1 million 166 mingdan ortiq muxlis, 3,5 milliard soʻmdan oshiq daromad
Oʻzbekistonda 2025-yilgi futbol mavsumi yakunlandi. Bu mavsum Superliga oʻyinlarini tomosha qilish uchun kelgan muxlislar statistikalarini koʻrib chiqamiz.
Dastlab umumiy maʼlumotlardan boshlasak. Professional futbol ligasi bergan maʼlumotlarga koʻra, 2025-yilda Oʻzbekiston Superligasi oʻyinlarini tomosha qilish uchun jami 1 million 166 ming 989 nafar tomoshabin tashrif buyurdi. Bu yilgi mavsum Superligada 240 ta oʻyin tashkil etilganini inobatga olsak, bu bir oʻyinni tomosha qilish uchun oʻrtacha 4 ming 863 nafardan muxlis kelganini bildiradi. Taqqoslash uchun, bu Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar kabi Osiyo mamlakatlaridan koʻra yaxshiroq natija degani.
Klublar miqyosida olib qarasak, bu yil muxlislar tashrifi boʻyicha eng yaxshi natija “Neftchi” jamoasiga tegishli boʻldi. Fargʻona klubining yil davomida oʻtkazgan 15 ta oʻyinini tomosha qilish uchun umumiy hisobda 183 ming 944 nafar tomoshabin tashrif buyurdi. Bu oʻrtacha hisobda “Istiqlol” stadioniga har oʻyinda 12 ming 263 nafardan futbol ishqibozi kelganini bildiradi.
Albatta, muxlislarning bu harakatlari natijasiz yakunlanmadi. Yil yakunida “Neftchi” klubi Oʻzbekiston Superligasida gʻalaba qozondi. Uning ustiga, aynan yil davomida 183 mingdan ziyod muxlisni oʻz bagʻriga olgan “Istiqlol” stadioni PFL tomonidan “Yil stadioni” deb topildi.
Muxlislar tashrifi boʻyicha ikkinchi oʻrinni Namanganning “Navbahor” klubi muxlislari egalladi. Ushbu klubning uy oʻyinlarini tomosha qilish uchun umumiy hisobda 144 ming 431 nafar tomoshabin stadionga keldi. Bu oʻrtacha hisobda jamoaning har bir oʻyiniga 9 ming 629 nafardan futbol shinavandalari kelganini bildiradi.
Vodiyning uchinchi nomdor klubi “Andijon” esa mazkur roʻyxatda kuchli uchlikka yakun yasaydi. “Ultras Burgut” fan-klubi yetakchiligida jamoaning oʻyinlari uchun 144 ming 209 nafar muxlis “Bobur Arena”ga tashrif buyurdi. Bu oʻrtacha hisobda har bir oʻyin uchun 9 614 nafardan tomoshabin kelganini bildiradi.
Shuningdek, muxlislarning umumiy soni 100 mingdan oshgan yana 2 ta klub bor. Biri “Dinamo”, biri “Nasaf”.
“Oq Armiya” muxlislar fan-klubi yetakchiligida “Dinamo” jamoasi oʻyinlarini tomosha qilish uchun umumiy hisobda 15 ta oʻyinga 138 mingdan ortiq, “Nasaf” klubini qoʻllab-quvvatlash uchun esa 105 mingdan ortiq futbol ishqibozi stadionlarga tashrif buyurdi.
Endi muxlislar tashrifi borasida salbiy natija qayd etgan klublar bilan tanishsak. Bu boradagi eng yomon natijalar “Mashʼal” va “Bunyodkor” klublariga tegishli boʻlib turibdi. Bu jamoalarga yana qaytamiz. Undan oldingi oʻrinda esa OKMK, “Soʻgʻdiyona” va “Shoʻrtan” jamoalari bormoqda. Ushbu 3 jamoaning biri kichik tumanda, biri kichik shaharchada joylashganini inobatga olsak, muxlislar kam ekanini tushunish mumkin. “Soʻgʻdiyona” jamoasi bilan ham shunga oʻxshash holat.
“Mashʼal” jamoasini ham tushunish mumkin. “Muborakliklar” oʻz stadionlarida muammo borligi sabab uy uchrashuvlarini Gʻuzorda oʻtkazishdi. Tabiiyki, bu muxlislarning tashrifiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi.
“Bunyodkor” klubidagi holatni ham shunday izohlash mumkin. Jahon estradasi yulduzi Jennifer Lopes “Bunyodkor” stadionida konsert berganidan soʻng, ushbu arena futbol oʻyinlarini oʻtkazishga yaroqsiz boʻlib qoldi. Natijada jamoa oʻz uy oʻyinlarini Toshkent markazidan ancha uzoqda joylashgan “Olimpiya” stadionida oʻtkazishga majbur boʻldi.
Ammo, lekin, biroq bu masalaning yana bir tomoni mavjud. “Bunyodkor” “Olimpiya” stadioniga koʻchib oʻtgandan soʻng, klub oʻyinlarini tomosha qilish uchun kelgan muxlislar soni kamaydi, deb qarash mumkin. Lekin jamoa oʻz maydonida oʻynagan davrda stadionga qancha muxlis tushardi?
PFL saytidagi maʼlumotlarga koʻra, “Bunyodkor” klubi 2025-yilgi mavsum Superliga doirasida oʻz maydonida 9 ta oʻyin oʻtkazdi va ularning 3 tasida stadionga 1000 ta ham muxlis tushmadi. “Qoʻqon-1912”, “Navbahor” va “Neftchi”ga qarshi oʻyinlarda vodiydan kelgan tomoshabinlar hisobiga, muxlislar soni 1000 tadan sal oshdi.
“Bunyodkor” stadioni Toshkent shahridagi eng qulay lokatsiyada joylashgan. 2 ta metro bekatidan chiqib kelganingizdayoq stadion koʻrinib turadi. Uning oldida avtobus bekatlari ham bor. Shuningdek, stadionning oʻng tomonida istirohat bogʻi ham joylashgan. Shunday qulay imkoniyat va joylashuvga ega boʻla turib, oʻyinlariga 1000 ta tomoshabin yigʻa olmayotgan ushbu klub vakillariga yetarlicha savollar mavjud...
Muxlislar tashrifi boʻyicha “Xorazm” jamoasi 48 ming 4 ta tomoshabin bilan 10-oʻrinni egalladi. Jamoa undan ham yuqoriroq boʻlishi mumkin edi. Ammo klub bu mavsum atigi 6 ta oʻyinni oʻz maydonida oʻtkazdi. Aynan shu omil xorazmliklarga ushbu reytingda yuqoriroq boʻlish imkonini bermadi.
Endi esa 2025-yilgi mavsumda eng koʻp muxlislarni oʻzida jamlagan 5 ta oʻyinni koʻrib chiqamiz.
5-oʻrin. “Andijon” – “Nasaf”
Superliganing 2-turidan oʻrin olgan ushbu oʻyinni tomosha qilish uchun “Bobur Arena”ga 17 ming nafar tomoshabin tashrif buyurdi. Bahs 0:0 hisobidagi durang natijasi bilan yakunlandi.
4-oʻrin. “Neftchi” – “Qizilqum”
Superliganing 29-turidan oʻrin olgan ushbu oʻyinda qoʻlga kiritiladigan gʻalaba “Neftchi” jamoasini muddatidan avval chempionga aylantirardi. Ushbu voqeani tomosha qilish uchun esa 18 867 nafar tomoshabin “Istiqlol” stadioniga tashrif buyurdi. Oʻyin “fargʻonaliklar”ning 4:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
3-oʻrin. “Andijon” – “Navbahor”
Ushbu jamoalar oʻrtasida kechadigan har qanday oʻyin katta qiziqishga sabab boʻlishini yaxshi bilasiz. Binobarin, Superliganing 18-turidan oʻrin olgan ushbu bahsni kuzatish uchun “Bobur Arena”ga 19 ming 965 nafar muxlis tushdi. Oʻyin Sergey Lushan boshqaruvidagi jamoaning 0:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
2-oʻrin. “Navbahor” – “Neftchi”
Ushbu jamoalar oʻrtasidagi oʻyinlar bu yil har yilgidan-da kattaroq qiziqishga sabab boʻldi. 19-turdan oʻrin olgan ushbu bahsni kuzatish uchun Namangan shahridagi “Markaziy” stadionga 21 ming 350 nafar tomoshabin tashrif buyurdi. Oʻyin mehmonlarning 1:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
1-oʻrin. “Navbahor” – “Shoʻrtan”
Superliganing 5-turida muxlislar tashrifi boʻyicha mavsumdagi eng yuqori koʻrsatkich qayd etildi. Bunda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqovning hissasi ham katta boʻldi. Aynan ushbu inson tashabbusi bilan oʻsha kuni muxlislar uchun stadionga kirish bepul boʻldi. Natijada “Shoʻrtan”ga qarshi oʻyinda “lochinlar”ni qoʻllab-quvvatlash uchun Namangan “Markaziy” stadioniga 25 ming 250 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.
Muhammadamin Zuhriddinov,
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring