Jizzaxda osh tuzidan xlor olinmoqda

15:41 14 Aprel 2020 Iqtisodiyot
1310 0

Jizzax viloyat “Suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyatning Zarbdor tuman filialida mamlakatimizda birinchi boʻlib ichimlik suviga Janubiy Koreya davlati mutaxassislari bilan hamkorlikda “SKADA” nomli masofadan boshqariladigan raqamli texnologiya joriy etildi.

Natijada korxonadan 80 kilometr masofada joylashgan 15 ta artezian quduqlaridan olinayotgan ichimlik suvi miqdori va sarf qilinayotgan elektr energiyasi quvvatining real vaqtdagi hisoboti tuman markazidagi ofis serveri va kompyuterlarida qayt etib boriladi.

— Mazkur tizim toʻliq ishga tushganiga bir oydan ozroq vaqt oʻtdi. Yangi dastur toʻliq raqamli texnologiyalarga asoslangan. Tizim ishga tushishi bilan ichimlik suvi va elektr toki sarfi bir necha barobarga iqtisod qilinmoqda hamda suv bormaydigan xonadonlarga ham suv yetib borish imkoni vujudga keldi, — deydi Jizzax viloyat “Suv taʼminoti” MCHJ raisi Zokir Mamarasulov. — Avval quduqlarga xizmat koʻrsatish sohasida 6 nafar xodim ishlagan boʻlsa, endi ularni 2 nafar xodim uddalamoqda, boshqa xodimlar esa yangi topshiriqlarni bajarish bilan birga korxona hududidagi 2,5 sotix issiqxonada oʻz oilalari va jamoasi uchun qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirayotir.

Shuningdek, korxonaning “Taraqqiyot” QFY va markaziy suv inshootiga avtomatik ravishda boshqariluvchi zamonaviy axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Koreyaning raqamli xlorlash uskunasi oʻrnatilgan boʻlib, mazkur uskunalar oddiy osh tuzidan xlor ishlab chiqaradi. Uskunalar ichimlik suvini zararlantirish uchun xlorni belgilangan meʼyorda ishlatadi va sifatli suvni isteʼmolchilarga uzatadi. Bu esa, bugungidek pandemiya davrida aholining toza ichimlik suvi bilan taʼminlashda juda asqatmoqda.

Tolibjon ERGASHEV,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер