173 nafar sovet davri qatagʻonlari qurbonlari oqlandi

20:50 19 Dekabr 2022 Jamiyat
1309 0

Foto: Халқ сўзи

Tarixiy adolatni tiklash, mustabid tuzum davrida nohaq ayblangan, mol-mulki musodara etilib, oʻzlari quvgʻinu qatagʻonga duchor etilgan ajdodlarimizning nomini oqlash yoʻlida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2020-yil 8-oktyabrdagi “Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilingani bunga keng yoʻl ochdi.

Farmoyishning ijrosini taʼminlash maqsadida qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish, ularning xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish Respublika ishchi guruhi va qatagʻon qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanib, qatagʻon qurbonlarining nomlarini aniqlash borasida izlanishlar koʻlamini kengaytirish uchun masʼullarga vazirlik va idoralarning idoraviy arxivlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga koʻra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatagʻon qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritish belgilangan.

Bundan tashqari, Oliy sudda muayyan sabablarga koʻra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatagʻon qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari boʻyicha ishlarni amalga oshirish maqsadida ishchi guruhi tuzilgan.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida oxirgi ikki yilda sovet davrida qatagʻon qilingan 235 nafar vatandoshimiz reabilitatsiya qilinib, oqlandi.

2022-yil 12-dekabr kuni Oliy sudga yana 173 nafar shaxsga oid 4 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan oʻrganib chiqildi.

Bosh prokuror oʻrinbosari tomonidan yuqorida koʻrsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirilgan.

2022-yil 19-dekabr kuni ushbu jinoyat ishlari Oliy sud raisi oʻrinbosari Ikrom Muslimov raisligida oʻtkazilgan ochiq sud majlislarida keltirilgan ushbu iltimosnomalar va protestlar koʻrib chiqilib, qanoatlantirildi hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 4 ta jinoyat ishi boʻyicha 173 nafar shaxsga nisbatan Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.

Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi.

Mustaqillik yoʻlida fidokorona kurash olib borgan, hatto oʻz jonini fido qilgan qatagʻon qurbonlarining pok nomlari xalqimiz qalbida mangu yashaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер