1 yilda 15,7 milliard soʻmlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan — “Oʻzenergoinspeksiya”

17:08 27 Dekabr 2019 Jamiyat
1687 0

“Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan 2019-yilda jami 692 ta huquqbuzarlik aniqlangan boʻlib, bunda huquqbuzarlar elektr tarmoqlariga noqonuniy ravishda ulangan, va bu bilan elektr energiyadan yashirin ravishda foydalangan. Buning natijasida 488 isteʼmolchi elektr tarmoqlaridan uzib qoʻyildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Andijon viloyatida elektr energiyadan foydalanishda 107 isteʼmolchi tomonidan qonunbuzarlik sodir qilingan boʻlsa, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tegishli ravishda — 83 va 64 shunday holat aniqlangan.

Ushbu huquqbuzarliklar boʻyicha amalga oshirilgan hisob-kitoblarga muvofiq ravishda, yetkazilgan zarar boʻyicha hisobga olinmagan elektroenergiyaning qiymati qayta hisoblab chiqilgan, va bu koʻrsatkich 15 mlrd. 756 mln.soʻmni tashkil etgan. Jumladan, ushbu koʻrsatkich Samarqand viloyatida — 3 mlrd. 823 mln.soʻmni, Andijon viloyatida — 2 mlrd. 510 mln.soʻmni, Toshkent viloyatida — 2 mlrd. 333 mln. soʻmni tashkil etdi. Hozirui paytda Majburiy ijro byurosi tomonidan ushbu mablagʻlar undirilmoqda.

Noqonuniy ulanish holatlarini oʻrganish va tartibbuzarlarga nisbatan tegishli choralarning koʻrilishi Majburiy ijro byurosi, “Oʻzenergoinspeksiya” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tasdiqlangan “Elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish, energiya resurslarini talon-taroj qilish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish borasida hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar”ga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Qonun buzilishi holatlariga yaqqol namuna sifatida — elektr tarmoqqa elektr hisoblagichsiz ulanish Toshkent viloyat Boʻstonliq tumanidagi “ArchazorChimgan” MCHJ da aniqlangan. Bu yerda yetkazilgan zarar boʻyicha 1 mlrd. 213 mln.soʻm miqdorida qayta hisob-kitob amalga oshirilgan.

Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanida joylashgan “NSEB YUFK Nasos stansiyasi”da NTMI kuchlanishli transformatorning foydalanilgan elektr energiyasi hisobini yuritish tizimi buzilgan boʻlib, natijada 1 mlrd. 30 mln.soʻmlik zarar yetkazilgan.

Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Lochin obod oqoltin” fermer xoʻjaligida elektr tarmoqqa noqonuniy ulanish holati aniqlangan. Yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilinganda, u 718 mln.soʻmni tashkil etgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?