7 mingdan ortiq maqolasi chop qilingan xorazmlik jurnalistni bilasizmi?
Odilbek Odamboyev/“Xalq soʻzi”. Oʻzbek matbuoti tarixida oʻz oʻrni, oʻz soʻziga ega boʻlgan xorazmlik taniqli jurnalist Roʻzimboy Hasanning oʻtgan asrning 80-90-yillarida davrning ogʻriqli muammolari, xalq dardini dadil koʻtarib chiqqan maqolalari keksa va oʻrta avlod vakillarining hamon yodida. Ilk maqolasi 1968-yilda bolalar gazetasida bosilib chiqqanida 10 yashar maktab oʻquvchisi edi. Shundan buyon oradan yarim asrdan ziyod vaqt oʻtibdiki, Roʻzimboy akaning qoʻlidan qalam tushmaydi.
Roʻzimboy Hasanning ijodi bilan yurtimiz gazetxonlari juda yaxshi tanish. Uning jurnalistik faoliyati bilan bogʻliq qiziqarli faktlarni koʻpchilik bilmaydi. Gazeta taxlamlarini varaqlab hisob-kitob qilinganda aniqlandiki, oʻtgan yillar mobaynida Roʻzimboy Hasanning 7 mingdan ortiq maqolasi 40 ta nomdagi gazeta va jurnallarda chop qilinibdi!
Zamondosh hamkasblarining taʼkidlashicha, Roʻzimboy Hasan hatto oʻquvchilik paytida ham tuman gazetasining shtatdagi muxbirlaridan koʻproq yozarkan. “Turkiston” gazetasida ishlagan paytida bir sonda 2-3 ta maqolasini bosishga toʻgʻri kelib qolganda R.Hasan, R.Hasanov, H.Roʻzimov kabi imzolar qoʻyishgan. 90-yillar boshida bir vaqtning oʻzida Respublikaning uchta gazetasining Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻistondagi muxbiri boʻlib ishlagani ham jurnalistika tarixidagi kamyob hodisalardan biri.
Roʻzimboy Hasan koʻproq felyetonchi jurnalist sifatida tanilgan. Uning 50 dan ortiq felyetonlari jurnalistika fakultetida talabalarga uslubiy qoʻllanma sifatida oʻqitiladi. Gapning ochigʻi, bugungi kunda bu janrda maqola yozadigan jurnalistlar sanoqli. Roʻzimboy aka bu yoʻnalishda ijodiy faoliyatini hamon davom ettiryapti. Dolzarb mavzulardagi chiqishlari ijtimoiy tarmoqlarni titratayotgani, Roʻzimboy Hasan bugun nima haqida, kim haqida yozar ekan deb koʻpchilik uning shaxsiy sahifalarini kuzatib borayotgani ham bor gap. Ijodkorning yurt tarixi, zamondoshlari haqida 40 dan ortiq kitoblari chop etilgani, qator ssenariylari asosida hujjatli filmlar suratga olinganini ham qayd etib oʻtish lozim. Roman-esse janrida yaratgan asarlari alohida mavzu.
Kecha Prezidentimizning “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra sohadagi koʻp yillik samarali xizmatlari uchun Roʻzimboy Hasanov “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bu yuksak mukofot taniqli ijodkorning zahmatli mehnatlariga berilgan munosib baho, haqqoniy eʼtirof boʻldi! Roʻzimboy Hasan kabi jamiyatda adolat tantanasi uchun kurashuvchi oʻtyurak jurnalistlar ijodi soʻz erkinligi yoʻlidagi hayqiriq boʻlib baralla yangrayveradi!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring