2026-yil 230 ga yaqin tibbiyot muassasasida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi

12:10 03 Yanvar 2026 Jamiyat
342 0

Oxirgi 8-yilda sogʻliqni saqlash tizimiga yoʻnaltirilayotgan mablagʻ miqdori 6 karra koʻpaytirilib, 2025-yilda 42 trln. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, yangi 2026-yilda bu raqam 49 trln. soʻm boʻlishi kutilmoqda. Bu haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Unda aytilishicha, yangi yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 227 ta tibbiyot muassasasida 1,750 trln. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. 36 ta yangi obyekt barpo etilib, yana 108 ta muassasada rekonstruksiya hamda 83 ta binoda mukammal taʼmirlash ishlari olib boriladi. Loyihalarning asosiy qismi, yaʼni 209 ta obyekt butunlay yangidan boshlanadi.

Maʼlumki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga muvofiq, Samarqand viloyati sogʻliqni saqlashning yangi modelini joriy qilish boʻyicha tajriba-sinov hududi sifatida belgilab olingan edi. Unga koʻra, 2026-yildan viloyatda ushbu modelni toʻliq joriy qilish maqsadida 117 ta obyektda 479 mlrd. 300 mln. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi.

Jumladan, viloyatda birlamchi tizimni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida 1-2-tipdagi 95 ta oilaviy poliklinikaning qurilish-taʼmirlash ishlariga 360 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Shuningdek, Urgut tumanida xalqaro talablarga toʻliq javob beradigan namunaviy tipdagi yangi shifoxona barpo etish ishlari boshlanadi.

Natijada viloyatdagi 90 foizdan ortiq tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi. Hudud aholisi uchun tibbiy xizmatlar “bir qadam” tamoyili asosida koʻrsatilib, murojaatlarning 70 foizini toʻliq birlamchi boʻgʻinda hal etishga erishilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?