayroqni olib ketadi. Lekin maʼrifatli kishi boʻlgani uchun hazillari odob-axloq doirasida. Men bu kishining sira beparda yoki bachkana hazil-huzul qilganini koʻrmaganman.
Bu soʻzga usta va samimiy, buning ustiga fikr odami boʻlgan kishi bilan sira zerikmaysan.
Adhambek Alimbekovning mana shu zarofati va fasohati mahsuli boʻlgan baʼzi soʻzlari va hangomalarini yon daftarlarimga bitib qoʻygan ekanman — ulardan ayrimlarini hamkasblar eʼtiboriga havola qilishni lozim topdim.
“Tirik klassik”
Mirpoʻlat Mirzo bir davradan erta turayotgan ekan:
— Siz qayoqqa shoshilasiz? Tirik klassikning suhbatidan bahramand boʻlaylik, — deb kinoya qilibdi Adhambek Alimbekov.
— E, shunaqami? Qolganim boʻlsin unda! — debdi Mirpoʻlat aka.
Hozirjavoblik
— Mening tarjimashunos boʻlishimga Ergash Ochilov sababchi boʻlganlar, — deb Nilufar Xoʻjayeva kaminani eʼtirof etgan edi, Adhambek Alimbekovga qarab hazillashdim:
— Koʻrdingizmi, bu yerda Amerikani kashf etganlar oʻtiribdi!
— Kolumbda bor alamim mening! — dedi u ham oʻz navbatida hozirjavoblik ham.
Qolipdagi gaplar
— Men oʻttiz yildan buyon Sharqshunoslik universitetida dars beraman. — deydi Adhambek aka. — Magistrlik dissertatsiyalari va bitiruv-malakaviy ishlari himoyasida hamisha ishlarda uslubiy gʻalizliklar va imlo xatolari borligi taʼkidlanadi. Lekin ular hech qachon tuzatilmaydi.
Maslahat
— Oʻgʻlimga bir qiz topsak, boʻyi undan besh santimetr baland ekan, — desam, Adhambek aka:
— Uylanavermaydimi — ayol tuqqach choʻkadi-ku, — dedi.
Bir juft qoʻshiq
Bahor Xolbekova anjumanlarda koʻpincha maʼruza soʻngida qoʻshiq aytib beradi. Shunga ishora qilib, Adhambek Alimbekov aytdi:
— Siz bundan keyin anjumanlarga borsangiz, bir juft qoʻshib aytib kelavering!
Muammolar
Adhambek Alimbekov tarjima va tarjimashunoslik oldida turgan muammolar haqida gapirar ekan:
— Mayli, gapiraveraylik, bir kun boʻlmasa, bir kuni amalga oshib qolar... — dedi.
Iltifot
Eshikni ochiq qoʻyib dars oʻtayotgan edim. Adhambek Alimbekov oʻtib qoldi. Chiqib soʻrashdim:
— Dars sizdan aziz boʻlibdimi? Bir soʻrashib qoʻyaylik, aka!
— E rahmat-ye! — dedi u kishi xursand boʻlib. — Sizning oʻrningizda boshqa boʻlganda dars oʻtayapman deb hatto salomimga alik olmasdi.
Vaqt gʻanimat
— Siz sira Yozuvchilar uyushmasida oʻtkaziladigan majlislarda qatnashmaysiz-a? — degan Adhambek Alimbekovga:
— Chunki mening majlislarda sovuradigan ortiqcha vaqtim yoʻq, — deb javob qildim.
Antiqa muqaddima
Sharqshunoslik institutidagi Chingiz Aytmatovga bagʻishlangan anjumanda Adhambek Alimbekov soʻzini:
— Avvalo, shuncha aqlli gaplarni hazm qilayotganlaringiz uchun hormanglar! — deb boshladi.
Ergash OCHILOV,
OʻzR Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va
folklori instituti katta ilmiy xodimi,
filologiya fanlari nomzodi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring